PQ-766-son Qaror · 29.12.2007

“Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasini tugatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-766
  • Qabul qilingan sana:29.12.2007
  • Kuchga kirgan sana:29.12.2007
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 52

Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va qishloq xoʻjalik mashinasozligida boshqaruvni takomillashtirish, jahon standartlariga javob beradigan qishloq xoʻjalik texnikasini ishlab chiqarishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, tarmoq korxonalari ishi samaradorligini oshirish maqsadida:

1. “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar aksiyadorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

2. “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasini tugatish va uning korxonalarini qaytadan tashkil etish boʻyicha ilovaga* muvofiq tarkibda Hukumat komissiyasi tashkil etilsin.

* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.

3. Hukumat komissiyasi:

“Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasini tugatish boʻyicha chora-tadbirlar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasining boʻshaydigan mutaxassislarini, birinchi navbatda, qishloq xoʻjalik mashinasozligi korxonalariga ishga joylashtirish chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlasin;

bir oy muddatda, chuqur tahlil asosida, qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarilishini oqilona jamlashni, shuningdek, qayta tashkil etiladigan korxonalarning koʻchmas mulkini boʻshaydigan maydonlarda ishlab chiqarishlarni joylashtirish sharti bilan zamonaviy uskunalardan foydalanish boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilgan xorijiy investorlarga sotishni nazarda tutgan holda, tarmoq korxonalarini qayta tashkil etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda tugatilayotgan “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasining ustav kapitalidagi xorijiy qatnashchi ulushining miqdori va kompensatsiya shaklini belgilangan tartibda u bilan hal qilib olsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2007-yil 29-dekabr,

PQ-766-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.