Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 22-fevraldagi PF-4782-sonli Farmoni ijrosini bajarish hamda nogironlar, yolgʻiz keksalar va aholining boshqa hojatmand qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-apreldagi PQ-4290-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 07/19/4290/2959-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
markaziy apparat tuzilmasida — hududiy moliya bosh boshqarmasida boshqaruv xodimlari soni 3 nafardan iborat boʻlgan, muhtoj oilalar va fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarni tayinlash va toʻlash monitoringini amalga oshirish shuʼbasini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boʻlimlari tuzilmasida — boshqaruv xodimlari soni 2-3 nafardan iborat boʻlgan, muhtoj oilalar va fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarni tayinlash va toʻlash monitoringini amalga oshirish shuʼbasini;
tumanlar (shaharlar) moliya boʻlimlari tuzilmasida — boshqaruv xodimlari soni 1 nafar, ishlab chiqarish xodimlarining soni fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish xodimiga biriktiriladigan fuqarolar sonidan kelib chiqib, oʻrnatilgan shtat normativlariga muvofiq muhtoj oilalar va fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarni tayinlash va toʻlash monitoringini amalga oshirish shuʼbalarini tashkil etsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi PQ-3052-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-apreldagi PQ-4290-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 07/19/4290/2959-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidan oʻtkazilayotgan reabilitatsiya markazlari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish muassasalarining kadrlar tarkibini tibbiyot muassasalarini optimallashtirish natijasida boʻshayotgan tibbiyot xodimlari hisobidan mustahkamlash choralarini koʻrsin.
6. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 2-oktabrdagi PQ-700-sonli qarorining 1 — 7-ilovalari;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 24-fevral,
PQ-2499-son