PQ-3166-son Qaror · 31.07.2017

Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3166
  • Qabul qilingan sana:31.07.2017
  • Kuchga kirgan sana:01.08.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 31

Ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlariga oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotishda koʻmaklashish, mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish, aholining bandligi va sanoat mahsulotlari hajmining oʻsishini taʼminlash mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirishning eng muhim shartlaridan hisoblanadi.

Ushbu maqsadda tuzilgan “Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasi” davlat korxonasi (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb yuritiladi) tomonidan koʻrgazma-yarmarka savdolarini tashkil etish, ularda ishtirok etishga tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarni jalb etish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar Direksiya faoliyatini tashkil etishning amaldagi tartibi davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va shaffofligini lozim darajada taʼminlamayotganligini koʻrsatdi.

Xususan, tenderlar oʻtkazmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida Kooperatsiya birjasi doirasida asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xom ashyo va materiallarning xaridini amalga oshirishga imkon beruvchi amaldagi tartib turli xil korrupsiya koʻrinishlari, shu jumladan, oldindan belgilangan yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish maqsadida birjalardan foydalanish uchun sharoit yaratmoqda.

Koʻrgazma-yarmarka tadbirlarini oʻtkazishning tartib-taomillari, eng avvalo, kichik biznes subyektlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish uchun davlat va korporativ buyurtmalarni olishga boʻlgan imkoniyatlarini, oqibatda sogʻlom raqobat muhitini yanada rivojlantirishni lozim darajada taʼminlamayapti.

Direksiya tomonidan tuzilgan shartnomalarni tahlil qilish va ular asosida tegishli loyihalarni Mahalliylashtirish dasturiga kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish, mahalliy xom ashyo bazasida tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirishni kengaytirish uchun sanoat kooperatsiyasining roli va ahamiyatini oshirish boʻyicha asosiy vazifalar amalda bajarilmagan.

Bundan tashqari, Direksiya faoliyatiga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining past darajada joriy etilganligi davlat va korporativ xaridlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shartnomalarni roʻyxatga olishning samarasiz tizimi, tuzilgan shartnomalar ijrosini nazorat qilishning taʼsirchan mexanizmlari mavjud emasligi aksariyat hollarda qabul qilingan shartnoma majburiyatlari va tasdiqlangan tarmoq jadvallarining bajarilmasligiga sabab boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlaridan samarali foydalanilishini, raqobatning yanada rivojlanishini hamda tadbirkorlik subyektlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berishga davlat va korporativ buyurtmalardan teng foydalanish imkoniyatini, shuningdek, mazkur jarayonning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining “Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasi” davlat korxonasini tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Direksiyani tugatish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur choralarni koʻrsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi doirasida davlat xaridlari yagona axborot portalini hamda resurslar yagona milliy maʼlumotnomasini yaratish orqali ularning ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan takliflar kiritsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

“Oʻzekspomarkaz” Milliy koʻrgazma majmuasining koʻrgazma-yarmarka faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflarni;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 31-iyul,

PQ-3166-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlar tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.