Temir yoʻl tarmoqlarini rivojlantirish, yoʻlovchi va yuk tashish samaradorligini oshirish, temir yoʻl transportida elektrlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish hisobiga sifatli xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) “Toshkent (Toʻqimachi) — Angren” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish” investitsiya loyihasini (bundan keyin matnda — loyiha deb yuritiladi) amalga oshirish uchun Germaniya hukumatining Germaniya taraqqiyot banki (bundan keyin matnda — KfV deb yuritiladi) orqali hamda Quvayt hukumatining Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi (bundan keyin matnda — QAITJ deb yuritiladi) orqali uzoq muddatli imtiyozli kreditlari jalb etildi va qurilishning umumiy qiymati 79,395 mln. AQSH dollari ekvivalentiga teng miqdorda belgilandi, shundan:
24,999 mln. yevro (ekvivalenti 31,25 mln. AQSH dollari) — loyihada nazarda tutilgan ishlarni bajarish uchun uskunalar va materiallar xarid qilishga oʻn yillik imtiyozli muddatni hisobga olgan holda 40 yil muddatga, yiliga 0,75 foizli stavka boʻyicha berilgan KfV ssudasi (bundan keyin matnda — ssuda deb yuritiladi) hisobidan;
6,2 mln. quvayt dinori (ekvivalenti 20,122 mln. AQSH dollari) — loyihada nazarda tutilgan ishlarni bajarish uchun signalizatsiya va telekommunnikatsiya tizimlari, relslar, koʻprik konstruksiyalarining temir detallarini xarid qilishga toʻrt yillik imtiyozli muddatni hisobga olgan holda 18 yil muddatga, yiliga 2,5 foizli stavka boʻyicha berilgan QAITJ qarzi (bundan keyin matnda — qarz) hisobidan;
28,023 mln. AQSH dollari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAKning shaxsiy mablagʻlari hisobidan.
b) uskunalarga profilaktik xizmat koʻrsatishni yaxshilash va loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan mahalliy xodimlar malakasini oshirishni moliyalashtirish uchun KfV tomonidan begʻaraz asosda 0,3 mln. yevro miqdorida grant berildi;
v) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK “DE-Consult” (Germaniya) konsalting kompaniyasi bilan birgalikda loyiha doirasida materiallar va uskunalar xarid qilishga tanlov savdolari oʻtkazish uchun hujjatlar ishlab chiqildi, ularning natijalariga koʻra belgilangan tartibda loyihaning uzil-kesil TIAlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
2. Quyidagilar:
loyihani moliyalashtirish rejasi 1-ilovaga muvofiq;
ssuda va qarzni toʻlash prognoz jadvallari 2 va 2a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
KfV ssudasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ssuda oluvchi hisoblanadi;
QAITJ qarzi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi nomidan qarz oluvchi hisoblanadi;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK qarz, ssuda va grant mablagʻlaridan maqsadli hamda samarali foydalanish, shuningdek loyihani samarali amalga oshirish uchun masʼul ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
“Oʻzbekenergo” DAK loyiha doirasida tashqi elektr taʼminoti obyektlarini qurish boʻyicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi. Bunda tashqi elektr taʼminoti obyektlari qurilishini moliyalashtirish “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK tomonidan shaxsiy va ssuda mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
ssuda va qarzga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq asosiy qarzni uzish, foizlar, komissiyalar va xarajatlarni toʻlash “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAKning shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri QAITJ qarz mablagʻlarini qayta kreditlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK oʻrtasidagi bitimni imzolashga vakil etib tayinlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan QAITJ oʻrtasidagi qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Loyihani amalga oshirish doirasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK va “Oʻzbekenergo” DAK tomonidan qarz, ssuda hamda grant mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan tovarlar, ishlar va xizmatlar, shuningdek “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAKning shaxsiy mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan montaj drezinasi (TN TIF kodi 8604000000) bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 27-martdagi PQ-823-sonli qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 14-15-son, 98-modda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAKning talabnomalariga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari 2010-yilgacha konsullik yigʻimi va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAKning talabnomalariga koʻra loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji va yigʻimlar toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va N.M. Xanov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 19-fevral,
PQ-582-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-582-son qaroriga 1-ILOVA
“Toshkent (Toʻqimachi) — Angren” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish” loyihasini moliyalashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-582-son qaroriga 2-ILOVA
“Toshkent (Toʻqimachi) — Angren” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish” loyihasi boʻyicha Germaniya taraqqiyot banki (KfV) ssudasini toʻlashning
Izoh: ssuda mablagʻlarini tanlab olishdan kelib chiqib prognoz parametrlar oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-582-son qaroriga 2a-ILOVA
“Toshkent (Toʻqimachi) — Angren” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish” loyihasi boʻyicha Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi (QAITJ) qarzini toʻlashning
Izoh: qarz mablagʻlarini tanlab olishdan kelib chiqib prognoz parametrlar oʻzgartirilishi mumkin.