PF-3159-son Farmon · 06.11.2002

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga isteʼmol tovarlari olib kelinishini tartibga solish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 11-iyuldagi PF-3105-son Farmoniga qoʻshimchalar kiritish haqida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3159
  • Qabul qilingan sana:06.11.2002
  • Kuchga kirgan sana:06.11.2002
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 10-11

Respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar olib kelish chogʻida bojxona qonunchiligi qatʼiy va soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida:

1. “Oʻzbekiston Respublikasi hududiga isteʼmol tovarlari olib kelinishini tartibga solish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 11-iyuldagi PF-3105-son Farmoni mazmuni quyidagicha boʻlgan 4-band bilan toʻldirilsin:

“4. Belgilab qoʻyilsinki, 2002-yilning 10-noyabridan boshlab bojxona qonunchiligini buzgan holda koʻp va juda koʻp miqdordagi tovarlar olib oʻtilgan taqdirda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan tovarlar hamda shunday maqsadlarda foydalanilgan transport vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat egaligiga oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi ushbu Farmonning qoidalari ogʻishmay bajarilishini taʼminlasinlar, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida joylardagi davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda amaldagi qonunchilikning qoida va talablari hamda ularni buzganlik uchun javobgarlik aholi oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasinlar”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 11-iyuldagi PF-3105-son Farmonining 4, 5 va 6-bandlari tegishli ravishda 5, 6 va 7-bandlari deb hisoblansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining manfaatdor vazirliklari va idoralari bilan birga oʻn kun muddatda amaldagi qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.

4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.A. Azizov zimmasiga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2002-yil 6-noyabr,

PF-3159-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.