PQ-427-son Qaror · 27.07.2006

Umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻqitishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-427
  • Qabul qilingan sana:27.07.2006
  • Kuchga kirgan sana:27.07.2006
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 7

Kadrlar tayyorlash milliy dasturini izchil amalga oshirish, 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlaridagi oʻqitish bilan toʻliq qamrab olishni, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini maqbul ravishda rivojlantirish va joylashtirishni taʼminlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi:

“Isteʼdod” jamgʻarmasi bilan birgalikda bir oy muddatda yuqori sinf oʻqituvchilarining keyinchalik oʻrta maxsus, kasb hunar taʼlimi tizimida ishlashlari uchun qayta ixtisoslashuvini nazarda tutgan holda ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha maqsadli kurslar tashkil qilsin;

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablaridagi yuqori sinflarning tugatilishi munosabati bilan, ishidan boʻshaydigan oʻqituvchilarni, jumladan, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga eng malakali oʻqituvchilarni qabul qilish hisobiga ish bilan taʼminlash masalalarini hal etsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bir oy muddatda respublikaning oliy taʼlim muassasalari qoshida qoʻshimcha akademik litseylar tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asosli takliflar kiritsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markaziga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda hududlarning real talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda kasb-hunar taʼlimi muassasalari tomonidan kadrlar tayyorlash yoʻnalishlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritishga ruxsat berilsin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2007-yil va keyingi yillardagi Investitsiya dasturlarini shakllantirishda Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga izchil oʻtishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2003-yil 29-oktabrdagi 473-sonli qarorida belgilangan 9-sinflarni bitiruvchilarini keyinchalik akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻqishga qamrab olish koʻrsatkichlarining soʻzsiz bajarilishini nazarda tutsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda aholini ish bilan taʼminlash maqsadli hududiy dasturlarida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining bitiruvchilarini toʻliq ravishda ishga joylashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda 2006-yilning 1-sentabrigacha boʻlgan muddatda yosh mutaxassislar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlaridagi real talablarni hisobga olgan holda lavozim va kasblar roʻyxatini ishlab chiqib tasdiqlasin.

7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2006-yil 27-iyul,

PQ-427-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.