PF-4985-son Farmon · 16.03.2017

Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-4985
  • Qabul qilingan sana:16.03.2017
  • Kuchga kirgan sana:17.03.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 11

Qayd etilsinki, sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilish davlat dasturlarini amalga oshirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida aholiga davlat tomonidan kafolatli bepul tibbiy yordam berishni taʼminlaydigan shoshilinch kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishning yaxlit tizimi tashkil etildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, uning hududiy filiallari, shuningdek, markaziy tuman va shahar kasalxonalari huzurida shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlari, shu jumladan, tez tibbiy yordam va sanitariya aviatsiyasi xizmati tashkil etildi va faoliyat koʻrsatmoqda. Shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalarini yuqori texnologik tibbiyot uskunalari va ixtisoslashtirilgan avtotransport bilan jihozlash boʻyicha kompleks koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar har yili 600 ming nafardan ortiq bemorni shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalarida statsionarda davolashni, 1 million nafardan ortiq bemorga ambulatoriyada tibbiy yordam berishni taʼminlash, tez tibbiy yordam xizmati tomonidan bir yilda 7 milliondan ortiq chaqiriqni bajarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.

Shu bilan birga, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishning samaradorligi hali zamonaviy talablarga javob bermaydi, tez tibbiy yordam xizmatlarining malakali kadrlar, dori vositalari, tibbiyot uskunasi, ixtisoslashtirilgan avtotransport va aloqa vositalari bilan taʼminlanganligi darajasi yetarli emasligicha qolmoqda. Kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishni boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilishning zamonaviy mexanizmlarini, shuningdek, shoshilinch tibbiyot sohasida mahalliy ilmiy-amaliy ishlanmalarni joriy etishga yetarlicha eʼtibor berilmayapti.

Shoshilinch tibbiy yordamning tezkorligini, texnologikligi va samaradorligini tubdan kuchaytirishga, aholiga oʻz vaqtida malakali shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha davolash, ilmiy-metodik va taʼlim ishlarining butun kompleksini eng yuqori darajada tashkil etishga yoʻnaltirilgan aholiga shoshilinch tibbiy yordam berish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirishning muhim yoʻnalishlari etib belgilansin:

mamlakatda sogʻliqni saqlash tizimini yanada isloh qilishning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va malakali kadrlar bilan butlangan shoshilinch tibbiy yordam berishning zamonaviy, yuqori texnologik va samarali tizimini shakllantirish;

shoshilinch tibbiyot sohasida ilmiy, metodologik va taʼlim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ushbu maqsadlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda tez tibbiy yordamning respublika xizmatlari faoliyatiga ilgʻor texnologiyalarni va ish uslublarini joriy etish;

shoshilinch tibbiy yordam tizimida aholi orasida oʻlim va nogironlikni pasaytirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini, diagnostika vositalari va usullarini, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamni va kechiktirib boʻlmaydigan holatlarni davolashni keng qoʻllash;

shoshilinch tibbiyot sohasida profilaktika, diagnostika va davolash usullari va texnologiyalarini kuchaytirish va samaradorligini oshirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, tavsiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash asosida shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarining boshqa vazirliklar va idoralarning shoshilinch xizmatlari bilan tezkor oʻzaro hamkorligining samarali mexanizmlarini joriy etish;

shoshilinch tibbiy yordam sohasida tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:

shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimining tezkorlikning zamonaviy jahon talablariga, yuqori texnologikligi va samaradorligiga muvofiq kechiktirib boʻlmaydigan va tez tibbiy yordam xizmatini oʻz ichiga oladigan yagona tashkiliy tuzilmasini tashkil etish;

tez tibbiy yordamning koʻchma brigadalari faoliyatini tezkorlik bilan muvofiqlashtirishni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining shoshilinch xizmatlari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlaydigan maʼlumotlar uzatishning yagona bazasini va tarmogʻini tashkil etgan holda shoshilinch tibbiy yordamni boshqarishning axborot tizimini joriy etish;

Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va uning hududiy filiallarining maʼlumotlarni uzatishning yagona tarmogʻiga birlashtirilgan hamda respublikaning barcha hududi boʻyicha tez tibbiy yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlashni taʼminlaydigan muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlarini tashkil etish;

2017 — 2020-yillarda 240 ta obyektni mukammal taʼmirlash va 369 ta obyektni joriy taʼmirlash yoʻli bilan tez tibbiy yordam xizmati binolari va xonalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash;

tez tibbiy yordam koʻchma brigadalarini tasdiqlangan normativlarga muvofiq dori vositalari, tibbiyot buyumlari va sarflash materiallari bilan bosqichma-bosqich taʼminlash, shu jumladan, ushbu maqsadlar uchun 2017-yilda moliyalashtirish hajmini kamida 2 baravar koʻpaytirish;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tez tibbiy yordam koʻchma brigadalarini Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining hududiy filiallari orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan markazlashtirilgan tartibda taʼminlash;

2017-yilda 1200 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari sotib olish yoʻli bilan tez tibbiy yordam xizmati, shu jumladan, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining avtoparkini yangilash;

2017-yil 1-apreldan boshlab tez tibbiy yordam xizmatining ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalariga texnik va servis xizmati koʻrsatishni ularni tegishli hududiy ixtisoslashtirilgan avtobazaga berish yoʻli bilan hududiy darajada markazlashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) deb qayta nomlansin.

4. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

aholiga bepul asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordamni tashkil etish va koʻrsatish;

tezkorlikning zamonaviy jahon talablariga, yuqori texnologik va samaradorlikka muvofiq boʻlgan shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati tizimi faoliyatiga tashkiliy-metodik va amaliy rahbarlik qilish;

shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimini, uning birlamchi tibbiy yordam tizimi bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, aholining nogironligi va oʻlimini pasaytirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

yangi, samarali texnologiyalarni yaratish, kechiktirib boʻlmaydigan holatlar diagnostikasi va davolashning ustuvor yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, ularni sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy etish;

shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimining shifokorlarini va oʻrta tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;

yetakchi xorijiy ixtisoslashgan tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatish, tajriba almashish, shoshilinch tibbiyot sohasida qoʻshma tadqiqotlar olib borish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Xonobod shaharchasidagi 5-uy manzilida joylashgan Toshkent viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi negizida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda Toshkent viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazini Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga aylantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni belgilangan tartibda taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ushbu Farmon bilan belgilangan vazifalardan kelib chiqib tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toʻgʻrisidagi nizomni bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin;

2017-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda Markazning va uning hududiy filiallarining muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Markazning va uning hududiy filiallarining muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari 2019-yil 1-yanvardan boshlab faoliyat koʻrsatishini, shuningdek, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasining shoshilinch xizmatlari bilan oʻzaro hamkorligi mexanizmlari joriy etilishini taʼminlasin;

2017-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining tez tibbiy yordam stansiyasini uning tumanlardagi kichik stansiyalari bilan birgalikda yuridik shaxs maqomini saqlab qolgan holda tarkibiy boʻlinma sifatida Markazga bersin.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

“Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Tez tibbiy yordam stansiyasi va uning tumanlardagi kichik stansiyalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;

Markazning Tez tibbiy yordam stansiyasiga avtotransport xizmati koʻrsatish “Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining ixtisoslashtirilgan avtotransport korxonasi” davlat korxonasi tomonidan taʼminlanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari ehtiyojlari uchun olib kelinadigan texnologik va telekommunikatsiya uskunasi, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va dasturiy taʼminlash 2020-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davrda bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona yigʻimlari bundan mustasno).

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ilovaga muvofiq ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

11. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 16-mart,

PF-4985-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PF-4985-son Farmoniga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi toʻgʻrisida” 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-son Farmonining 2-bandi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari, shuningdek Farmonga 8 va 9-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.