PQ-406-son Qaror · 10.07.2006

“Qarshitermoplast” davlat korxonasini qayta tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-406
  • Qabul qilingan sana:10.07.2006
  • Kuchga kirgan sana:10.07.2006
  • Holati:Amalda

Ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha yagona texnologiya siklini taʼminlash, respublika iqtisodiyotining polietilenni qayta ishlash mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish hamda neft-gaz tarmogʻining eksport salohiyatini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasining “Qarshitermoplast” davlat korxonasini “Shoʻrtan GKK” shuʼba korxonasiga qoʻshish yoʻli bilan uni qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Qarshitermoplast” davlat korxonasini qayta tashkil etish va uni davlatning mulkiy hissasi sifatida “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi ustav jamgʻarmasiga topshirish boʻyicha tadbirlarni belgilangan tartibda amalga oshirsin.

3. Belgilansinki, “Shoʻrtan GKK” shuʼba korxonasi “Qarshitermoplast” davlat korxonasining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

4. “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi bir oy muddatda “Qarshitermoplast” korxonasining topshirilayotgan ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari majmuini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Ushbu chora-tadbirlarda xomashyo bilan barqaror taʼminlash, zarur aylanma mablagʻlarni ajratish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali loyiha quvvatiga erishish, uni eksport qilishni kengaytirish nazarda tutilsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2006-yil 10-iyul,

PQ-406-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.