PQ-2273-son Qaror · 17.12.2014

“Mahalla” maʼrifiy teleradiokanalini tashkil etish va raqamli telekoʻrsatuvlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2273
  • Qabul qilingan sana:17.12.2014
  • Kuchga kirgan sana:22.12.2014
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 51

Respublika aholisini, ayniqsa yoshlarni demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, ijtimoiy masalalarni hal etishda mahalla institutining roli va ahamiyati toʻgʻrisida keng xabardor qilish, shuningdek eng avvalo oʻsib kelayotgan avlodni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, oila qadriyatlarini mustahkamlash, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, keksalarga va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga manzilli yordam koʻrsatish, bandlikni taʼminlash, odamlarning ijtimoiy-maishiy yashash sharoitlarini yaxshilash va hududlarni obodonlashtirish sohasida mahalla faoliyati tajribasini har taraflama yoritish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining keng jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlangan quyidagi:

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida davlat unitar korxonasi shaklidagi yangi kechayu-kunduz ishlaydigan raqamli respublika “Mahalla” maʼrifiy teleradiokanalini tashkil etish;

“Mashʼal” radiokanalini “Sport” teleradiokanali” davlat unitar korxonasi (DUK)dan yangi tashkil etilayotgan “Mahalla” teleradiokanali tarkibiga mavjud shtat birligi va belgilangan xarajatlar smetasi bilan birga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Quyidagilar “Mahalla” teleradiokanali” DUK faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:

oʻzbek xalqining koʻp asrlik tarixi davomida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi sifatida shakllangan noyob milliy tuzilma — mahalla institutining jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishdagi, aholi uchun hayotiy muhim ijtimoiy masalalarni yechish, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga oʻtishdan iborat maqsadli vazifaga erishishdagi roli va ahamiyati toʻgʻrisida mamlakatimiz aholisini keng xabardor qilish, shuningdek mahallaning har tomonlama rivojlanishini va samarali faoliyat yuritishini taʼminlaydigan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish tajribasini yoritish;

jamiyatda yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni qaror toptirishda, milliy urf-odatlar va anʼanalarni avaylab-asrash va hurmat qilish, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash va mustahkamlashda, joylarda jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni taʼminlashda mahalla institutining roli va ahamiyatini namoyon etadigan dasturlar yaratish;

oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilalarda sogʻlom maʼnaviy-axloqiy sharoitni, oʻzaro hurmat va totuvlik muhitini shakllantirish, keksalarga boʻlgan gʻamxoʻrlik va eʼtiborni kuchaytirish, oʻsib kelayotgan avlodni, ayniqsa qizlarni tarbiyalashga koʻmaklashish, erta nikohlarning oldini olish, yigit va qizlarni sogʻlom va mustahkam oila qurish uchun maʼnaviy-ruhiy jihatdan tayyorlash, toʻy hamda boshqa tantana va marosimlarni ortiqcha dabdabalarsiz oʻtkazishni, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga manzilli moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatishni tashkil qilish yuzasidan namunali mahallalar faoliyatining ilgʻor tajribalarini ommalashtirish boʻyicha teleradiodasturlar tayyorlash;

aholi bandligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilikni va oilaviy biznesni rivojlantirish, mahalla ijtimoiy infratuzilmasining darajasi va sifatini oshirish, bolalar va sport maydonchalarini jihozlash, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, atrof muhitni muhofaza qilish masalalarini yechishda mahalla faoliyatini keng yoritish;

mahallalarning pensiya, ijtimoiy va tibbiy taʼminot, xalq taʼlimi, madaniyat va sport organlari, jamoat tuzilmalari bilan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga doimiy eʼtiborda boʻlish, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, diniy maʼrifat, kasb-hunar kollejlari va litsey bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash masalalarida ijtimoiy hamkorlik qilishni kengaytirish, shuningdek ushbu masalalarda qonunchilikka rioya qilinishi va davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimida mahalla funksiyalarini kuchaytirish boʻyicha teleradiodasturlar tashkil etish.

(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

3. Quyidagilar:

“Mahalla” teleradiokanali” DUK xodimlarining cheklangan shtat soni 154 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 10 nafar, ulardan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi korxona va tashkilotlar xodimlari sonini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladigan xodimlar soni 91 nafar boʻlgan tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimi xodimlarining umumiy shtat soni 4 657 nafar, ulardan boshqaruv xodimlari soni 213 nafar boʻlgan yangilangan tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq;

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi markaziy apparatining xodimlari cheklangan shtat soni 230 nafar, ulardan boshqaruv xodimlari soni 58 nafar boʻlgan tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“Mahalla” teleradiokanali” DUK xodimlariga Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining faoliyat koʻrsatayotgan teleradiokanallari xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etilsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki, 2014-yilning oxirigacha “Mahalla” teleradiokanali” DUKni moliyalashtirish Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi korxona va tashkilotlar xodimlarining shtat sonini maqbullashtirish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, 2015-yildan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

5. Yangi tashkil etilayotgan “Mahalla” teleradiokanali” DUK Toshkent shahar, Navoiy koʻchasi, 69-uy manzilidagi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi binolariga joylashtirilsin.

6. 2015-yilning 1-yanvaridan boshlab, raqamli formatda televizion koʻrsatuvlarning oʻrtacha sutkalik hajmlari 4-ilovaga muvofiq belgilansin, bunda 2015 — 2020-yillarda “Navo” telekanalini bosqichma-bosqich oʻz xarajatlarini oʻzi toʻliq qoplashga oʻtkazilishi hamda “Madaniyat va ma'rifat”, “Dunyo bo'ylab”, “Kinoteatr” telekanallari va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining hududiy boʻlinmalari xarajatlarini moliyalashtirishda budjetdan tashqari daromadlar ulushining koʻpaytirilishi nazarda tutilsin.

7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2014-yil 17-dekabr,

PQ-2273-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 17-dekabrdagi PQ-2273-son qaroriga 1-ILOVA

“Mahalla” teleradiokanali” davlat unitar korxonasining

Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 154 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 10 nafar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 17-dekabrdagi PQ-2273-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimining tashkiliy

Xodimlarning umumiy soni — 4 657 nafar, shundan boshqaruv xodimlari — 213 nafar, budjet tashkilotlari ishchilari soni — 2 841,5 nafar, shundan boshqaruv xodimlari — 172 nafar; xoʻjalik hisobidagi korxonalar ishchilari soni — 1 815,5 nafar, shundan boshqaruv xodimlari — 41 nafar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 17-dekabrdagi PQ-2273-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi markaziy apparatining

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi markaziy apparati xodimlarining cheklangan soni — 230 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 58 nafar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 17-dekabrdagi PQ-2273-son qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi orqali raqamli formatda televizion koʻrsatuvlarning

* Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi korxonalarining raqamli formatdagi Oʻzbekiston MTRKning teleradiokanallar va hududiy boʻlinmalari mahsulotlarini uzatish va tarqatish xizmatlari uchun toʻlanadigan xarajatlar budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi (telemahsulotlarni analog shaklda uzatish va tarqatishda ushbu xizmatlarning amaldagi toʻlov tartibi saqlanib qolinadi).

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.