Kosmosni tadqiq etish va astronomiya sohasidagi mavjud salohiyatdan kompleks hamda samarali foydalanish, kosmik tadqiqotlar va texnikaning zamonaviy yutuqlari mamlakat iqtisodiyotining ustuvor sohalari hamda tarmoqlariga joriy etilishini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston kosmik tadqiqotlar davlat agentligi (“Oʻzbekkosmos”) tugatilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Kosmik tadqiqotlar markazi tashkil etilib, Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti, Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti, Chirchiq “Kompozit” tajriba-eksperimental zavodi, RT—70 Radioastronomik observatoriya uning tarkibiga kiritilsin.
3. “Granit” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tarkibiga oʻtkazilsin.
“KOINOT” ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining uni Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
4. “Kosmik fazoni tadqiq etish va foydalanish boʻyicha strukturalar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 11-dekabrdagi PF-506-son Farmonining 4 va 5-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 26-sentabr,
PF-3135-son