PQ-3440-son Qaror · 25.12.2017

2018-2022-yillar davrida bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3440
  • Qabul qilingan sana:25.12.2017
  • Kuchga kirgan sana:25.12.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/17/3440/0458

Qayd etilsinki, respublikada sogʻlom bolalar tugʻilishi, homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlash uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlaydigan zamonaviy perinatal markazlar hamda “Ona va bola skrining” markazlari tarmogʻi yaratildi, tugʻruqqa yordam beruvchi va pediatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlandi, tugʻma va irsiy kasalliklarga tashxis qoʻyish, davolash hamda ular profilaktikasining zamonaviy usullari joriy etildi.

2013 — 2017-yillar davrida bolalikdan nogironlar tugʻilishining oldini olish uchun tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi doirasida barcha “Ona va bola skrining” markazlari hal qilish qobiliyati yuqori boʻlgan biokimyoviy analizatorlar va zamonaviy ultratovush skanerlar bilan jihozlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika “Ona va bola skrining” markazlari chaqaloqlarda va kichik yoshdagi bolalarda irsiy kasalliklarning keng doirasiga tashxis qoʻyish uchun yuqori texnologik analizatorlar — tandem mass-spektrometrlar bilan jihozlandi.

Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida 1,1 milliondan ortiq homilador ayol tekshiruvdan oʻtkazildi, bu 21 ming nafardan ortiq rivojlanishida tugʻma nuqsonlar boʻlgan bola tugʻilishining oldini olish imkonini berdi. 1,7 milliondan ortiq chaqaloq tugʻma va irsiy kasalliklar yuzasidan tekshirildi, 2,7 ming nafar bolaga rivojlanishning tugʻma nuqsonlarini bartaraf etish yuzasidan malakali tibbiy yordam koʻrsatildi.

Shu bilan birga, tugʻma va irsiy kasalliklarning oldini olish boʻyicha profilaktik va davolash-tashxis qoʻyish tadbirlarini, ayniqsa qishloq joylarda boʻlajak onalar va bolalarning sogʻligi holati ustidan patronaj tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, jahon amaliyotiga muvofiq tugʻruqqa yordam beruvchi muassasalarning va “Ona va bola skrining” markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash talab etiladi.

Onalar va bolalar sogʻligʻini har tomonlama mustahkamlash, sogʻlom avlod tugʻilishi va uni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish, homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlash davlat tizimini yanada rivojlantirish, bolalarda nogironlikni kamaytirish, shuningdek, “Ona va bola skrining” markazlarining kadrlar salohiyatini va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida:

1. 2018 — 2022-yillar davrida bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

“Ona va bola skrining” markazlarini yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar bilan jihozlash orqali ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollarni markaziy koʻp tarmoqli tuman (shahar) poliklinikalarida tugʻishdan oldin ommaviy tekshirish va xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarda genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish yoʻli bilan homilada tugʻma va irsiy kasalliklarning oldini olish va ularga barvaqt tashxis qoʻyish chora-tadbirlarini takomillashtirish;

homilada va kichik yoshdagi bolalarda xromosom sindromlar diagnostikasida laboratoriya diagnostikasining zamonaviy usullarini, shu jumladan, sitogenetik va molekulyar-sitogenetik texnologiyalarni joriy etish;

bolalarda irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qoʻyish usullarini takomillashtirish orqali chaqaloqlarni ommaviy tekshirish, shuningdek, bemor bolalarni dori vositalari va davolaydigan ovqatlar bilan taʼminlash orqali irsiy kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish;

“Ona va bola skrining” markazlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va amaliy sogʻliqni saqlashga zamonaviy jahon tajribasini joriy etgan holda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Nukus, Buxoro, Samarqand va Fargʻonadagi “Ona va bola skrining” markazlarida mintaqalararo sitogenetik laboratoriyalar tashkil etish, ularni yuqori texnologik tibbiyot diagnostika uskunalari bilan jihozlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda yashash joylarida, mahallalarda va taʼlim muassasalarida tugʻma va irsiy kasalliklarning oldini olish, sogʻlom oilani shakllantirish, ona va bola sogʻligʻini muhofaza qilish masalalari boʻyicha tushuntirish va profilaktika ishlarini muntazam oʻtkazib borsin;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)

“Sogʻlom avlod uchun” Xalqaro nodavlat xayriya jamgʻarmasi bilan birgalikda Davlat dasturini sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi hamda ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan muvofiqlashtirish va nazoratni taʼminlasin;

har chorakda Davlat dasturining bajarilish jarayonini koʻrib chiqsin va zarurat boʻlganda uning samarali bajarilishini taʼminlash masalalari boʻyicha belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Belgilansinki, Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, “Sogʻlom avlod uchun” Xalqaro nodavlat xayriya jamgʻarmasi va xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

6. Davlat dasturini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Sogʻlom avlod uchun” Xalqaro nodavlat xayriya jamgʻarmasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, reagentlar, zarur materiallar, bolalar davolovchi ovqati, dori vositalari 2023-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno) ozod qilinsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Sogʻlom avlod uchun” Xalqaro nodavlat xayriya jamgʻarmasi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholi orasida tugʻma va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tugʻilishining oldini olish zarurligi toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlarini tashkil etsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Kasimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 25-dekabr,

PQ-3440-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-dekabrdagi 3440-son qaroriga ILOVA

2018 — 2022-yillarda bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash

Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirishga sarflanadigan xarajatlar jami: 90,0 mln soʻm va 30,84 mln AQSH dollari shundan: mlrd. soʻmda mln AQSH dollarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari — — 28,46 “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya jamgʻarmasi mablagʻlari — 90,0 — 2,38

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.