PF-3099-son Farmon · 27.06.2002

Oʻzbekiston Respublikasida naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3099
  • Qabul qilingan sana:27.06.2002
  • Kuchga kirgan sana:27.06.2002
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 6-7

Yagona toʻlov vositasi sifatida milliy valyutani mustahkamlash hamda uning xarid qobiliyatini oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd xorijiy valyuta muomalasi toʻgʻrisida amaldagi qonunchilik talablarini soʻzsiz bajarish maqsadida:

1. 2002-yilning 1-iyulidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik hamda jismoniy rezident va norezident shaxslar tomonidan barcha turdagi tovarlar, ishlar va xizmatlar haqini toʻlashda naqd xorijiy valyuta bilan hisob-kitob va toʻlovlarni amalga oshirishlari taqiqlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan respublika hududida naqd xorijiy valyuta muomalasi toʻgʻrisidagi amaldagi qonunchilik soʻzsiz bajarilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar, qonunbuzarlik hollari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan qatʼiy choralar qoʻllanilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda havo qatnovi toʻgʻrisida xorijiy davlatlar bilan tuzilgan hukumatlararo bitimlarni mazkur Farmon talablarini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqsinlar hamda Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflarni kiritsinlar.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.

6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.

7. Mazkur Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2002-yil 27-iyun,

PF-3099-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.