Fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari oʻlchamlarini maqbullashtirish asosida ular faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida:
1. Fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari oʻlchamlarini maqbullashtirish va fermer xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ularni birlashtirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash boʻyicha maxsus komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Maxsus komissiya (Sh.M. Mirziyoyev) joyiga chiqqan holda:
haqiqatan fermer xoʻjaliklari tasarrufida boʻlgan yer uchastkalari maydonlarini viloyatlar kesimida rayonlashtirilgan hududlar boʻyicha chuqur va puxtalik bilan xatlovdan oʻtkazsin, ulardan qanchalik oqilona foydalanilayotganligi, yer uchastkasi fermer xoʻjaligining faoliyati samaradorligini qay darajada taʼminlayotganini oʻrganib chiqsin;
fermer xoʻjaliklarining moliyaviy ahvoli va moddiy-texnika bazasining holatini tanqidiy tahlil qilsin;
fermer xoʻjaliklarining zarur texnika bilan taʼminlanganligiga, fermerlarning oʻz xoʻjaligini puxta va samarali yuritish qobiliyatiga alohida ahamiyat bersin;
oʻtkazilgan xatlov va fermer xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini chuqur tahlil qilish asosida har bir rayonlashtirilgan hudud boʻyicha fermer xoʻjaliklari uchun yer uchastkasining maqbul namunaviy oʻlchamini belgilab, mazkur xoʻjaliklar faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutsin. Bunda rayonlashtirilgan hududlarning oʻziga xos sharoitlari — ushbu hududlardagi qishloq aholisining zichligi, ularning ish bilan bandligi hamda xoʻjaliklarning tarmoq boʻyicha ixtisoslashuviga (paxtachilik, gʻallachilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, chorvachilik va boshqalar) alohida eʼtibor qaratsin.
3. Maxsus komissiya (Sh.M. Mirziyoyev) 2008-yil 15-noyabrgacha koʻrsatilgan masalalar ustida puxta ishlash va tahlil qilish asosida har bir rayonlashtirilgan hudud boʻyicha fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish, maqbul namunaviy maydonga ega boʻlmagan kichik fermer xoʻjaliklarini birlashtirish mexanizmi va tartibi yuzasidan aniq takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 6-oktabr,
F-3077-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 6-oktabrdagi F-3077-son farmoyishiga ILOVA
Fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari oʻlchamlarini maqbullashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida takliflarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiya
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari