Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-martdagi PF-4985-son Farmonini ijro etish yuzasidan, shuningdek shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish maqsadida:
1. 2017-yil 1-apreldan boshlab hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmasi apparati tuzilmasida boshqarma rahbarining oʻrinbosari — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi filialining direktori lavozimi joriy etilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
2. Quyidagilar:
shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mintaqaviy filialining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb ataladi) 5-ilovaga muvofiq maʼqullansin. Chora-tadbirlar dasturi quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan:
fuqarolarning malakali tibbiy xizmat koʻrsatishga boʻlgan huquqlarini taʼminlashga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, tez tibbiy yordamning sifatini oshirish uchun tashkiliy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
tez tibbiy yordamning tezkorligini, sifati va undan foydalanish darajasini oshirish;
tez tibbiy yordam xizmatining kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda mahalliy va ilgʻor xorijiy ilmiy ishlanmalar natijalarini milliy amaliyotga joriy etish, shoshilinch tibbiyot tizimini tashkil etish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, uning amaliyotiga zamonaviy ilmiy-texnik vositalarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Chora-tadbirlar dasturidan kelib chiquvchi tadbirlar toʻliq darajada va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda har yili Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni bajarishga zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
5. 2017-yildan aprel oyidan boshlab sogʻliqni saqlash muassasalarining eskirgan va foydalanilmayotgan avtotransport vositalarini kimoshdi savdolarida sotishdan tushgan mablagʻlar mahalliy budjet daromadiga taqsimlanmasdan, tez tibbiy yordam xizmati uchun respublikada ishlab chiqarilgan ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalarini sotib olishga maqsadli yoʻnaltirilgan holda toʻliq hajmda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari hisob raqamida jamlanishi mexanizmi joriy etilsin.
6. 2017-yil 1-apreldan boshlab:
tez tibbiy yordam xizmatining ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalariga texnik va servis xizmati koʻrsatish ularni tegishli hududiy ixtisoslashtirilgan avtobazaga berish yoʻli bilan hududiy darajada markazlashtirilsin;
dori vositalari va tibbiyot buyumlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining filiallari orqali sotib olinishi va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tez tibbiy yordam koʻchma brigadalarini taʼminlash markazlashtirilsin, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bundan mustasno.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini markazlashtirilgan tartibda sotib olish va tez tibbiy yordamning koʻchma brigadalarini taʼminlash toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-mart,
PQ-2838-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PQ-2838-son qaroriga 1-ILOVA
Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PQ-2838-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi
* Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi yuridik shaxs maqomiga ega.
Markaz xodimlari, shu jumladan boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni tegishli shtat meʼyorlariga muvofiq belgilanadi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi PQ-4847-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2020-y., 07/20/4847/1347-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PQ-2838-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mintaqaviy filialining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PQ-2838-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordamni tashkil etish va koʻrsatish boʻyicha davolash va ilmiy-metodik muassasa, shuningdek shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish sohasida ixtisoslashish turlari boʻyicha tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv baza hisoblanadi.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Markaz davlat muassasasi shaklida yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, Markazning toʻliq nomi koʻrsatilgan muhrga egadir.
4. Markazning toʻliq nomi:
davlat tilida — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi;
rus tilida — Respublikanskiy nauchniy sentr ekstrennoy meditsinskoy pomoshi Ministerstva zdravooxraneniya Respubliki Uzbekistan.
5. Markaz Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Farhod koʻchasi, 2-uy manzilida joylashgan.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholiga bepul asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordamni tashkil etish va koʻrsatish;
tezkorlikning zamonaviy jahon talablariga, yuqori texnologik va samaradorlikka muvofiq boʻlgan shoshilinch tibbiy yordam tizimi faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish;
shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, aholining nogironligi va oʻlimini pasaytirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish sohasida ilm-fanni va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirish;
kechiktirib boʻlmaydigan holatlar profilaktikasi, tashxis qoʻyish va davolashning yangi, samarali texnologiyalarini yaratish va ularni sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;
shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimining ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarini tayyorlash;
shoshilinch tibbiyot sohasida yetakchi xorijiy ixtisoslashgan tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni oʻrnatish, qoʻshma tadqiqotlar olib borish va ikki tomonlama munosabatlarni tashkil etish yoʻli bilan tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish.
7. Markaz yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
respublika aholisining shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishning eng samarali va yuqori malakali usullariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining boʻlinmalari bilan mustahkam oʻzaro hamkorlikda tabiiy va texnogen halokatlarning tibbiy oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadi;
manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda shoshilinch holatlar profilaktikasi va birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish masalalari boʻyicha aholi orasida sanitariya-maʼrifiy ish olib borishda qatnashadi;
Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi filiallari faoliyatiga rahbarlik qiladi va ular bilan maslahat berish yuzasidan oʻzaro hamkorlik qiladi, shuningdek ular monitoringini olib boradi va nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimiga kiradigan tibbiyot muassasalari faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilishni taʼminlaydi;
shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishning yagona standartlari ishlab chiqilishi va tibbiyot muassasalari amaliyotiga joriy etilishida ishtirok etadi;
ilgʻor xorijiy tajriba hisobga olingan holda shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordamning ilgʻor samarali usullari va texnologiyalarini joriy etadi;
shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatish sohasida respublika maqsadli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashadi;
shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
tibbiyot ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining tegishli boʻlinmalari tomonidan bajariladigan shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiradi (Dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengash);
Markazning tarkibiy va mintaqaviy boʻlinmalarining ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
dori vositalari va tibbiyot buyumlarini, shuningdek shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan va tez tibbiy yordam koʻrsatish usullarini klinik sinovlardan oʻtkazadi;
oʻzining ilmiy va texnologik yutuqlarini chet elda tibbiyot hamjamiyati oldida namoyish qiladi;
shoshilinch va tez tibbiy yordam boʻyicha oʻzining ilmiy, oʻquv-metodik va axborot-maʼlumotnoma materiallarini tayyorlaydi va nashr etadi;
ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini, shu jumladan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishning zamonaviy usullari va texnologiyalarini tibbiy faoliyatga keng joriy etadi;
oʻz ixtisosligi boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar maktabini shakllantiradi va rivojlantiradi;
shoshilinch tibbiyot sohasida tibbiyot kadrlari tayyorlash, ularni ixtisoslashtirish va ularning malakasini oshirish uchun oʻz klinik bazasini taqdim etadi;
shu jumladan klinik ordinatura, katta ilmiy xodimlar instituti (stajerlar-izlanuvchilar) orqali tibbiyot kadrlarini tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi;
nazariy bilimlarni oʻzlashtirib olishning amaliy koʻnikmalarni mustahkamlash bilan mustahkam aloqasi asosida “shoshilinch tibbiy yordam” mutaxassisligi boʻyicha tibbiyot taʼlim muassasalarida taʼlim sifatining oshishiga faol koʻmaklashadi.
