Andijon viloyatining sugʻoriladigan yerlarida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini barqaror rivojlantirish va Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) Hukumatining eksport kreditlaridan foydalangan holda moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan “China National Electric Equipment” (XXR) korporatsiyasi oʻrtasida “Andijon viloyatidagi “Ulugʻnor” nasos stansiyasini qayta tiklash” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar olib kelish, shef-montaj hamda sozlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha jami 6,14 mln. AQSh dollariga teng miqdorda shartnoma tuzilgan.
2. Belgilansinki, loyihani moliyalashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining besh yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 15 yil boʻlgan, qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,2 foizli marjasini qoʻshganda yillik 3,2 foizli stavka bilan XXR Eksimbanki kredit mablagʻlarini qayta moliyalashtirish yoʻli bilan 5,22 mln. AQSh dollari miqdoridagi krediti hisobidan;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining 0,92 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanish hamda loyihaning samarali amalga oshirilishi uchun javobgar boʻlgan buyurtmachi va ijro etuvchi agentlik, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining kreditlari boʻyicha qarz oluvchi hisoblanadi;
“Oʻzsuvloyiha” OAJ “Andijon viloyatidagi “Ulugʻnor” nasos stansiyasini qayta tiklash” loyihasi boʻyicha bosh loyihalovchi hisoblanadi;
asosiy qarzni uzish, foizlar, komissiyalar va kreditga xizmat koʻrsatish hamda moliyalashtirishni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
“Andijon viloyatidagi “Ulugʻnor” nasos stansiyasini qayta tiklash” loyihasining TIAsi asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari va 2010-yilning IV-choragida yakunlash muddati bilan 1-ilovaga muvofiq;
mazkur loyihani bajarishga investitsiyalar kiritish jadvali 2-ilovaga muvofiq;
XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini toʻlash, loyiha boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlash jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mazkur loyihani moliyalashtirish uchun XXR Eksimbanki bilan yakka tartibda qarz bitimi va XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini qayta moliyalash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan kredit shartnomasini tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi nomidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining XXR Eksimbanki oldidagi toʻlov majburiyatlari boʻyicha tasdiqlovchi hujjat, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi majburiyatlari boʻyicha kafolat berishga vakil etib tayinlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qarz bitimida nazarda tutilgan shaklda Oʻzbekiston Respublikasining tasdiqlovchi hujjati va kafolati boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan, tuzilgan kontraktga muvofiq shef-montaj ishlari va texnologik uskunalarni sozlashni, shuningdek nasos stansiyasiga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga taʼlim berilishini taʼminlovchi xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari, shu jumladan koʻp martalik vizalari konsullik yigʻimi undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 10-sentabr,
957-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 10-sentabrdagi PQ-957-son qaroriga 1-ILOVA
“Andijon viloyatidagi “Ulugʻnor” nasos stansiyasini qayta tiklash” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
* Koʻrsatkichlarning yakuniy qiymati oʻtkazilgan tender va qurilish ishlarini batafsil loyihalashtirish natijalariga koʻra, shuningdek, qarz mablagʻlarining haqiqiy oʻzlashtirish summasi va sanasiga bogʻliq ravishda aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 10-sentabrdagi PQ-957-son qaroriga2-ILOVA
“Andijon viloyatidagi “Ulugʻnor” nasos stansiyasini qayta tiklash” loyihasini bajarish uchun investitsiyalar kiritish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 10-sentabrdagi PQ-957-son qaroriga3-ILOVA
XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini soʻndirish, “Andijon viloyatidagi “Ulugʻnor” nasos stansiyasini qayta tiklash” loyihasi boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlash
* Asosiy qarzni toʻlashning dastlabki sanasi kredit shartnomasi kuchga kirish sanasiga bogʻliq.
** Komissiyalar va foizlar kreditning haqiqiy summasi, yetkazish (tanlab olish) sanasi va kredit shartnomasining kuchga kirish sanasiga bogʻliq.
*** Kreditni tanlab olish davri prognoz hisoblanib, kredit shartnomasining kuchga kirish sanasiga bogʻliq.