PF-3267-son Farmon · 20.06.2003

Xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar tomonidan tayyor isteʼmol mollari ishlab chiqarishni koʻpaytirishni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3267
  • Qabul qilingan sana:20.06.2003
  • Kuchga kirgan sana:20.06.2003
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 6-7

Yuqori sifatli raqobatbardosh tayyor isteʼmol mollari ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda ularning turlarini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish, ichki isteʼmol bozorini shunday mollar bilan yanada koʻproq toʻldirish, qoʻshma korxonalar barpo etishga xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. Belgilab qoʻyilsinki, 2003-yilning 1-iyulidan to 2005-yilning 1-yanvariga qadar tayyor kiyim-kechak (tikuvchilik, trikotaj va charm buyumlar), paypoqlar va poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xorijiy sarmoya ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalari budjetga toʻlanadigan qoʻshimcha qiymat soligʻidan tashqari barcha turdagi soliq va yigʻimlardan ozod qilinadilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol mollari ishlab chiqarish va savdo kompleksi, xoʻjalik tuzilmalari bilan birga oʻn kun muddatda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan soliq imtiyozlari joriy etiladigan subyektlar roʻyxatini aniqlasinlar hamda imtiyozlarni qoʻllash va boʻshagan mablagʻlardan maqsadli foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.

2. Belgilansinki, ushbu Farmonning 1-bandiga muvofiq boʻshaydigan mablagʻlar ishlab chiqarishni texnika bilan qayta qurollantirish va modernizatsiyalash, yangi turdagi tayyor mahsulotlarni oʻzlashtirishga, oʻzining aylanma mablagʻlarini toʻldirishga, xodimlar mehnatini ragʻbatlantirishga sarflanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi boʻshaydigan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.

Soliq solishdan ozod qilingan mablagʻlardan maqsadli foydalanilmagan hollarda ana shu mablagʻlar toʻla hajmda davlat budjetiga undirib olinadi hamda amaldagi qonunchilikda koʻzda tutilgan jarima jazolari qoʻllaniladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda:

amaldagi qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;

idoraviy normativ hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiq holga keltirsin.

4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R. S. Azimov va M. Z. Usmonov zimmalariga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2003-yil 20-iyun,

PF-3267-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.