3-bob. Markazning huquqlari va javobgarligi
8. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:
Markaz faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, dori vositalari va boshqa moddiy-texnik vositalarni mavjud moliyaviy resurslar doirasida, mustaqil ravishda, belgilangan tartibda xarid qilish;
Markaz faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan statistik va tahliliy axborotni tegishli vazirliklar va idoralardan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi orqali soʻrash va olish;
shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirishga, shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan ommaviy holatlariga olib keluvchi favqulodda vaziyatlar paydo boʻlishining oldini olish va xavfini kamaytirishga yoʻnaltirilgan takliflarni Sogʻliqni saqlash vazirligiga kiritish;
shoshilinch tibbiy yordam boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan grantlar olish uchun tanlovlarda qatnashish;
oʻz faoliyatini amalga oshirish jarayonida tashkil etilgan intellektual mulk obyektlariga mualliflik huquqini olish va undan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq yetakchi xorijiy ixtisoslashgan tashkilotlar bilan ilmiy va ilmiy-texnik hamkorlikni va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
ilmiy, metodik va amaliy konferensiyalar, seminarlar oʻtkazish;
shoshilinch tibbiy yordamni tashkil etish sohasida masalalarni hal etish uchun xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, professional tibbiy taʼlim sohasidagi ilmiy-metodik, oʻquv va axborot materiallarini chop etish va tarqatish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda budjetdan tashqari mablagʻlar jamgʻarmalarini shakllantirish;
oʻz xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish choralarini koʻrish huquqiga egadir.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Markaz:
shoshilinch tez tibbiy yordam koʻrsatish sohasida diagnostika va davolashning zamonaviy xalqaro standartlari darajasida davolash-diagnostika ishlarining tezkorligi va yuqori sifati taʼminlanishi;
Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi filiallariga, shuningdek Toshkent shahridagi Tez tibbiy yordam stansiyasiga maslahat, metodik va texnik yordam koʻrsatilishi tashkil etilishi;
kechiktirib boʻlmaydigan holatlar profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning yangi texnologiyalarini tashkil etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarning yuqori darajasi taʼminlanishi;
shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tizimining shifokorlarini va oʻrta tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanishi uchun javob beradi.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
10. Markazga belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bosh direktor boshchilik qiladi.
Markazni joriy boshqarishni bosh direktorning taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor amalga oshiradi.
11. Bosh direktor:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Ilmiy-metodik kengash tarkibini shakllantiradi;
Markaz direktorining oʻrinbosarlarini va Toshkent shahridagi Tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokorini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Markazning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Markaz xodimlarining lavozim majburiyatlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Bosh direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12. Direktor:
Markaz nomidan oʻz faoliyatini amalga oshiradi, Markazning moliya-xoʻjalik faoliyatiga rahbarlik qiladi, Markaz nomidan shartnomalar tuzadi, Markazning joriy faoliyati bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etadi;
Markaz ishini tashkil etadi va boshqaradi, oʻz vakolatlari doirasida Markaz xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi, ularni lavozimga tayinlaydi va egallab turgan lavozimidan ozod etadi;
respublika aholisiga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish sohasida oʻz boʻlinmalari va filiallarining faoliyatini tizimli ravishda tibbiy-statistik tahlil qiladi;
Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13. Quyidagilar Markazning mol-mulkini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
davlat mulkini tashkil etadigan asosiy vositalar;
budjet mablagʻlari va oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun jalb etiladigan boshqa mablagʻlar;
muruvvat, xayriya, homiylik, metsenatlik, texnik va boshqa yordam yoʻnalishida tushadigan mablagʻlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa yoʻnalishlar boʻyicha tushadigan mablagʻlar.
14. Markazning mol-mulki asosiy va aylanma mablagʻlardan, shuningdek qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladigan boshqa boyliklardan iborat boʻladi.
15. Asosiy vositalar foydalanish va tezkor boshqarish huquqi Markazga birkitiladigan binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqa mol-mulkdan hosil boʻladi.
16. Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritadi, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Milliy statistika qoʻmitasiga taqdim etadi, hujjatlar saqlashi va ularning kelishilgan roʻyxat boʻyicha davlat tomonidan saqlanishga berilishi uchun javob beradi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
17. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PQ-2838-son qaroriga 5-ILOVA
Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish
Izoh: Normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga bogʻliq ravishda qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5199-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2021-y., 07/21/5199/0721-son)