Koʻrgazma-yarmarka faoliyati sohasida tadbirlar qatnashchilariga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va turlarini koʻpaytirish hamda “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazma majmuasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati negizida Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro savdo-koʻrgazma markazini yanada tashkillashtirish uchun shart-sharoitlarni shakllantirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan “Oʻzekspomarkaz” MKM” OAJning ilovaga* muvofiq hududi va obyektlarini shaxsiy hamda qarz mablagʻlari hisobiga moliyalashtirib qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha tayyorlandi va uni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Oʻzekspomarkaz” MKM” OAJ hududi va obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha mazkur loyihani amalga oshirish doirasida olib kelinadigan asbob-uskunalar, qurilish materiallari va mebellar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq, bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksi qurilishini tugallash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 8-noyabrdagi 386-sonli qarorining 7-bandida nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilish muddati 2011-yilning 1-mayigacha uzaytirilsin.
4. Belgilansinki, ushbu Qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar berilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar, “Oʻzekspomarkaz” MKM” OAJ hududi va obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun jalb qilingan kreditlarni toʻlashga yoʻnaltiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Oʻzekspomarkaz” MKM” OAJ hududi va obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yilgi Investitsiya dasturiga kiritsin.
6. Mazkur Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 19-sentabr,
PQ-695-son