PQ-2834-son Qaror · 15.03.2017

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2834
  • Qabul qilingan sana:15.03.2017
  • Kuchga kirgan sana:16.03.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 11

VIII-IX asrlarda Sharqda yashab ijod etgan ulugʻ alloma Muhammad al-Xorazmiy matematika, geometriya, astronomiya, tarix, geografiya va boshqa fanlarga doir koʻplab risolalar yozgan. U “nol” raqamini va oʻnlik sanoq tizimini hamda qutblar koordinatalarini birinchilardan boʻlib asoslab bergan va amaliyotga tatbiq etgan. Muhammad al-Xorazmiy algebra faniga va algoritmlashtirish nazariyasiga asos solgan, ilmiy maʼlumot va traktatlarni bayon etishning aniq qoidalarini ishlab chiqqan.

Oʻnlik sanoq tizimi, algebra va algoritmlashtirish yoʻnalishlarida dunyo ilm-fani rivojidagi xizmatlari umumeʼtirof etilgan Sharq olimlari orasida faqat Muhammad al-Xorazmiyning asarlari va nomi ilmiy davralarda faol qoʻllanib kelinayotgan “algoritm” va “algebra” kabi zamonaviy ilmiy atamalarda abadiylashtirildi. Bugungi kunda yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bajarilayotgan barcha hisoblash amallariga buyuk olim Muhammad al-Xorazmiyning ilmiy kashfiyotlari asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Ulugʻ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, asrab-avaylashning naqadar muhimligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish, shuningdek, yoshlarga taʼlim-tarbiya berish va ilm-fanning yuksak marralarini zabt etish uchun shart-sharoitlar yaratish hamda respublika iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari va sohalari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga (keyingi oʻrinlarda Universitet deb yuritiladi) Muhammad al-Xorazmiy nomini berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab Universitetda ulugʻ alloma Muhammad al-Xorazmiyning nomini abadiylashtirish hamda uning buyuk va bebaho merosini keng oʻrganish bilan bogʻliq quyidagi tadbirlarni amalga oshirsin:

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalarida taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning mustahkam aloqalarini taʼminlash uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida respublika va xalqaro koʻlamda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish;

oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, shu jumladan, dasturiy mahsulotlarni yaratish borasida tanlov va olimpiadalar oʻtkazish;

Universitetning iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyani joriy etish;

respublikaning yetakchi olimlari, xususan, akademiklar va fan arboblari ishtirokida oliy taʼlim muassasalari talabalari, yosh olimlar, professor-oʻqituvchilar bilan ilmiy uchrashuvlar hamda davra suhbatlarini tashkil etish;

matematik modellashtirish, algoritmlash va kriptologiya sohalarida, kompyuter va dasturiy injiniring, telekommunikatsiya va televizion texnologiyalari, axborot xavfsizligi yoʻnalishlarida zamonaviy oʻquv adabiyotlarini ishlab chiqish, ularning multimediali avlodlarini yaratish hamda talabalar, olimlar va pedagoglarning ushbu oʻquv adabiyotlaridan erkin foydalanishlari uchun ularni elektron resurslarga joylashtirish;

ommaviy axborot vositalarida hamda ZiyoNet milliy taʼlim tarmogʻida ulugʻ alloma, qomusshunos olim Muhammad al-Xorazmiyning hayoti va ijodini yorituvchi maqola va materiallarni berib borish;

zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilm-fanning yangi qirralarini tadqiq etish uchun yangi oʻquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish;

iqtidorli talabalar, yosh olimlar va professor-oʻqituvchilarning istiqbolli ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari va ilmiy maqolalari davriy ravishda eʼlon qilib boriladigan “Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” nomli ilmiy jurnalni taʼsis etish;

2018-yilda Muhammad al-Xorazmiy tavalludining 1235-yilligini keng nishonlash yuzasidan ilmiy-amaliy va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-avgustdagi PQ-5234-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2021-y., 07/21/5234/0826-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-avgustdagi PQ-5234-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2021-y., 07/21/5234/0826-son)

5. Universitet qoshida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) tashkil etilsin va uning mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib mobil aloqa xizmatlari koʻrsatadigan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent rakamidan foydalanganlik uchun toʻlanadigan toʻlovdan tushadigan mablagʻlarning 1,0 foiz miqdoridagi ajratmalar (Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga yuridik shaxslar tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlanadigan toʻlovlardan tushadigan mablagʻlar hisobidan) va Oʻzbekiston Respublikasida konun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar belgilansin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3415-sonli karori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 07/17/3415/0345-son)

6. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

Universitet uchun oʻquv darsliklar va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, shu jumladan, xorijiy adabiyotlarni xarid qilish, uning iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya xarajatlarini qoplash va “Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” nomli ilmiy jurnal nashr etilishini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;

Universitetning axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tanlov asosida moliyalashtirish, ularning ilmiy va oʻquv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar, zarur sarflanuvchi materiallar va butlovchi qismlar bilan taʼminlash;

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-avgustdagi PQ-5234-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2021-y., 07/21/5234/0826-son)

Universitetning iqtidorli talabalari, professor-oʻqituvchilari va yosh ilmiy xodimlarini yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, Universitetda dars berish va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va olimlarni jalb qilish.

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-avgustdagi PQ-5234-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2021-y., 07/21/5234/0826-son)

Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish vazifasi Universitetning Vasiylik kengashiga yuklansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda:

Universitet va Markazning tuzilmasini va ustavini tasdiqlasin hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori loyihasini kiritsin;

boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga va tijorat banklariga Universitetning buyurtmanomalari boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xorijdan sotib olinadigan zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar, butlovchi qismlar hamda xorijiy ilmiy adabiyotlar uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlarini konvertatsiya qilish tavsiya etilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 15-mart,

PQ-2834-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-martdagi PQ-2834-son qaroriga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish

1. 27-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“PRILOJENIYE № 27k postanovleniyu Prezidenta Respubliki Uzbekistan ot 27-dekabrya 2016 goda № PP-2699

raspredeleniya plati za ispolzovaniye abonentskogo nomera, uplachivayemoy yuridicheskimi litsami, okazivayushimi uslugi mobilnoy svyazi (sotovimi kompaniyami)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.