Mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun soliq yukini izchillik bilan kamaytirish va qulay shart-sharoitlarni yaratishni taʼminlaydigan soliq tizimi shakllantirilgan.
Shu bilan birga, soliq maʼmuriyatchiligi sohasida, shu jumladan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni yigʻish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishda muayyan muammolarning mavjudligi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi dasturlarini moliyalashtirishning barqaror manbalarini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, xususan:
birinchidan, soliq organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish holati soliq maʼmuriyatchiligining shaffofligini, soliq solish masalalarida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilish hamda nazorat samaradorligini, shuningdek davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlamayapti.
Soliq toʻlovchilarning, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlarining ularga toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotsiz xizmat koʻrsatishni taʼminlaydigan “soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti”dan foydalanish manfaatdorligini oshirish boʻyicha faol ish tashkil etilmagan;
ikkinchidan, soliq organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi soliq solish obyektlarini toʻliq qamrab olish va soliq solinadigan bazani kengaytirish, shuningdek soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida yigʻish uchun mavjud resurslarni safarbar qilish imkonini bermayapti;
uchinchidan, soliqqa oid huquqiy munosabatlarning ahvoli va rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish, soliq siyosatining oʻrta muddatli va istiqbolli yoʻnalishlarini ishlab chiqish, soliq solishning dolzarb muammolarini tadqiq etish, shuningdek budjetga soliq tushumlarini ishonchli prognozlashtirish faoliyati takomillashtirishni talab qilmoqda;
toʻrtinchidan, soliq nazoratini tashkil qilish mexanizmlarining mukammal emasligi, shu jumladan soliq tekshiruvi obyektlarining zarur tahlilsiz belgilanishi soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlash va ularni barvaqt profilaktika qilish samaradorligini pasaytirmoqda;
beshinchidan, soliq nizolarini sudgacha hal etish – soliq apellyatsiyasi instituti imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotganligi soliq toʻlovchilarning sud organlariga murojaatlari koʻpayishiga olib kelmoqda;
oltinchidan, soliq solish tizimining murakkabligi va bir xil soliq solish bazasiga ega soliqlarning yetarli darajada unifikatsiya qilinmaganligi, soliq qonunchiligining oʻzgaruvchanligi soliq toʻlovchilar tomonidan oʻz soliq majburiyatlarini toʻliq bajarish imkonini bermayapti;
yettinchidan, soliq organlarining Davlat budjetiga tushumlar toʻliqligini taʼminlash faoliyati ustidan tashqi nazorat mexanizmlarining mavjud emasligi soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yigʻiluvchanligini oshirish va soliq toʻlovchilarni hisobga olish imkonini bermayapti;
sakkizinchidan, soliq toʻlovchilarning soliqlarni toʻlash boʻyicha oʻz konstitutsiyaviy burchini ixtiyoriy bajarishini taʼminlashga qaratilgan huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan, ayniqsa, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni takomillashtirish talab etiladi;
toʻqqizinchidan, bozorlar va savdo komplekslari faoliyati ustidan samarali soliq nazorati oʻrnatilmaganligi mahalliy budjetlarni toʻldirish uchun mavjud rezervlarni toʻliq safarbar qilish, shuningdek naqd pul mablagʻlarining kafolatli qaytishini taʼminlamayapti;
oʻninchidan, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni yigʻish koʻrsatkichlarini yaxshilash, korrupsiya koʻrinishlarini profilaktika qilish, shuningdek soliq organlarida xizmat qilishga halol va yuqori malakali kadrlarni jalb etish maqsadida davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish talab etiladi.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasidagi soliq solish tizimini izchillik bilan soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish orqali soliq yukini pasaytirish kabi vazifalar ijrosi yuzasidan, shuningdek soliq maʼmuriyatchiligining zamonaviy uslublarini joriy etish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning yigʻiluvchanligini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning muhim yoʻnalishlari hisoblansin:
birinchidan, soliq maʼmuriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilgʻor avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq toʻlovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlariga toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotsiz elektron xizmat koʻrsatishga toʻliq oʻtish;
ikkinchidan, soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazaning oʻz vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini taʼminlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bogʻliq boʻlgan ishonchli axborotni oʻz muddatida taqdim etish boʻyicha masʼuliyatini kuchaytirish;
uchinchidan, soliq majburiyatlarini bajarishda soliq toʻlovchilarga har tomonlama koʻmaklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;
toʻrtinchidan, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish obyektlarini toʻliq qamrab olishni taʼminlash va soliq solinadigan bazani kengaytirish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish;
beshinchidan, faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama koʻmaklashish, past rentabelli va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sogʻlomlashtirish, oʻzaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yoʻl qoʻymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish;
oltinchidan, soliq solish masalalarida, shu jumladan respublika va mahalliy budjetlar daromadlarini oshirishning qoʻshimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish;
yettinchidan, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, soliq organlarini maʼnaviy-axloqiy jihatdan yuqori malakali xodimlar bilan toʻldirish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash va ular uchun xizmatni oʻtashning munosib shart-sharoitlarini yaratish.
