Tijorat banklari depozitlariga aholi va xoʻjalik subyektlari boʻsh pul mablagʻlarini jalb etishni yanada ragʻbatlantirish, pul mablagʻlarini bank aylanmasiga yoʻnaltirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqqan Tijorat banklari depozitlariga aholi va xoʻjalik subyektlari boʻsh pul mablagʻlarini jalb etishni yanada ragʻbatlantirish qoʻshimcha chora-tadbirlari kompleksi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Mazkur qaror ilovasida koʻrsatilgan Kompleks chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik Markaziy bank, tijorat banklari va boshqa tuzilmalar rahbarlari zimmasiga yuklansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari mijozning birinchi talabiga binoan banklarning barcha filiallari tomonidan aholi omonatlari boʻyicha naqd pul mablagʻlari berilishini taʼminlash yuzasidan qatʼiy nazoratni oʻrnatsin.
Aholiga ularning depozit hisobraqamlaridan naqd pul mablagʻlari berilishining belgilangan tartibi buzilgan holatlarda, tijorat banklari va ularning hududiy boʻlinmalari hamda filiallari rahbarlarini egallab turgan lavozimlaridan ozod etishgacha boʻlgan qatʼiy choralar koʻrilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Vazirlar Mahkamasining “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 24-sentabrdagi 445-son qaroriga muvofiq plastik kartochkalar yordamida toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha terminallar bilan jihozlanishi kerak boʻlgan chakana savdo va pullik xizmatlar sohasi obyektlari roʻyxatini qayta koʻrib chiqsin hamda kengaytirsin;
Toshkent shahri, viloyat va tuman markazlari, viloyatlarga qarashli shaharlardagi savdo hamda toʻlov xizmatlari sohasi obyektlarini bosqichma-bosqich toʻlov terminallari bilan jihozlash jadvalini tasdiqlasin.
Belgilansinki, mazkur roʻyxatga kiritilgan savdo va xizmat koʻrsatish sohasi korxonalari tomonidan toʻlov terminallari bilan jihozlash hamda ulardan foydalanish talablariga rioya etilmaganligi nazorat-kassa mashinalarini oʻrnatish hamda foydalanish tartibi, savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarini buzishga tenglashtiriladi, shuningdek ular zimmasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik yuklanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari:
savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida toʻlovlarni plastik kartochkalar orqali qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallarining mavjudligi hamda ulardan majburiy ravishda foydalanish ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin;
savdo va nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish hamda hisob-kitob terminallaridan foydalanish qoidalari buzilishi, shuningdek plastik kartochkalardan foydalangan holda toʻlovlarni qabul qilishdan noqonuniy boʻyin tovlash holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari qoʻllasin;
savdo va xizmat koʻrsatish korxonalar tomonidan toʻlovlarni plastik kartochkalar orqali amalga oshirishda hisob-kitob terminallaridan foydalanish masalalari boʻyicha tezkor ravishda chora koʻrish uchun xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki bilan birgalikda har bir mintaqada mijozlarning arizalarini, shu jumladan “ishonch telefonlari” orqali murojaatlari koʻrib chiqilishini hamda kelib tushadigan murojaatlarning zudlik bilan tekshirilishini tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bir oy muddatda tovarlar hamda xizmatlarni chek bermasdan sotish, nazorat-kassa mashinalari va hisob-kitob terminallaridan foydalanishning belgilangan tartibini buzganligi uchun chakana savdo subyektlari javobgarligini jinoiy javobgarlikkacha qatʼiy kuchaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-aprel,
PQ-1090-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 6-apreldagi PQ-1090-son qaroriga ILOVA
Tijorat banklari depozitlariga aholi va xoʻjalik subyektlari boʻsh pul mablagʻlarini jalb etishni yanada ragʻbatlantirish