“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga asoslanib, fuqarolarning din erkinligi va diniy ehtiyojlarini hurmat qilib, shuningdek diniy tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash va uzviy hamkorlikni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzurida Din ishlari boʻyicha komitet tashkil qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, komitet oʻz faoliyatini “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa tegishli qonun hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilgan holda olib boradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha komitet zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal qilish yuklatilsin:
davlat organlarining respublika hududida joylashgan diniy tashkilotlar bilan bahamjihat harakati va hamkorlikni oʻrnatish:
diniy masalalarni hal qilishda viloyatlar, shaharlar va rayonlarning hokimlari bilan birgalikda yagona siyosatni oʻtkazish:
qonunda belgilangan tartibda roʻyxatga olingan respublikadagi diniy tashkilotlarning manfaatlarini davlat siyosatida ifoda etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonga asoslanib bir hafta muddat ichida Din ishlari boʻyicha komitet toʻgʻrisidagi tegishli qarorni qabul qilsin va uning Nizomini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 7-mart,
PF-359-son