PQ-3388-son Qaror · 15.11.2017

2018-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3388
  • Qabul qilingan sana:15.11.2017
  • Kuchga kirgan sana:15.11.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/17/3388/0257

Qayd etib oʻtilsinki, ushbu yilda respublikada qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar va bir qator normativ-huquqiy hujjatlar natijasida mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari uchun qimmatbaho metallarni sotish va hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlari belgilandi va muayyan tartib joriy etildi, zargarlik buyumlarini sotishda chakana savdo tarmogʻi hamda ishlab chiqaruvchilar uchun soliq imtiyozlari taqdim etildi.

Zargarlik sanʼatining koʻp asrlik anʼanalarini tiklash va yanada rivojlantirish, mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqarilishini rivojlantirish, zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ichki va tashqi bozorlarda mahsulotlarning raqobatdoshligini taʼminlash, shuningdek, aholining yuqori sifatli mahalliy zargarlik buyumlariga boʻlgan talabini qondirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Oʻzbekiston zargarlik sanoati uyushmasini (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

birinchi, Oʻzbekistonning turli hududlarida zargarlik sanʼatining koʻp asrlik anʼanalarini saqlash va rivojlantirish;

ikkinchi, zargarlik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish, ilmiy-texnikaviy, texnologik, investitsiyaviy va eksport siyosatini izchil olib borish;

uchinchi, tayyor zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va sifatini yaxshilash boʻyicha ishlarni samarali tashkil etish, uning dizaynida talab etilayotgan yoʻnalishlar va texnologiyalarni koʻproq oʻzlashtirish, xalqaro talablarga muvofiq zargarlik mahsulotlarini sertifikatlashtirish va standartlashni taʼminlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etish;

toʻrtinchi, mahsulotlarni sotish bozorlarini kengaytirish boʻyicha marketing tadqiqotlari oʻtkazish, ichki va tashqi bozorlarda zargarlik buyumlariga boʻlgan narxlarni monitoring qilish, zargarlik mahsulotlari eksporti hajmlarini oshirish, zargarlik mahsulotlariga boʻlgan narxlarni shakllantirishga oid maqbul mexanizmni ishlab chiqish boʻyicha takliflar va tavsiyalar berish;

beshinchi, dunyo bozorlarida raqobatbardosh boʻlgan, yuqori likvidli zargarlik mahsulotlari va qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan sanʼat mahsulotlari ishlab chiqarilishini tashkil etish, toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini hamda zamonaviy texnologik uskunalar va innovatsiyaviy izlanishlarni tatbiq etish tajribasiga ega xorijiy investorlarni jalb etish;

oltinchi, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish orqali davlatdan yordam olishida koʻmaklashish, imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish, xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini hisobga olgan holda, xorijiy investitsiyalarni jalb etish;

yettinchi, zargarlik sanoati uchun tizimli professional kadrlar tayyorlashni tashkil etish va yangi ish oʻrinlari yaratish.

3. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni muassislar umumiy yigʻilishining qarori bilan tasdiqlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son)

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi raisiga, zarur hollarda “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi markaziy apparatining tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish, moliya va bank tizimlarini isloh qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalari kompleksi tarkibiga kiradi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-fevraldagi PF-5329-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2018-y., 06/18/5329/0846-son)

zargarlik yoki qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo boʻlishi mumkin;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son)

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining raisi va uning oʻrinbosarlari muassislar umumiy yigʻilishining qarori bilan saylanadi;

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son)

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi ijro etuvchi apparatining joriy taʼminoti va faoliyatini moliyalashtirish uning tarkibiga shartnoma asosida kiruvchi zargarlik sohasi tashkilotlarining ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

5. Quyidagilarni oʻz ichiga olgan 2018 — 2020-yillarda zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar Dasturi:

2018 — 2020-yillarda asosiy turdagi zargarlik buyumlari ishlab chiqarishning maqsadli parametrlari 3-ilovaga muvofiq;

zargarlik sanoatini shakllantirish, rivojlantirish va davlat tomonidan qoʻllab quvvatlash boʻyicha kompleks tadbirlar (“yoʻl xaritasi”) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasini tashkil etish va zargarlik tarmogʻini rivojlantirish bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va amaliy yordam koʻrsatish Ishchi guruhi 5-ilovaga muvofiq tuzilsin.

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasini tashkil etish va zargarlik tarmogʻini rivojlantirish bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishda qatnashayotgan Ishchi guruh rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, iqtisodiyot vaziri G.K. Saidova, moliya vaziri B.A. Xodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmurodov, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlari zimmasiga mazkur qarorning 3- va 4-ilovalarida nazarda tutilgan tadbirlarni sifatli va toʻliq hajmda bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

7. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi uch oy muddatda 2018 — 2020-yillarda zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga oid manzilli dasturni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish boʻyicha har yillik davlat dasturlari doirasida zargarlik va badiiy buyumlarga yaroqlilik darajasini hisobga olgan holda, zargarlik sanoati ehtiyoji uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar konlarini qidirish va sanoat yoʻli bilan oʻzlashtirishni taʼminlasin.

9. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda zargarlik tarmogʻi uchun malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etish, ilgʻor oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida, shu jumladan xorijiy muassasalar negizida ularning malakasini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

10. 2021-yilning 1-yanvarigacha “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga kiradigan zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari tomonidan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin;

11. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga davlat bojini toʻlamagan holda Uyushma aʼzolarining manfaatlarini koʻzlagan koʻrinishdagi daʼvo arizalari berish, davlat organlari qarorlari, ushbu organlar mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqlari berilsin.

12. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi Toshkent shahri, Chilonzor tumani, 9-kvartal, S. Yusupov koʻchasi, 50-uyda joylashgan “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi binosiga bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasini belgilangan tartibda telekommunikatsiya tarmoqlariga, jumladan, hukumat aloqasiga ulanishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 12-iyundagi PQ-3051-sonli qarorining 10-ilovasidagi “Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar” boʻlimi quyidagi mazmundagi 15-1 bandi bilan toʻldirilsin:

“15-1. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi”.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 15-noyabr,

PQ-3388-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 06/24/104/0551-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-noyabrdagi PQ-3388-son qaroriga 3-ILOVA

2018 — 2020-yillarda asosiy turdagi zargarlik buyumlari ishlab chiqarishning

* Quvvatlar oʻzlashtirilayotganligi munosabati bilan 2018-yilda eksport nazarda tutilmayapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-noyabrdagi PQ-3388-son qaroriga 4-ILOVA

Zargarlik sanoatini rivojlantirish va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks tadbirlar (“yoʻl xaritasi”)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-noyabrdagi PQ-3388-son qaroriga 5-ILOVA

“Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasini qayta tashkil etish va zargarlik tarmogʻini rivojlantirish bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va amaliy yordam koʻrsatish Ishchi guruhi

Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtganida uning tarkibiga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish vazifasi yuklangan shaxslar kiritiladi.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-sentabrdagi PF-6066-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.09.2020-y., 06/20/6066/1317-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.