PF-5148-son Farmon · 11.08.2017

Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5148
  • Qabul qilingan sana:11.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:12.08.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:«Народное слово» 159 (6823)

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaa faoliyatini rivojlantirish, soʻz va axborot erkinligini taʼminlash borasida 10 dan ziyod qonun va 150 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilinib, sohada mustahkam huquqiy baza yaratildi.

Bugungi kunda yurtimizda 1991-yilga nisbatan ommaviy axborot vositalari qariyb 4-martaga, nashriyotlar 13 karra va matbaa korxonalari 12 barobarga koʻpayib, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati sezilarli darajada yaxshilandi.

Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, bu tarmoqda miqdor koʻrsatkichlarini sifat koʻrsatkichlariga aylantirish, mamlakatimiz milliy media maydonida sogʻlom raqobat muhiti, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini shakllantirish, joylarda faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalari dolzarbligicha qolmoqda.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va sohaga oid masalalarni hal etish vakolati berilgan Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi oʻziga yuklatilgan vazifalarni toʻliq va samarali amalga oshirmayotgani bois bozor munosabatlari sharoitida ommaviy axborot vositalariga uslubiy yordam koʻrsatish, ularning ishini prinsipial jihatdan kuzatish, baholash, tahlil qilib borish, zarur hollarda qoʻllab-quvvatlash yoki iqtisodiy, huquqiy choralarni qoʻllash kabi amaliy mexanizmlarning taʼsiri deyarli sezilmayapti.

Buning oqibatida ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar tomonidan oʻzining nizom talablariga toʻgʻri kelmaydigan, milliy qadriyatlarimizga zid, gʻoyaviy hamda matbaa sifati past mahsulotlar ishlab chiqarish holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari va matbaa korxonalarini roʻyxatga olish, noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda ularning faoliyatini monitoring qilish boʻyicha tegishli talab va normativlar axborot bozorining bugungi holatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilmagan.

Bunday holatlarga nisbatan tegishli choralarni qoʻllash masalasida Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining roli va taʼsiri deyarli sezilmayapti.

Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini tubdan takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik va matbaachilikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot bozorini shakllantirish hamda axborot-kutubxona faoliyati borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida:

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

3. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufidagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasini Agentlik tarkibiga oʻtkazish;

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi muassisligidagi “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari hamda “Gulxan” va “Gʻuncha” jurnallarini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga toʻliq oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini tayyorlab, belgilangan tartibda kiritsin.

5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2002-yil 3-iyuldagi PF-3103-sonli Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

7. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M. Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 11-avgust,

PF-5148-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoniga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.