PQ-1053-son Qaror · 05.02.2009

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi jihozlanishini yaxshilash boʻyicha Yaponiya hukumati grantidan samarali foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-1053
  • Qabul qilingan sana:05.02.2009
  • Kuchga kirgan sana:05.02.2009
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 2

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi jihozlanishini yaxshilash boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish uchun beriladigan Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Yaponiya Hukumati Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi jihozlanishini yaxshilash boʻyicha loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 441 mln. yena (4,9 mln. AQSH dollari) miqdorida grant berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E.M.Gʻaniyev Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya Hukumati oʻrtasidagi Almashuv notasini hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan Yaponiya Hukumatining mazkur grantini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan grant Bitimini imzolashga vakil etib tayinlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga mazkur grantni olish uchun Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda barcha zarur tartib-qoidalarni rasmiylashtirish vazifasi yuklansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi ushbu loyihani amalga oshirish doirasida beriladigan mazkur grant hisobidan olib kelinadigan uskunalar, buyumlar va materiallar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda mazkur loyiha doirasida olib kelinayotgan uskunalar, buyumlar va materiallardan maqsadli hamda samarali foydalanilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihada qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihaning xorijiy qatnashchilariga koʻp martalik vizalar berish, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda taʼminlasin.

8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2009-yil 5-fevral,

PQ-1053-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.