Muborak Ramazon hayitining maʼnaviy hayotimizda ezgulik, shukronalik, mehr-oqibat kabi oliyjanob qadriyatlarni qaror toptirishdagi oʻrni va ahamiyatini inobatga olib, milliy-diniy anʼanalarimizni asrab-avaylash va uluqlash maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Roʻza hayitini dam olish kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi 1992-yil 27-martdagi PF-368-son Farmoniga muvofiq:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2016-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 6-iyul chorshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini eʼtiborga olib, 2016-yil 6-iyul dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari va boshqa mutasaddi idoralar, jamoat tashkilotlari Ramazon hayitini joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda oʻtkazish uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 1-iyul,
PQ-2556-son