PF-4954-son Farmon · 14.02.2017

Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-4954
  • Qabul qilingan sana:14.02.2017
  • Kuchga kirgan sana:16.02.2017
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 7

Avtomobil yoʻllari va sunʼiy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanish jarayoniga kompleks yondashish asosida yoʻl xoʻjaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, loyihalashtirish va yoʻl-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan toʻlaqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida:

1. Tugatilayotgan Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (“Oʻzavtoyoʻl” DAK) negizida Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi tashkil etilsin.

2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi:

majburiyatlar va shartnomalar, shu jumladan, xalqaro shartnomalar boʻyicha Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasining (“Oʻzavtoyoʻl” DAK) huquqiy vorisi hisoblanadi;

avtomobil yoʻllari sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

3. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:

avtomobil yoʻllari sohasida yagona texnika siyosatini olib borish;

avtomobil yoʻllarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

avtomobil yoʻllari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;

avtomobil yoʻllarining xalqaro tranzit yoʻlaklarini shakllantirish;

zamonaviy transport oqimi sharoitlarida avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olib, avtomobil yoʻllarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, taʼmirlash va ulardan foydalanish masalalari kompleks hal etilishini taʼminlash hamda buyurtmachi xizmatining samarali faoliyatini tashkil etish;

avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshirish;

xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarining mavjud tarmogʻi saqlanishini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtirish, ularning yuqori transport-foydalanish darajasida boʻlishini taʼminlash;

ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash sohasida innovatsion texnologiyalar va zamonaviy standartlarni joriy etish;

avtomobil yoʻllari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, chet ellarda oʻquv-amaliyot kurslari va seminarlar tashkil etish.

4. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tashkil etilsin.

6. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yoʻl qurilishi ishlarida, yoʻl-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

qurilishi tugallangan yoʻl obyektlarini foydalanishga qabul qilish boʻyicha komissiyalar ishida qatnashish;

yoʻl qurilishi yuzasidan shaharsozlik qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar kiritish va unda ishtirok etish;

yoʻl-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib borish.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysundirilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari tushumi hamda sarfining yillik va choraklik hisobotlarini shakllantirish;

yoʻl xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlashning nomma-nom roʻyxatlarini belgilangan tartibda kelishish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan foydalanish va ularni saqlash xarajatlari smetasini roʻyxatdan oʻtkazish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, jihozlash hamda ulardan foydalanish borasidagi tadbirlarni tasdiqlangan xarajatlarga muvofiq moliyalashtirish.

8. Belgilansinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga mablagʻlarni yigʻish va tushumlarning toʻliqligini nazorat qilish funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga, Davlat bojxona qoʻmitasiga va Ichki ishlar vazirligiga yuklanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlaridan asosli va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklanadi;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlariga, shu jumladan, avtomobil yoʻllarini mukammal taʼmirlash obyektlarining ish hujjatlarini va avtomobil yoʻllarini jihozlash boʻyicha tanlov hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha buyurtmachi funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasiga yuklanadi;

(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli qaroriga tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar va yigʻimlar umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy yigʻimlar hisoblanadi, ularning miqdori har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti tasdiqlanishi bilan bir vaqtda belgilanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan tartibda:

bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etishni hamda 2017-2018-yillarda hududiy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlarini nazarda tutadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini kiritsin;

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Hukumat qarorini qabul qilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllari qurish va ulardan foydalanishni boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 19-avgustdagi PF-3292-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

12. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 14-fevral,

PF-4954-son

Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.