Korxonalarda zamonaviy va jahon darajasida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan texnologiyalarni ildam surʼatlar bilan oʻzlashtirish, mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatdoshligini yanada oshirish, shu asosda sanoat tarmoqlarining barqaror rivojlanishini va eksport salohiyatining oʻsishini taʼminlash, shuningdek, energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi standartlarining iqtisodiyotga faol tatbiq etilishini taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, sanoat tarmoqlari korxonalari texnologik jihozlari va texnologiyalarining texnik auditini oʻtkazish davomida asosiy ishlab chiqarish fondlarining zamon talablariga qay darajada mosligi borasidagi texnik holati 1-ilovaga* muvofiq oʻrganib chiqildi.
2. Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda oʻtkazilgan texnik audit natijalarini oʻrganish asosida 2017 — 2020-yillar davrida sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan asbob-uskunalarini zamonaviy, jahon darajasida sinovdan oʻtganlari bilan almashtirgan holda ularni ekspluatatsiyadan olib tashlash va yangilash boʻyicha ishlab chiqilgan maqsadli parametrlari 2- va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki 2017 — 2020-yillar davrida, mazkur qaror doirasida, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy uskunalar va butlovchi buyumlarni xarid qilish uchun balans hisob-kitoblarida valyuta mablagʻlarini asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha hisobga olsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-2998-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 419-modda)
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
texnik audit oʻtkazish natijalariga koʻra hisobdan chiqarilayotgan, jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan texnologik uskuna va jihozlar faqat “Oʻzmetkombinat” AJ va “Oʻzbekiston lom, rangli metallar parchalari va chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” AJ boʻlinmalariga qora va rangli metallar parchalari tarzida erkin shartnomaviy narxda majburiy tartibda sotilishi, tushgan mablagʻlar zamonaviy uskunalar xarid qilishga maqsadli yoʻnaltirilishi lozim;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-yanvardagi PF-5300-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 06/18/5300/0557-son)
hisobdan chiqarilayotgan texnologik uskuna va jihozlarning qora va rangli metallar parchalari tarzida sotilishidan tushgan daromadlar soliqqa tortilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha, ushbu qarorga muvofiq, jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan uskunalar va jihozlarni ekspluatatsiyadan olib tashlash hamda yangilash doirasida olib kelinadigan texnologik uskunalar, materiallar va butlovchi buyumlar 2021-yilning 1-yanvariga qadar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona yigʻimlari bundan mustasno).
8. Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarga sanoat tarmoqlari korxonalari boshqaruv organlarining yigʻilishida, oʻtkazilgan texnik audit natijalariga koʻra ularda aniqlangan jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan texnologik uskuna va jihozlarini belgilangan tartibda qoldiq qiymati boʻyicha hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish tavsiya qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslarining rahbarlari vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda:
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning tarkibiga kiruvchi sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan mashina-uskunalarini ekspluatatsiyadan olib tashlash va yangilashning tegishli kalendar yili boʻyicha har chorakdagi tarmoq jadvallari va manzilli roʻyxatlari 10-yanvarga qadar tasdiqlanishini;
2018 — 2020-yillar davrida sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan mashina-uskunalarini zamonaviy, jahon darajasida sinovdan oʻtganlari bilan almashtirgan holda ularni ekspluatatsiyadan olib tashlash va yangilashning tasdiqlangan maqsadli parametrlari bajarilishini monitoring qilsin va komplekslarning yigʻilishlarida har chorakda koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasining kelgusi yilgi rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda ularga sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan asbob-uskunalarini zamonaviy, jahon darajasida sinovdan oʻtganlari bilan almashtirgan holda, ularni yangilash loyihalarini kiritishni nazarda tutsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2020-y., 06/20/5370/0975-son)
11. Sanoat tarmoqlari korxonalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2017 — 2021-yillarda sanoat tarmoqlari korxonalari boʻyicha ishlab chiqarish xarajatlarini, birinchi navbatda, jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan asbob-uskunalarni toʻliq modernizatsiyalash va yangilash, ishlab chiqarishda energiya resurslari isteʼmolini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish, texnologiya jarayonlarini va moddiy-xom ashyo resurslari sarflanishi meʼyorlarini ratsionallashtirish hisobiga kamaytirish, ekspluatatsiya va noishlab chiqarish sarf-xarajatlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yoʻli bilan qisqartirish boʻyicha ishlab chiqilgan yigʻma va maqsadli parametrlari 4- va 5-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 1 — 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslarining rahbarlari vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda:
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tarkibiga kiruvchi sanoat tarmoqlari korxonalarining ishlab chiqarish xarajatlarini ushbu qaror bilan maʼqullangan 2017 — 2021-yillarda tarmoq boʻyicha tegishli kalendar yilida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishning maqsadli parametrlari asosida qisqartirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarning 10-yanvarga qadar tasdiqlanishini;
sanoat tarmoqlari korxonalarida 2017 — 2021-yillarda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yuzasidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning monitoring qilinishi hamda komplekslarning yigʻilishlarida har chorakda koʻrib chiqilishini;
oʻtkazilayotgan monitoring yakunlariga koʻra, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish boʻyicha maqsadli parametrlarga erishish toʻliqligi va samaradorligidan kelib chiqqan holda sanoat tarmoqlari korxonalari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish yoki shaxsiy javobgarligini oshirish yuzasidan choralar qoʻllanilishini taʼminlasin.
