PF-5106-son Farmon · 05.07.2017

Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5106
  • Qabul qilingan sana:05.07.2017
  • Kuchga kirgan sana:06.07.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:«Народное слово» 132 (6796)

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, sohadagi vaziyat va amalga oshirilgan tadbirlar tahlili yoshlarning keng qatlamlariga daxldor boʻlgan dolzarb masalalar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmaganidan dalolat bermoqda.

Joylarda, avvalambor chekka hududlarda istiqomat qilayotgan koʻp sonli yoshlarning oʻz iqtidor va isteʼdodini roʻyobga chiqarishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun keng sharoitlar yaratish, ularni turli zararli illat va yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi muhim vazifalarni hal etishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Oʻzbekiston yoshlarini buyuk maqsadlar sari birlashtiradigan va safarbar etadigan ommaviy harakatga aylana olmaganini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda.

Shu sababli, mazkur sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuni bugungi davr talablariga mos ravishda har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, xalq manfaati yoʻlida bor salohiyatini safarbar qiladigan, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratdi.

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bogʻliq bir qator yangi va muhim vazifalarni belgilab berganini alohida qayd etish joiz.

Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida hamda bu borada keng jamoatchilik, avvalo, yoshlar vakillarining taklif va mulohazalarini eʼtiborga olgan holda:

1. Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining 2017-yil 30-iyun kuni boʻlib oʻtgan IV qurultoyi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun — 30-iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni”, deb eʼlon qilinsin.

3. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilansin:

birinchidan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqini respublikada yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni taʼminlovchi, “Yoshlar — kelajak bunyodkori” shiori ostida professional faoliyatni amalga oshiruvchi tuzilmaga aylantirish;

ikkinchidan, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik gʻoyalariga sodiqlik, milliy oʻzlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrash;

uchinchidan, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega tashabbuskor, shijoatli, el-yurt manfaati yoʻlida bor kuch-gʻayrati, bilim va salohiyatini safarbar qiladigan, mamlakat istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir yoshlar safini kengaytirish;

toʻrtinchidan, yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini taʼminlash, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, tashabbuslarini ragʻbatlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishiga koʻmaklashish;

beshinchidan, yoshlarning ilmiy va badiiy kitoblar, jumladan, elektron asarlarni oʻqishga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, huquqiy, ekologik, tibbiy va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali ularda turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat” va boshqa yot gʻoyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish;

oltinchidan, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi va oila muqaddasligi gʻoyalarini keng targʻib qilish, erta turmush qurish va yosh oilalar ajralishining oldini olishga qaratilgan samarali tadbirlarni amalga oshirish;

yettinchidan, yoshlarni, ayniqsa, ular uyushmagan qismining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida sport va jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishga, ijodiy toʻgaraklar va turli, jumladan, xorijiy tillarni oʻrgatish oʻquv kurslariga keng jalb etish;

sakkizinchidan, yosh oilalar, xususan, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishga qaratilgan maqsadli ishlarni tashkil etish;

toʻqqizinchidan, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va profilaktika qilish ishlarida faol ishtirok etish;

oʻninchidan, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etadigan, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, halol va fidoyi yosh rahbar kadrlarni tarbiyalash, zaxirasini yaratish va ularni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining masʼul lavozimlariga tavsiya etish;

oʻn birinchidan, yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;

oʻn ikkinchidan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga yoshlarga oid faoliyatni tashkil etishda gʻoyaviy-uslubiy jihatdan koʻmak berish.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish, natijasi boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

5. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi oʻz lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzosi hisoblanadi.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati, Yoshlar siyosati masalalari xizmati Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin.

7. Yoshlar masalalari boʻyicha respublika idoralararo kengashi ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Idoralararo kengashning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan koʻmaklashish;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini hayotga toʻlaqonli joriy etish va bu borada taʼsirchan nazorat oʻrnatish.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari raisligida Yoshlar masalalari boʻyicha hududiy idoralararo kengashlar tuzilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Yoshlar masalalari boʻyicha respublika idoralararo kengashi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Yoshlar masalalari boʻyicha hududiy idoralararo kengashlar toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin.

9. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun oʻrnak boʻlib xizmat qilishini inobatga olgan holda, respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berilsin.

10. Yoshlarning ilmiy va ijodiy faoliyati natijalarini, ilm-fan va adabiyotga boʻlgan qiziqishlarini hamda yoshlar siyosatiga oid muhim yangiliklarni keng yoritish maqsadida:

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Turkiston” va “Molodyoj Uzbekistana” gazetalari, “Yosh kuch” jurnali hamda boshqa yoshlar nashrlarini chop etishga ixtisoslashgan “Yoshlar nashriyoti uyi” tashkil qilinsin;

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda “Qizlarjon” jurnalini taʼsis etsin.

11. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda:

“Adabiyotga eʼtibor — maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” shiori ostida “Men sevib oʻqigan kitob” va “Eng yaxshi kitobxon” respublika tanlovlarini, “Kitob bayrami” va “Bolalar kitoblari” anʼanaviy respublika festivallarini;

“Biz Vatanga tayanchmiz”, “Bizning eng katta tayanchimiz va suyanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz yoshlar” shiorlari ostidagi aksiyalarni;

“Adabiyot va sanʼat — shaxs maʼnaviyatini boyitish va yuksaltirish omili” mavzusida yozuvchilar, shoirlar, sanʼatkorlar, adabiyotshunos olimlar ishtirokidagi uchrashuvlarni;

respublikaning chekka hududlarida xalq rassomlari, xalq ustalari bilan bolalar, yoshlar va ularning ota-onalari uchun “Bunyodkor xalqim bilan muloqot – ijodim ilhomi” mavzusida master-klasslar va ijodiy uchrashuvlarni;

“Eng buyuk jasorat — maʼnaviy jasoratdir” mavzusida davra suhbatlarini doimiy ravishda tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

12. Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda:

Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar Yoshlar markazlari binolarini qurish, Buxoro va Xorazm viloyatlari Yoshlar markazlari binolari qurilishini tugallash va foydalanishga topshirish, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari Yoshlar markazlari binolarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha dastur loyihasini;

respublikaning barcha tuman va shaharlarida sinov tariqasida 11 yillik majburiy oʻrta taʼlim tizimining joriy etilishi munosabati bilan boʻshaydigan kollejlarni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari ixtiyoriga begʻaraz oʻtkazish, ularning negizida barcha qulayliklarga, jumladan, kutubxona va kitob doʻkoniga ega boʻlgan Yoshlar markazlari va zamonaviy yoshlar kinoteatrlarini, shuningdek, yoshlarni, ayniqsa, ularning uyushmagan qismini 6 oygacha boʻlgan muddatda kasb-hunarga toʻlovsiz oʻqitish markazlarini tashkil etish dasturi loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining:

(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)

oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida “yoshlar yetakchisi” vazifasi yuklatilgan xodimga oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasining direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oliy maʼlumotli oʻqituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama belgilash;

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida yoshlarning xohish va intilishlaridan kelib chiqib, yoshlar uyushmalari hamda yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatish markazlarini tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini tashkil etish;

yurtimizda turli soha va tarmoqlarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan yigitlarni taqdirlash maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotini taʼsis etish;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, oʻqish, mehnat va jamoat ishlarida har tomonlama faol ishtirok etayotgan yoshlarni taqdirlash maqsadida “Kelajak bunyodkori” medalini taʼsis etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

(13-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son — 2022-yil 1-iyuldan kuchga kiradi)

(13-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

(13-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil26-dekabrdagi PF-5607-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2018-y., 06/18/5607/2385-son)

(13-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2022-yil 1-iyuldan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Tashkiliy-kadrlar xizmati manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining yangilangan ustavi va tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasini kiritsin;

“Mard oʻgʻlon” va “Kelajak bunyodkori” davlat mukofotlarini taʼsis etish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha taklif tayyorlasin.

15. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kengashlari raislari tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi va maqomi boʻyicha ularning birinchi oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati masalalari boʻyicha maslahatchilarini saqlash xarajatlari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari hisobidan qoplanadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi (boʻlinmasi) boshligʻi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi tavsiyasi asosida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi;

(15-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi PF-5454-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 06/18/5454/1290-son)

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 3 yil va undan koʻp muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlangʻich toʻlovi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining faol aʼzosi boʻlgan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 86 foiz va undan yuqori boʻlgan taqdirda taʼlim boʻyicha toʻlov kontrakti miqdorining 35 foizi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2018 — 2021-yillarga moʻljallangan Yoshlar uylarini barpo etish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Yoshlar uylarini barpo etish dasturida barcha yirik shaharlarda — koʻp qavatli, qishloq tumanlarida — 1-2 qavatli namunaviy loyihalar asosida arzon uylar yoshlarning uy-joyga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib qurilishi nazarda tutilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman kengashlari raislarini ragʻbatlantirish maqsadida ularga “Matiz” va “Damas” avtomashinalarini xarid qilish uchun 10 yil muddatgacha moʻljallangan, boshlangʻich toʻlovi 15 foizlik imtiyozli kreditlar ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

tuman markazlari va shaharlarida Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishni;

foydalanilmayotgan davlat obyektlarini, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi obyektlarni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining aʼzosi boʻlgan yosh tadbirkorlarga toʻlovsiz ijaraga berish tartibini joriy etishni taʼminlasin.

19. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Oʻzbekneftgaz” MXK va “Oʻzbektelekom” AKning “Yoshlar” teleradiokanali” AJning 50 foiz aksiyalarini Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Adliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda “Yoshlar” teleradiokanali” AJ faoliyatini takomillashtirish boʻyicha bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

20. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari har oyda kamida bir marta yoshlar bilan ochiq muloqotlarni oʻtkazib borish amaliyotini joriy etsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Q.Q. Quranbayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 5-iyul,

PF-5106-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son FarmonigaILOVA

Yoshlar masalalari boʻyicha respublika idoralararo kengashi

*Izoh: Respublika idoralararo kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoniga SHARH

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.