PQ-2190-son Qaror · 18.06.2014

Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2190
  • Qabul qilingan sana:18.06.2014
  • Kuchga kirgan sana:23.06.2014
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 25

Qurilish sohasida lizing xizmatlarini yanada rivojlantirish, zamonaviy qurilish texnikasi, mashina va mexanizmlar, kichik mexanizatsiya vositalari va maxsus transport bilan jihozlash asosida qurilish tashkilotlari texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining, shuningdek Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asakabank” DATB, “Oʻzsanoatqurilishbank” OATB va manfaatdor aksiyadorlik kompaniyalari kengashlarining aksiyadorlik jamiyati shaklidagi, ustav fondi 22,0 mlrd soʻm miqdorida boʻlgan Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasini tashkil etish, ulushlarni 1-ilovaga muvofiq taʼsischilar oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

qurilish texnikasi, mashina va mexanizmlar, kichik mexanizatsiya vositalari va maxsus transportlarni lizing boʻyicha yetkazib berish boʻyicha marketing tadqiqotlari oʻtkazish, qurilish tashkilotlarining buyurtmalarini yigʻish, umumlashtirish va tahlil qilish;

oʻz mablagʻlari va qonunchilikda belgilangan boshqa moliyaviy manbaalari hisobidan mahalliy va xorijiy korxonalarda qurilish texnikasini ishlab chiqarish va xarid qilish boʻyicha buyurtmalarni joylashtirish;

buyurtmalarga muvofiq ishlab chiqariladigan va yetkazib beriladigan qurilish texnikasini shartnoma asosida, birinchi navbatda qurilish pudrat tashkilotlari Reyestriga kiritilgan korxonalarga, lizing yoki ijaraga berish;

qurilish texnikasi xarid qilishga maqsadli yoʻnaltiriladigan kompaniyaning resurslarini shakllantirish uchun mablagʻlarni, shu jumladan xorijiy banklar va boshqa xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalarini jalb etish.

3. Boshqaruv xodimlari soni 33 nafar kishidan iborat Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasining ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Lizing kompaniyasi boshqaruvi raisiga, zarur hollarda, boshqaruv xodimlarining tasdiqlangan soni doirasida kompaniyaning ijro etuvchi apparati tuzilmasiga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda, belgilangan tartibda Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” lizing kompaniyasini joylashtirish uchun ijara asosida qulay bino ajratsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi va boshqa taʼsischilar bilan birgalikda bir oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasini taʼsis yigʻilishini oʻtkazib, belgilangan tartibda taʼsis hujjatlarini tasdiqlashni, shuningdek kompaniyani davlat roʻyxatidan oʻtkazishni va yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirishni taʼminlasin.

6. Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish tashkilotlarini yanada rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 3-martdagi PQ-2137-sonli qarorining 6-bandida nazarda tutilgan boj toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar joriy etilsin.

7. Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda viloyatlarda kompaniyaning filiallarini tashkil etsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2014-yil 18-iyun,

PQ-2190-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 18-iyundagi PQ-2190-son qaroriga 1-ILOVA

Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasi ustav fondidagi ulushlarning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 18-iyundagi PQ-2190-son qaroriga 2-ILOVA

Respublika ixtisoslashtirilgan “Qurilishmashlizing” kompaniyasining ijro etuvchi apparati

Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi Taftish komissiyasi Kuzatuv kengashi Ichki audit 2 Boshqaruv raisi Boshqaruv raisi oʻrinbosari Kadrlar boʻlimi 1 Qurilish texnikasiga boʻlgan ehtiyojni oʻrganish va buyurtmalarni joylashtirish boʻlimi 3 Buxgalteriya 2 Moliya-iqtisodiyot boʻlimi 3 Shartnomaviy-huquqiy boʻlim 3 Qimmatli qogʻozlar boʻlimi 2 Umumiy boʻlim 2 Kompaniyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi vakillari 13

Umumiy cheklangan soni — 39 nafar,

shu jumladan boshqaruv xodimlari soni — 33 nafar.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.