PF-2084-son Farmon · 02.10.1998

Aksiyadorlik tijorat banklari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-2084
  • Qabul qilingan sana:02.10.1998
  • Kuchga kirgan sana:02.10.1998
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 10-11

Tijorat banklari faoliyatini boshqarishda aksiyadorlarning rolini oshirish, bank xodimlarini ishga yollashning shartnoma tizimiga oʻtkazish, kreditlar berish hamda ularning qaytarilishini taʼminlash uchun bankning rahbar va ijroiya organlari javobgarligini oshirish, shuningdek xususiy banklar tashkil etish jarayonini ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Quyidagilar tasdiqlansin:

Aksiyadorlik tijorat banki toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq;

1-ilova rus tilidagi matnida beriladi.

Aksiyadorlik tijorat banki Kengashi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom 2-ilovaga* muvofiq.

* 2-ilova berilmaydi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki shu yilning oxiriga qadar tijorat banklari, Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan Namunaviy nizomga muvofiq aksiyadorlik tijorat banklarining Kengashlari tuzilishini taʼminlasin.

Bunda banklarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirishga hamda aksiyadorlar sarmoyasini qoʻshimcha ravishda jalb etishga, banklarning faoliyatini boshqarishda aksiyadorlarning roli va masʼuliyatini oshirishga, banklarning xodimlarini ishga yollashning shartnoma tizimiga oʻtkazishga eʼtibor qaratilsin.

Yuqoridagilarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga maxsus komissiya tuzish tavsiya etilsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi PF-5189-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)

4. Aksiyadorlik tijorat banki Kengashi:

bank filiallarining Boshqaruvi va rahbarlari bilan birgalikda bankni samarali boshqarishni tashkil etish, mazkur Namunaviy nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiq kreditlar berilishi va ularning oʻz vaqtida qaytarilishi uchun javobgar boʻlishi;

bank Boshqaruvi raisi va aʼzolarini tayinlashi;

bank Boshqaruvi raisi bilan mehnat shartnomasi tuzishi belgilab qoʻyilsin.

5. Aksiyadorlik tijorat banklariga quyidagilar tavsiya etilsin:

ikki oy muddatda qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz nizomlari va ichki meʼyoriy hujjatlarini ushbu Farmon bilan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlarga muvofiq holga keltirish;

1998-yilning oxirigacha aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlari oʻtkazilishini tashkil qilib, ularda banklar Kengashlarining tarkiblarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash. Bank Boshqaruvi raisi va aʼzolarining belgilangan tartibda bank Kengashi tomonidan tayinlanishini taʼminlash;

Boshqaruv raisining va bank ichki audit xizmati rahbarining har chorakdagi maʼruzalarini Kengash huzurida muntazam tinglab borishni amaliyotga joriy qilish.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga quyidagilar tavsiya qilinsin:

tijorat banklarining faoliyati ustidan nazoratni oshirish, ular tomonidan operatorlik vazifalarini amalga oshirish boʻyicha talablarni kuchaytirish zarur hollarda banklar tomonidan aksiyadorlik tijorat banklari faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi va aksiyadorlarning huquqlari kamsitilganligi uchun ularga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish, hatto bank litsenziyasini qaytarib olish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlarning hokimlari bilan birga bir oy muddatda xususiy sarmoya ishtirokidagi aksiyadorlik tijorat banklarini tashkil qilishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini, shu jumladan yangi tashkil etilayotgan hamda ishlab turgan tijorat banklarining ustav kapitaliga aholi hamda xususiy tadbirkorlarning boʻsh pul mablagʻlarini investitsiyalash jozibadorligini oshirish, moddiy-texnika bazasini shakllantirish, shuningdek xodimlar bilan taʼminlash, ularni oʻqitish va malakasini oshirish chogʻida shunday banklarga amaliy yordam koʻrsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda:

(7-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-noyabrdagi PF-4055-sonli Farmoni bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2008-y., 48-son, 470-modda)

ikki oy muddat ichida tijorat banklari oldidagi qarzdorlikni restrukturizatsiyalash dasturini ishlab chiqib, tasdiqlasin, bunda Hukumat qarorlariga binoan kechiktirilgan kreditlarni belgilangan muddatlarda toʻliq toʻlash mexanizmini koʻzda tutsin.

8. Oʻzbekiston banklari uyushmasiga quyidagilar tavsiya etilsin:

tijorat banklari va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda banklarning mijozlarini va ehtimol tutilgan sarmoyadorlarni oʻzlarining erkin pul mablagʻlarini banklar tomonidan chiqariladigan aksiyalarga maqbul tarzda joylashtirishlari uchun keng axborot bilan taʼminlash borasidagi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirish;

1998-yilning 1-dekabriga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda banklarning moliyaviy holatini mustaqil reyting kompaniyalari baholarining natijalari bilan ommaviy axborot vositalarida muntazam suratda yoritib borish choralarini koʻrish;

1998-yilning oxirigacha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi huzuridagi sugʻurta nazorati boʻyicha Davlat inspeksiyasi bilan birgalikda bank omonatlarini notijorat tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilish tizimini yanada rivojlantirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Adliya vazirligi, boshqa tegishli vazirliklar va idoralar oʻzlarining meʼyoriy hujjatlarini ushbu Farmon qoidalariga muvofiq holga keltirsinlar.

10. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F. M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1998-yil 2-oktabr,

PF-2084-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.