PQ-832-son Qaror · 07.04.2008

Qishloq xoʻjalik mashinasozligini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-832
  • Qabul qilingan sana:07.04.2008
  • Kuchga kirgan sana:07.04.2008
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 4

Qishloq xoʻjalik mashinasozligi korxonalarini yanada rivojlantirish, modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash, shu asosda qishloq xoʻjaligini zamonaviy yuqori sifatli tejamli serunum texnika bilan taʼminlash, shuningdek tarmoqning eksport salohiyatini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi tomonidan qishloq xoʻjaligi ekin turlari, mexanizatsiyalashtirilgan ishlar hajmi, mavjud qishloq xoʻjalik texnikasi, shuningdek uning eskirib ishdan chiqishi va xaridlarni moliyalashtirish prognozlarini hisobga olib, 2008 — 2010-yillarda qishloq xoʻjalik texnikasiga nisbatan aniq hisoblab chiqilgan talab-ehtiyoj asosida ishlab chiqilgan:

2008 — 2010-yillarda qishloq xoʻjalik texnikasining asosiy turlarini ishlab chiqarish va sotishning prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga* muvofiq;

2008 — 2010-yillarda qishloq xoʻjalik texnikasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning prognoz parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;

2008 — 2010-yillarda “TTZ” OAJ, “Agregat zavodi” OAJ, “Texnolog” OAJ va “Chirchiqqishloqmash” OAJda ishlab chiqarishni texnikaviy qayta jihozlash chora-tadbirlari 3-ilovaga* muvofiq;

2008 — 2010-yillarda qishloq xoʻjalik texnikasini eksport qilishning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.

* 1—4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

2. Qishloq xoʻjalik texnikasiga boʻlgan har yilgi talab-ehtiyojni belgilash boʻyicha maxsus komissiya tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:

qishloq xoʻjaligi ekinlarining joylashtirilishini, ekin maydonlari va mexanizatsiyalashtirilgan ishlar hajmini hisobga olgan holda muayyan qishloq xoʻjalik texnikasiga boʻlgan yillik ehtiyojni aniqlash;

turli manbalar, jumladan lizing boʻyicha, banklar kreditlari, shuningdek qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining shaxsiy mablagʻlari hisobidan xaridlarni moliyalashtirish prognozlarini inobatga olgan holda qishloq xoʻjalik texnikasini xarid qilishning zarur hajmlarini belgilash;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, mahalliy qishloq xoʻjalik texnikasini ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda qishloq xoʻjalik texnikasini xarid qilish va uni yetkazib berish boʻyicha shartnomaviy kampaniyani oʻtkazish ishlari muvofiqlashtirilishini taʼminlash.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyundagi PF-5098-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 27-son, 605-modda)

4. “TTZ” OAJ, “Chirchiqqishloqmash” OAJ ikki oy muddatda Fargʻona, Namangan, Sirdaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda toʻliq ishlamayotgan mavjud ishlab chiqarish quvvatlari negizida ehtiyot qismlarni chiqarish va osma qishloq xoʻjalik mashinalarini yirik blokli yigʻish boʻyicha shuʼba korxonalarini barpo etish takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yili Investitsiya dasturini shakllantirishda unga belgilangan tartibda 3-ilovaga muvofiq investitsiya loyihalari kiritilishini taʼminlasin.

6. 2013-yilning 1-yanvarigacha “TTZ” OAJ Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat va hajmlarda qishloq xoʻjalik texnikasini ishlab chiqarish uchun import qiladigan butlovchi buyumlar hamda materiallar bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari)ozod etilsin, boʻshaydigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda quyidagilarga maqsadli yoʻnaltirilsin:

banklarning kreditlarini toʻlash va ularga xizmat koʻrsatish, kreditorlar oldidagi qarzlarni toʻlash;

belgilanadigan tartibda tasdiqlangan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq mavjud ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va yangilarini bunyod etish uchun zamonaviy texnologik jihozlarni xarid qilish.

Belgilansinki, mazkur Qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar berilishi munosabati bilan boʻshaydigan mablagʻlar maqsadli ishlatilmagan yoki import qilingan butlovchi buyumlar va materiallardan maqsadli foydalanilmagan hollarda bojxona toʻlovlarining tegishli summasi soliq organlarining taqdimnomasiga koʻra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona organlari tomonidan undirib olinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi yuqorida koʻrsatilgan imtiyozlarni berish natijasida boʻshaydigan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi, shuningdek, qishloq xoʻjalik texnikasini ishlab chiqarish uchun bojxona imtiyozlari qoʻllanilgan holda import qilinadigan butlovchi buyumlar va materiallardan foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

7. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi, Fermer xoʻjaliklari uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda muqobil MTPlar va servis markazlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha ularda koʻrsatiladigan xizmatlar sohasi kengaytirilishi, darajasi va sifati oshirilishini, investitsiya majburiyatlarini olish va faoliyat profilini saqlab qolish sharti bilan samarasiz muqobil MTPlarni belgilangan tartibda xususiy mulk etib sotishni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan axborotlar Vazirlar Mahkamasining majlislarida har yili koʻrib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2008-yil 7-aprel,

PQ-832-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 7-apreldagi PQ-832-sonli qaroriga 5-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi texnikasiga boʻlgan har yilgi talab-ehtiyojni belgilash boʻyicha maxsus komissiya

*

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.