Mamlakatimizning xalqaro obroʻsi va nufuzini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy salohiyatini, mudofaa qudratini yuksaltirish, sarhadlarimizning tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, millatlararo doʻstlik va totuvlikni qaror toptirish, jamoat tartibini va huquq-tartibotni mustahkamlash, islohotlarni amalga oshirish, yosh avlodni milliy istiqlol gʻoyalari ruhida tarbiyalash borasida fidokorlik namunalarini koʻrsatayotgan vatandoshlarimizning mehnatlarini munosib taqdirlash maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi munosabati bilan:
1. “Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishoni taʼsis etilsin.
2. “Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishonining Nizomi va tavsifi tasdiqlansin (“Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishoni toʻgʻrisidagi Nizom va uning tavsifi ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 18-iyul,
PF-2899-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 18-iyuldagi PF-2899-sonli Farmoniga1-ILOVA
“OʻZBEKISTON MUSTAQILLIGINING 10 YILLIGI” ESDALIK NIShONI TOʻGʻRISIDA
1. “Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishoni bilan mamlakatimizning xalqaro obroʻsi va nufuzini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy salohiyatini, mudofaa qudratini yuksaltirish, sarhadlarimizning tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, millatlararo doʻstlik va totuvlikni qaror toptirish, jamoat tartibini va huquq-tartibotni mustahkamlash, islohotlarni amalga oshirish, yosh avlodni milliy istiqlol gʻoyalari ruhida tarbiyalash borasida fidokorlik namunalarini koʻrsatayotgan ziyolilar, fan va madaniyat namoyondalari, ishchi va xizmatchilar, jamoa xoʻjaliklari aʼzolari, tadbirkorlar, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va boshqalar taqdirlanadilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar “Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishoni bilan ushbu Nizomning birinchi bandida koʻrsatilgan xizmatlari uchun taqdirlanishi mumkin.
3. “Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari tomonidan amalga oshiriladi.
4. “Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishoni va taqdirlash toʻgʻrisidagi hujjat taqdirlanganlarga tantanali vaziyatda vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, Toshkent shahri, viloyatlar, tuman va shahar hokimlari tomonidan topshiriladi.
5. “Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishoni qoʻkrakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 18-iyuldagi PF-2899-sonli Farmoniga 2-ILOVA
“OʻZBEKISTON MUSTAQILLIGINING 10 YILLIGI” ESDALIK NIShONI
“Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanib, diametri 34 millimetrli doira shakliga ega boʻladi.
Esdalik nishonining kumush rang bilan hoshiyalangan old tomonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “OQ SAROY” qarorgohi binosi fonida Amir Temur haykali tasvirlangan.
Esdalik nishoni yuqori qismiga doira boʻylab “OʼZBEKISTON MUSTAQILLIGINING 10 YILLIGI” soʻzlari yozilgan.
Nishonning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi va “2001” yozuvi tasvirlangan.
Tasvirlar va yozuv qabariqdir.
Esdalik nishoni halqacha va ilgakcha yordamida, koʻk rangdagi muhayar lenta bilan oʻralgan kolodka bilan tutashtiriladi.