Yoʻl-transport infratuzilmasini va sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini rivojlantirish va obodonlashtirish, shuningdek, Urganch shahrining meʼmoriy-rejaviy qiyofasini milliy anʼanalarga, zamonaviy shaharsozlik va sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq tubdan oʻzgartirish, yangi uy-joylar va ijtimoiy soha obyektlarini, shahar yoʻl va muhandislik kommunikatsiyalari tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish hisobiga shaharning kompleks rivojlanishini taʼminlash asosida Xorazm viloyati aholisining yashash sharoitlari va turmush sifatini tubdan yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Xorazm viloyati hokimligi, “OʻzshaharsozlikLITI” DUK tomonidan puxta ishlab chiqilgan, jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan Urganch shahrining 2030-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi maʼqullansin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
Urganch shahri chegaralarini rejali va bosqichma-bosqich kengaytirish hamda asosan shimoli-gʻarbiy yoʻnalishda (Shovot, Gurlan) imoratlar qurish hisobiga shaharsozlik faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirish, shahar hududini funksional zonalashtirish asosida yerlardan oqilona foydalanishni taʼminlash;
“Shovot” kanali shahar uchastkasini uning oʻzanini betonlash yoʻli bilan rekonstruksiya qilish, uning boʻyida mintaqaning tuproq-iqlim sharoitlariga mos keladigan zamonaviy landshaft arxitekturasi va yashil manzarali daraxtzorlarni qoʻllagan holda sohilboʻyi rekreatsion zonasini shakllantirish, shahar aholisining, eng avvalo, yoshlar va turistlarning dam olishi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun yangi bogʻlar va zamonaviy madaniy-koʻngilochar obyektlar barpo etish;
Urganch shahrining tashqi meʼmoriy qiyofasini sifat jihatidan tubdan oʻzgartirish, koʻchalar, mahallalar va turar joy mavzelarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish, ekologik jihatdan zararli ishlab chiqarishlarni bosqichma-bosqich shahar tashqarisiga olib chiqish, keyinchalik boʻshaydigan hududlarda savdo va aholiga xizmat koʻrsatish obyektlari oʻrnatilgan zamonaviy shinam uy-joylar qurish va ijtimoiy infratuzilmani kompleks rivojlantirish;
kompleks va oʻzaro bogʻliq yoʻl-transport infratuzilmasini shakllantirish, Al-Xorazmiy, Xiva, Beruniy, Yoshlik va boshqa magistral koʻchalarni rekonstruksiya qilish, Kichik va aylanma Katta halqa yoʻllari qurilishini tugallash, shuningdek, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha zamonaviy obyektlarni barpo etish va yoʻlovchi transporti parkini yangilash hisobiga aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish asosida shaharning transport tarmogʻini tubdan yaxshilash;
shaharning zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish, eng avvalo, aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, elektr taʼminoti, issiqlik va gaz taʼminoti, sanitariya jihatidan tozalash va yer osti suvlarini pasaytirish tizimlarini yanada modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-oktabrdagi F-3921-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Ishchi komissiya tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va Xorazm viloyati hokimligi ishtirokida ishlab chiqilgan:
2013 — 2017-yillarda Urganch shahrining bosh rejasiga muvofiq infratuzilmani rivojlantirish va obodonlashtirish chora-tadbirlari dasturi 1* va 2-ilovalarga muvofiq:
2013-yilda Urganch shahrida transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlashning manzilli dasturi 3-ilovaga muvofiq;
2020-yilgacha boʻlgan davrda Xorazm viloyatining yoʻl-transport infratuzilmasini hamda suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish dasturi 4* va 5-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Ishchi komissiya (Sh.M. Mirziyoyev) zimmasiga:
vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Chora-tadbirlar dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarga muvofiq sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyalari;
zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining taqdimnomalariga koʻra, bajariladigan ishlarning bosqichlari, hajmlari va muddatlarini maqbullashtirish maqsadida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini hisobga olgan holda Chora-tadbirlar dasturiga tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish.
4. Xorazm viloyati hokimligi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va “OʻzshaharsozlikLITI” DUK bilan birgalikda Urganch shahrining bosh rejasiga muvofiq:
2013-yil 1-fevralgacha Urganch shahri shahar chegarasi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2013-yil 1-aprelgacha shaharning funksional zonalaridan va 2013 — 2017-yillar davrida Urganch shahrining infratuzilmasini rivojlantirish va obodonlashtirish chora-tadbirlari dasturiga kiritilgan obyektlarni keyinchalik joylashtirishdan kelib chiqqan holda Urganch shahrini batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqsin;
5. Xorazm viloyati hokimligi buyurtmachi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yili 1-iyulgacha ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari asosida kelgusi yilda obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning manzilli roʻyxatlari shakllantirilishini va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligiga taqdim etilishini, keyinchalik ular Ishchi komissiya tomonidan tasdiqlanishini taʼminlasin.
6. Ishchi komissiya (Sh.M. Mirziyoyev) uch oy muddatda 6-ilovaga* muvofiq “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tuzilmalarida qoʻshimcha 7 ta ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotini shakllantirish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin, bunda ularni yangi zamonaviy texnika bilan, shu jumladan lizing asosida jihozlashni, taʼsischi tashkilotlar mablagʻlari hisobiga zarur aylanma mablagʻlar ajratishni, malakali kadrlar bilan toʻldirishni nazarda tutsin.
* 1, 4, 5, 6-ilovalar berilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda 2013-yil 1-yanvargacha koʻp yillik tadqiqotlar asosida mutaxassis olimlar tomonidan tavsiya etilgan va mintaqaning tuproq-iqlim sharoitlariga javob beradigan, mintaqaning sanitariya-ekologik muhitini yaxshilashga va yer osti suvlari sathini pasaytirishga koʻmaklashadigan manzarali daraxtlar va butalarning istiqbolli navlarini yetishtirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan oʻrmon koʻchatzorini tashkil etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda har yili Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda moliyalashtirishning aniq manbalari va hajmlarini koʻrsatgan holda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Dasturlar doirasida amalga oshirilishi moʻljallangan obyektlar kiritilishini nazarda tutsin..
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi:
Chora-tadbirlar dasturiga kiritilgan qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan va taʼmirlanayotgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazish;
obyektlarni Urganch shahri qurilishining bosh rejasiga qatʼiy muvofiq holda barpo etishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi, shuningdek, noqonuniy qurilish va yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qatʼiy arxitektura-qurilish nazorati tashkil etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;
10. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Dasturga kiritilgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlashda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan asbob-uskunalar, materiallar va priborlar 2018-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatga bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin..
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 6-dekabr,
PQ-1874-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 6-dekabrdagi PQ-1874-son qaroriga2-ILOVA
2013 — 2017-yillar davrida Urganch shahrining meʼmoriy qiyofasini yangilash, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha tadbirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 6-dekabrdagi PQ-1874-son qaroriga3-ILOVA
2013-yilda Urganch shahri transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlashning manzilli dasturi