PQ-3196-son Qaror · 10.08.2017

Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3196
  • Qabul qilingan sana:10.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:11.08.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 32

Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo oʻyinlari hamda jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishgan, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarib kelayotgan sportchilar va ularning trenerlarini ragʻbatlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ularning boy hayotiy tajribasi va salohiyatidan keng foydalanish, xalqaro sport aloqalarini yanada mustahkamlash, jahonda Oʻzbekistonning obroʻsini yanada yuksaltirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalar (uyushmalar) bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekistonning mashhur sportchilarini jismoniy tarbiya va sport sohasini boshqarishga faol koʻmaklashish, jamoat va sport ishlariga bosqichma-bosqich jalb etishga doir “Katta sportdan keyingi faoliyat” harakatlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. 2018-yil 1-yanvardan boshlab nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilariga toʻlanadigan oylik toʻlovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirish miqdorlari ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* Ilova berilmaydi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilariga toʻlanadigan oylik toʻlovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligining tegishli yil uchun Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida ushbu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan toʻlanishini nazarda tutsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bir yilda bir marta oʻzlari uchun maqbul boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida sogʻlomlashtirish kursidan bepul foydalanish huquqiga egadirlar.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar uchun toʻlanadigan umrbod oylik toʻlovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad soligʻisiz amalga oshiriladi;

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligiga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Milliy olimpiya qoʻmitasi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Oʻzbekiston sportchilariga toʻlanadigan oylik toʻlovlar va ularni sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalariga yuborish yoʻllanmalari hamda yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlagan trenerlarga bir martalik pul mukofotlari berishning moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilariga toʻlanadigan oylik toʻlovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi bajarilishini muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi (A.N. Aripov) tomonidan koʻrib chiqiladi va taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan amalga oshiriladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ikki oy muddatda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari uchun toʻlanadigan umrbod oylik toʻlovlar va yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlagan trenerlarga toʻlanadigan bir martalik pul mukofotlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi hamda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarining salomatligini sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

ikki oy muddatda Oʻzbekistonning yuqori malakali sport mutaxassislarini va mashhur sportchi vatandoshlarimizni mamlakatimizga xorij mamlakatlardan olib kelish, ularni jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish ishlariga jalb etish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, mehnatlarini moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;

uch oy muddatda Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, mamlakatimizning nufuzli sport musobaqalari gʻolib va sovrindor sportchilari trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida ular uchun 3 va 6 oylik qisqa muddatli maxsus oʻquv kurslari tashkil etsin;

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)

uch oy muddatda Trenerlik faoliyati bilan shugʻullanish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan maxsus oʻquv kurslarini bitirgan Oʻzbekistonning mashhur sportchilariga trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun imtiyozli ravishda ruxsat berish tartibini joriy qilsin;

ikki oy muddatda Oʻzbekistonning nomdor sportchilarini xususiy sport muassasalarini tashkil etishga koʻmaklashish, biriktiriladigan homiy tashkilotlarning amaliy yordam berish turlari (bino va inshootlardan bepul foydalanish, mablagʻlar hamda sport anjomlari bilan taʼminlash va h.k.) boʻyicha takliflari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmini belgilovchi tizimni yaratish boʻyicha choralar koʻrsin;

bir oy muddatda Respublika oliy sport mahorati maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va Respublika sport maktablarida “Sportchi” lavozimini joriy etish, ularga oylik ish haqi va ustamalar belgilashni oʻz ichiga olgan Hukumat qarorini qabul qilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab sirtqi boʻlimni tashkil etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Olimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar xususiy sport muassasalarini tashkil etishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi taqdimnomasiga asosan:

(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

tijorat banklari tomonidan imtiyozli va uzoq muddatli kreditlar ajratilishi tavsiya etilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar) bilan birgalikda bir oy muddatda Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo oʻyinlari hamda jahon chempionatlari gʻolib va sovrindorlarining boy hayotiy tajribasi va salohiyatidan keng foydalanish, ularni yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash jarayonlariga faol jalb etish, xalqaro sport tashkilotlari bilan aloqalarini yanada mustahkamlash, jahonda Oʻzbekistonning obroʻsini yanada yuksaltirishda ularning rolini kuchaytirish boʻyicha hamkorlikdagi kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin.

10. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi va boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilari ishtirokidagi reklama mahsulotlarini imtiyozli joylashtirish tartibini ishlab chiqsin va 2018-yil 1-yanvardan joriy etilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekistonning iqtidorli sportchilarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yetakchi xorijiy sport muassasalarida shartnoma asosida malaka oshirishlarini tashkillashtirish, xalqaro sport aloqalarini mustahkamlash maqsadida “Oʻzbekiston sport agentlari va seleksionerlari uyushmasi”ni tashkil etish va uning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga doir barcha masalalarni hal etilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi yuqori mahoratli sportchilar hamda ularning trenerlari faoliyati va erishgan yutuqlarini yosh avlodga oʻrnak qilib koʻrsatish maqsadida bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholi orasida muntazam va keng yoritilishini taʼminlasinlar.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 10-avgust,

PQ-3196-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.