PQ-2256-son Qaror · 31.10.2014

Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2256
  • Qabul qilingan sana:31.10.2014
  • Kuchga kirgan sana:10.11.2014
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 45

Betakror isteʼdodi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʻusini, oliyjanob insoniy fazilatlarni yuksak pardalarda tarannum etgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga qoʻshgan ulkan hissasini inobatga olib hamda tavalludining 100 yilligini munosib nishonlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va jamoatchilik vakillarining Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qoʻmita bir oy muddatda Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini yuqori saviyada nishonlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

Ushbu rejada:

shoiraning oʻzbek tilida “Saylanma” asarlarini, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan sheʼriy toʻplamlarini;

“Zulfiya zamondoshlari xotirasida” kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;

shoiraning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida “Mustaqillik davri adabiyotida Zulfiya ijodining ahamiyati” mavzusida ilmiy konferensiya oʻtkazish;

mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish;

2015-yil mart oyida Toshkent shahridagi “Turkiston” saroyida ziyolilar, faol xotin-qizlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari hamda keng jamoatchilik ishtirokida shoira xotirasiga bagʻishlangan ijodiy kecha oʻtkazish tadbirlari koʻzda tutilsin.

4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2014-yil 31-oktabr,

PQ-2256-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 31-oktabrdagi PQ-2256-son qaroriga ILOVA

Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita

Izoh: tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.