PQ-3237-son Qaror · 23.08.2017

Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishning zamonaviy shakl va uslublarini yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3237
  • Qabul qilingan sana:23.08.2017
  • Kuchga kirgan sana:24.08.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:O‘R QТ 34

Oʻtgan yillarda elektron auksion savdolarini tashkil etish orqali davlat va korporativ xaridlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash uchun ularni takomillashtirish choralari koʻrildi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridi boʻyicha idoralararo tender komissiyalari, shuningdek, loyiha tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tender va loyihaoldi hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ixtisoslashgan tarmoq ekspert kengashlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil shuni koʻrsatdiki, davlat va korporativ xaridlarining hamda tender savdolarini tashkil etishning amaldagi tartibi zamonaviy talablarga javob bermaydi, turli xil korrupsiya koʻrinishlari uchun sharoit yaratadigan koʻplab kelishish jarayonlari, bir-birini takrorlaydigan tartib-taomillar va sansalorlik holatlarining mavjudligi sababli juda murakkab hisoblanadi.

Xususan, idoralararo tender komissiyalari bayonnomalarini kelishish va tasdiqlashni oʻz ichiga oluvchi tender jarayonlarining ayrim hollarda olti oygacha choʻzilishi kuzatilmoqda, bu esa loyihalar, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar amalga oshirilishining kechiktirilishiga hamda tarmoq jadvallarining buzilishiga olib kelmoqda.

Narx-navoni manipulatsiya qilish, tovarlarning sifati, tavsifi haqidagi maʼlumotlarni buzib koʻrsatish va elektron savdoda tuzilgan bitimlar boʻyicha tovarlarni yetkazib bermaslik holatlari koʻplab mavjud.

Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlari tizimini tubdan takomillashtirish, ushbu sohada suiisteʼmolchilik holatlarining oldini olish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5120-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish doirasida Resurslar yagona milliy maʼlumotnomasi va Davlat xaridlari yagona axborot portalini yaratish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan, bitta kontrakt boʻyicha 5 million AQSh dollaridan yuqori ekvivalentdagi investitsiya loyihalari doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xaridi yuzasidan tarmoq idoralararo tender komissiyalarini tugatish;

loyiha tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tender va loyihaoldi hujjatlarini taklif etilayotgan texnologiya va asbob-uskunalar boʻyicha texnologiya, asbob-uskunalarni tanlash va narxlarni shakllantirish qismida ekspertizadan oʻtkazish funksiyasini bajaradigan ixtisoslashgan tarmoq ekspert kengashlarini tugatish;

bitta kontrakt boʻyicha 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha ekvivalentdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan tashkillashtiriladigan elektron savdolar orqali amalga oshirishga oid talabni bekor qilish.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2018-yil 1-yanvarga qadar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlari quyidagi ekvivalentlarga muvofiq, yaʼni:

1 ming AQSh dollaridan kam boʻlgan bitta kontrakt boʻyicha — narxi, sifati va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish muddatlari boʻyicha eng maqbul keladigan shartlarni taklif qilgan yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali. Bitta kontrakt boʻyicha mablagʻ miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining shartnoma tuzilgan sanadagi rasmiy kursi boʻyicha hisoblanadi;

1 mingdan 100 ming AQSh dollarigacha boʻlgan bitta kontrakt boʻyicha — buyurtmachi tuzadigan idoraviy tanlov komissiyalari tomonidan baholanadigan eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali. Bitta kontrakt boʻyicha mablagʻ miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining eng yaxshi taklif kelib tushgan sanadagi rasmiy kursi boʻyicha hisoblanadi;

100 ming AQSh dollaridan ortiq miqdordagi bitta kontrakt boʻyicha — buyurtmachi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” Respublika loyiha instituti, shuningdek buyurtmachining tarmoq ilmiy-texnik kengashlarining vakillarini albatta jalb etgan holda tuziladigan idoralararo tanlov (tender) komissiyalari tashkil etadigan tanlov (tender) savdolarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Mazkur xaridlar boʻyicha texnik shartlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan boʻlishi shart. Bitta kontrakt boʻyicha mablagʻ miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining texnik shartlar tasdiqlangan sanadagi rasmiy kursi boʻyicha hisoblanadi.

(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tanlov (tender) komissiyalari tarkiblari va tegishli tartib-taomillar ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.

Buyurtmachilarning rahbarlari davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirish tartibiga, shu jumladan xarid qilishning maqsadga muvofiqligiga rioya qilmaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha qadar shaxsiy javobgar hisoblanadi.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5228-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2017-y., 06/17/5228/0210-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat va korporativ xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

Oʻzbekiston respublika Tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda resurslar yagona milliy maʼlumotnomasi va Davlat xaridlari yagona axborot portali yaratilishi hamda 2018-yil 1-yanvardan ishga tushirilishini taʼminlasin;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PF-5228-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2017-y., 06/17/5228/0210-son)

bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini belgilangan tartibda kiritsin:

davlat (korporativ) xaridlarini raqobat asosida amalga oshirishning shaffof va ochiq mexanizmini, ushbu sohada korrupsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni;

davlat (korporativ) xaridlariga tadbirkorlik subyektlari keng jalb qilinishini;

davlat (korporativ) xaridlari ishtirokchilari uchun shikoyat qilishning mustaqil va samarali tizimi hamda tartib-taomillarini yaratishni;

elektron xaridlarni yanada rivojlantirish, natijalarni tahlil qilish uchun maʼlumotlar yagona bazasini, xaridlarning zarur parametrlarini tashkil etishni.

6. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 23-avgust,

PQ-3237-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishning zamonaviy shakl va uslublarini yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.