12. Belgilansinki, tasdiqlangan meʼyoriy-texnik hujjatlar doirasida texnologiya jarayonlarini ratsionallashtirish hamda moddiy-xom ashyo va energiya resurslarini sarflash meʼyorlarini optimallashtirish, bir yilga hisoblaganda ekspluatatsiya va qoʻshimcha xarajatlarni kamaytirish, xodimlar sonini optimallashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobiga ishlab chiqarish sarf-xarajatlarining qisqarishi natijasida mahalliylashtirish darajasining pasayishi 2017 — 2021-yillarda Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 21-iyuldagi 154-sonli qarori bilan tasdiqlangan Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablarini buzish hisoblanmaydi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzdavenergonazorat” DI, “Oʻzdavneftgazinspeksiya” DI, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi mazkur qaror bilan tasdiqlangan maqsadli parametrlar bajarilishini oʻrganish boʻyicha tizimli ishni tashkil qilsin hamda oʻtkazilayotgan ish yakunlari boʻyicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etib tursin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslarining rahbarlariga jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan uskunalarni ekspluatatsiyadan olib tashlash va yangilashning har chorakdagi tarmoq jadvallari va manzilli roʻyxatini tasdiqlashda sanoat tarmoqlari korxonalarining asosli takliflari boʻyicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan maqsadli parametrlarga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 22-dekabr,
PQ-2692-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2692-son qaroriga 1-ILOVA
Sanoat tarmoqlari korxonalari asosiy ishlab chiqarish fondlarining zamon talablariga mosligi jihatidan
* 2015-yil oktabr — dekabr oylarida texnologik uskunalari holati oʻrganilgan toʻqimachilik sanoati korxonalari uskunalarini hisobga olmagan holda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2692-son qaroriga 2-ILOVA
Sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan asbob-uskunalarini zamonaviy, jahon darajasida sinovdan oʻtgan uskunalar bilan almashtirgan holda ularni ekspluatatsiyadan olib tashlash va yangilash boʻyicha 2017-yilga moʻljallangan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2692-son qaroriga 3-ILOVA
2018 — 2020-yillar davrida sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan asbob-uskunalarini zamonaviy, jahon darajasida sinovdan oʻtgan uskunalar bilan almashtirgan holda ularni ekspluatatsiyadan olib tashlash va yangilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2692-son qaroriga 4-ILOVA
2017-yilda sanoat tarmogʻi korxonalari kesimida ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish
* Jahon narxlari konyunkturasi oʻzgarganligi munosabati bilan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlarning qiymati pasayganligini hisobga olmagan holda.
** Budjet va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlarni hisobga olmagan holda ishlab chiqarish xarajatlariga nisbatan tushish foizi.
*** Tannarxining bandma-band tushirilishi oʻrtacha foiz koʻrsatkichi chegarasida almashib turishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2692-son qaroriga 5-ILOVA
2018 — 2021-yillarda sanoat tarmogʻi korxonalari kesimida ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish
* Jahon narxlari konyunkturasi oʻzgarganligi munosabati bilan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlarning qiymati pasayganligini hisobga olmagan holda.
** Budjet va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlarni hisobga olmagan holda ishlab chiqarish xarajatlariga nisbatan tushish foizi.