PF-339-son Farmon · 11.02.1992

Oʻzbekiston Respublikasida moliya organlarini boshqarish tashkiliy tuzilmasini va narx belgilash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-339
  • Qabul qilingan sana:11.02.1992
  • Kuchga kirgan sana:11.02.1992
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 4

Kelishilgan yagona moliya, soliq va narx siyosatini amalga oshirish, respublika iqtisodiyotining moliyaviy sogʻlomlashuvini taʼminlash, bozor munosabatlari shakllanishi sharoitida narx-navoni tartibga solishning iqtisodiy usullari ahamiyatini kuchaytirish maqsadida:

1. Respublika hududida narxlarga doir davlat siyosatini oʻtkazish vazifalari Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligiga topshirilib, uning apparati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat narxlar komitetining apparati bilan birlashtirilsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddat ichida mazkur Farmonning 1-bandi talablariga muvofiq hududiy boʻlinmalar va narx boʻlimlari markaziy apparatini moliya organlari bilan birlashtirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishlari zarur.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining zimmasiga:

respublika hududida yagona moliya, soliq va narx siyosatini shakllantirish hamda oʻtkazish, bozor iqtisodiyotiga oʻtish sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholini ijtimoiy muhofaza qilishning barqaror moliyaviy negizini vujudga keltirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;

moliyani va narx belgilashni boshqarish tizimini takomillashtirishga, qimmatbaho qogʻozlar bozorini vujudga keltirishga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishning moliyaviy jihatlariga oid takliflarni ishlab chiqish;

valyuta-moliya siyosatining asosiy qoidalarini, respublikaning valyuta boyliklarini koʻpaytirish va ulardan samarali foydalanishga doir taklifni ishlab chiqish;

uzoq muddatli moliyaviy meʼyorlar va normativlar asosida respublika budjetini tuzish va ijro etish, yigʻma moliyaviy balansni ishlab chiqish;

narxlar va tariflarni iqtisodiy jihatdan tartibga solish choralarini amalga oshirish, ularni erkinlashtirish yoʻlini izchillik bilan oʻtkazish vazifasi yuklansin.

4. SSSR Davlat narxlar komitetiga qarashli narx belgilash ilmiy-tadqiqot institutining Oʻrta Osiyo boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligiga boʻysundirilib, u Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Moliya va narx ilmiy-tadqiqot institutiga aylantirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tuzilmasi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi va vazirlik haqidagi Nizomni tasdiqlashi zarur.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1992-yil 11-fevral,

PF-339-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.