2. Belgilansinki, 2018-yil 1-yanvardan:
soliq organlari va halol soliq toʻlovchilar oʻrtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama koʻmaklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etiladi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga toʻqnash kelgan halol soliq toʻlovchilar – xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq taʼtillari berilishi mumkin;
oʻtkazilgan kameral nazorat natijalari boʻyicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq toʻlovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etiladi;
ortiqcha toʻlangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq toʻlovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi;
davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarini 5 bank kunigacha boʻlgan muddatga vaqtinchalik toʻxtatib turish vakolati beriladi;
Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi maʼlumotlarning onlayn rejimida berilishini taʼminlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qoʻllash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etiladi, respublikaning qolgan hududlarida mazkur tizim bosqichma-bosqich kiritiladi;
soliq tekshiruvi obyektlarini samarali tanlab olish uchun soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavflarini tahlil qilish, shuningdek soliq organlari tomonidan yuqori likvidli mahsulotlar haqiqiy ishlab chiqarish hajmining doimiy hisobi va nazoratini amalga oshirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi;
davlat soliq xizmati organlari xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshiradi, natijasi boʻyicha soliq solinadigan bazani aniqlashtiradi.
3. Davlat soliq xizmati organlarining shtatlar sonini qisqartirish hisobidan cheklangan shtat soni 41 nafardan iborat boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushumlarning toʻliqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilsin, unga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
soliq solish tizimi, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini tahlil qilish va baholash asosida budjet daromadlarini koʻpaytirish zaxiralarini aniqlash va ularning safarbar etilishini taʼminlash;
soliqlar turlari va hududlar kesimida soliq va bojxona toʻlovlarining yigʻiluvchanlik darajasini tizimli tahlil qilish, uning tarmoq va hududlar kesimida pasayishiga taʼsir etuvchi omillar va ularning oqibatlarini aniqlash;
hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va soliq toʻlash salohiyatini hisobga olgan holda Davlat budjeti daromadlari prognoz koʻrsatkichlarining xolisligi va asosliligini baholash;
soliq solish obyektlari va soliq solinadigan bazani toʻliq qamrab olish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, manzilli yoʻnalishlar va nazorat dasturlarini, shu jumladan soliq va boshqa moliya organlarining axborot tizimlari maʼlumotlarini tahlil va monitoring qilish asosida shakllantirish;
davlat organlari va tashkilotlarining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan maʼlumotlar bazalarining ishonchliligini baholash;
daromadlar prognozini sifatli shakllantirish va bajarish, soliq solinadigan bazani kengaytirish, soliqlarning yigʻiluvchanligi va soliq toʻlovchilar hisobining toʻliqligini taʼminlashda moliya va soliq organlarining masʼuliyatini oshirish hamda ularga har tomonlama koʻmaklashish choralarini koʻrish.
4. Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq maʼmuriyatchiligining samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dasturda koʻrsatilgan vazirlik va idoralar rahbarlari unda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5620-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son)
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning 1-yanvariga qadar:
soliq toʻlovchilarga davlat soliq xizmati organlarining barcha davlat xizmatlaridan, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron foydalanish imkoniyatini taʼminlasin;
soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliq nazoratini takomillashtirish maqsadida soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga taqdim etiladigan axborotning mazmunini tanqidiy qayta koʻrib chiqsin;
barcha manfaatdor vazirlik va idoralar, shu jumladan “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, statistika, adliya, prokuratura organlari, sudlar, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AK korxonalarining soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin;
tadbirkorlik subyektlarini elektron raqamli imzo bilan toʻliq taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlarining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun foydalaniladigan maʼlumotlar bazasi ishonchliligini auditdan oʻtkazsin.
12. 2018-yil 1-yanvardan boshlab davlat soliq xizmati organlari xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 31-oktabrdagi 312-son qarorining amal qilishi tatbiq etilsin.
13. 2021-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Dasturni amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan uskuna, dasturiy va moddiy-texnik vositalar bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvlari uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Hisob palatasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari va Hisob palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini;
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari V.A. Golishev va O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-iyul,
PF-5116-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi PF-5116-son Farmoniga 1-ILOVA
Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq maʼmuriyatchiligining samaradorligini oshirish boʻyicha
Izoh: Normativ-huquqiy hujjatlar turlari oʻzgarishi, shuningdek, tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PF-5387-sonli Farmoni tahririda)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)