F-5006-son Farmoyish · 01.08.2017

Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-5006
  • Qabul qilingan sana:01.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:02.08.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 31

Mamlakatimizda keksalar, pensionerlar, nogironlar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish tizimi yaratildi. Aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Shu bilan birga mazkur sohada olib borilayotgan ishlarni qoniqarli deb boʻlmaydi.

Tugʻma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar kutilgan natijani bermayapti. Chaqaloqlarni perinatal skrining koʻrigidan oʻtkazish tugʻma nuqsonlarni oʻz vaqtida aniqlashni va nogironlikning keyinchalik oldini olishni taʼminlamayapti.

Yosh bolalarni yalpi kompleks skrining koʻrigidan oʻtkazishni tashkil etish va olib borishdagi kamchiliklar reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay fursatning boy berilishiga hamda bolalar nogironligi paydo boʻlishiga olib kelmoqda.

Nogironlik guruhini aniqlash hamda protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari bilan taʼminlashda tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatidagi byurokratik tartib-taomillar bartaraf etilmagan.

Shuningdek, nogironlar uchun reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish talab etiladi.

Nogironlarni hisobga olishning kompleks tizimi mavjud emasligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarlicha joriy etilmaganligi nogironlarning ijtimoiy ahvolini monitoring qilish va ularga oʻz vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish imkonini bermayapti.

Nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza oʻtkazishda qoʻllanilayotgan mezonlar 40 yil avvalgi uslubiyotga asoslangan, mazkur sohada chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi bu muammoni yanada kuchaytirmoqda.

Nogironlarga taʼlim berish va ularni ishga joylashtirishning amaldagi tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Nogironlarni mehnat faoliyatiga jalb etish oʻrtacha 2 foizni tashkil qiladi, bu esa masʼul idoralarning ushbu sohadagi ishi qoniqarsizligidan dalolat beradi.

Bayon etilganlarni inobatga olib, nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirish, nogironlarning hayot sifatini yaxshilash, taʼlim olish va ishga joylashishda ularga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.

2. Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

3. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari sifatida belgilansin:

nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash sohasidagi qonunchilikni undagi boʻshliqlar, kamchiliklar va korrupsiyaviy omillarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya va tahlil qilish;

nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish holatini, ularning taʼlim olish va ishga joylashish huquqlari amalga oshirilishini, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini tanqidiy oʻrganish;

nogironlar huquqlarini taʼminlash sohasidagi umumeʼtirof etilgan normalar va standartlarni, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini oʻrganish;

tibbiy-malakaviy komissiyalar va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, tartib-taomillarni oʻtkazishni soddalashtirish va ularning muddatlarini qisqartirish maqsadida qayta koʻrib chiqish;

nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish boʻyicha, birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan taʼminlashga qaratilgan ishlar ahvolini tahlil qilish;

nogironlar uchun protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish va takliflar tayyorlash;

nogironlarning jamoat transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan toʻsqinliksiz foydalanishini taʼminlash holatini tahlil qilish;

nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash, tugʻma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish sohasidagi qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish, shuningdek, aholining keng qatlamlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishni, shu jumladan, erta va qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarning oldini olish ishlarini tubdan kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.

4. Komissiya:

bir hafta muddatda oʻziga yuklatilgan vazifalarni sifatli va muddatida bajarishni taʼminlash uchun ishchi guruhlari tashkil etsin, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini oʻrganish, ushbu sohadagi qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilish boʻyicha tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

2017-yil 15-sentabrga qadar muddatda nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni kiritsin.

5. Komissiyaga vazirlik va idoralarning mutaxassislarini, respublika ilmiy va taʼlim muassasalarining vakillarini, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning resurslari va ekspertlarini jalb qilish huquqi berilsin.

6. Masʼul vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin.

7. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 1-avgust,

F-5006-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi F-5006-son farmoyishiga ILOVA

Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha komissiya

Izox: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.