PF-1831-son Farmon · 26.08.1997

Xorijiy sarmoyalari boʻlgan korxonalar ishlab chiqaradigan mahsulot eksportini ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1831
  • Qabul qilingan sana:26.08.1997
  • Kuchga kirgan sana:26.08.1997
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 8

Respublikaning eksport salohiyatini kengaytirish, xorijiy sarmoyalari boʻlgan korxonalarning valyuta bilan oʻzini oʻzi qoplash imkoniyatini oshirish, ular tomonidan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni hamda eksportga yetkazib berishni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. 1997-yilning 1-sentabridan boshlab oʻzi ishlab chiqaradigan mahsulotni erkin almashtiriladigan valyutaga eksport qiluvchi xorijiy sarmoyalari boʻlgan ishlab chiqarish korxonalari uchun quyidagi qoʻshimcha imtiyozlar va afzalliklar belgilansin:

oʻzi ishlab chiqargan mahsulotga eksport boj toʻlovlari bekor qilinsin;

xaridorlarga xizmat qiluvchi tijorat banklarining kafolatlari mavjud boʻlgan hamda amaldagi qonunlarda koʻzda tutilgan valyuta daromadi tushumi muddatlariga rioya etilgan taqdirda oʻz mahsulotini oldindan haq toʻlamasdan va akkreditiv ochmasdan eksport qilish huquqi berilsin;

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son — 2020-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)

chet ellarda tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlari hamda ishlab chiqarayotgan mahsulotni reklama qilish maqsadida savdo uylari hamda vakolatxonalari ochib, ularga konsignatsiya shartlari asosida tovarlar yetkazib berishga ijozat berilsin;

(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli Farmoniga asosan 2020-yil 1-avgustdan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son)

korxonalar oʻzi ishlab chiqaradigan eksport mahsulotining kontrakt narxlarini shartnoma asosida mustaqil shakllantirishlari belgilab qoʻyilsin.

(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-apreldagi PF-5398-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 06/18/5398/1004-son)

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 14-maydagi PF-2841-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 105-modda)

3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotning noqonuniy olib chiqib ketilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin, amaldagi qonunlarni buzuvchilarga nisbatan maʼmuriy, shu jumladan jinoiy javobgarlik kabi qatʼiy choralarni qoʻllasin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1997-yil 26-avgust,

PF-1831-son

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 10-oktabrdagi PF-1870-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.