Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlash, onalik va bolalikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ushbu sohadagi ishlarning holati xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular bilan maqsadli ishlarni tashkil etish, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sogʻlomlashtirishning samarali mexanizmlarini yaratishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat beradi. Jumladan:
birinchidan, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni manzilli qoʻllab-quvvatlash tizimi mavjud emas, ishsiz va ijtimoiy faol boʻlmagan xotin-qizlar bilan yakka tartibda ish olib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmagan, xotin-qizlar oʻrtasida bandlikka koʻmaklashish va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha faoliyat samarasiz tashkil etilgan;
ikkinchidan, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning maʼnaviy-axloqiy negizlari va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarini mustahkamlash boʻyicha maqsadli ishlar olib borilmayapti, erta nikohlarning, oilalardagi nizoli holatlar va ajrashishlarning oldini olish boʻyicha choralarning samaradorligi past darajada qolmoqda;
uchinchidan, xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish borasidagi faoliyat yetarli darajada tashkil etilmagan, onalar kasalligi va perinatal kasalliklar profilaktikasi va ularning oldini olish boʻyicha samarali tizim, ayniqsa, chekka qishloq hududlarida mavjud emas;
toʻrtinchidan, xotin-qizlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha samarali choralar koʻrilmayapti, xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularga yuridik maslahatlar berish mexanizmi zamon talablariga javob bermaydi;
beshinchidan, xotin-qizlar qoʻmitalarining keng koʻlamli vazifalari zarur vakolatlarning yoʻqligi va tashkiliy-shtat birliklarining yetishmasligi sharoitida xotin-qizlarning eng muhim muammolarini hal etish borasida ularning kuch va imkoniyatlarini toʻliq safarbar etish imkonini bermayapti;
oltinchidan, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi tashkiliy boʻysunuvining noaniqligi va zarur moliyalashtirish manbalarining mavjud emasligi, oila muammolarini oʻrganish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy, ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha unga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishiga toʻsqinlik qilmoqda;
yettinchidan, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilani mustahkamlash, nizoli holatlar va ajrashishlarning oldini olish sohasida kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha ishlar tashkil etilmagan.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni inobatga olgan holda:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
birinchidan, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish;
ikkinchidan, xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarning manzilli roʻyxatlarini tuzish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish;
uchinchidan, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash;
toʻrtinchidan, xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, birinchi navbatda, huquqbuzarlikka moyilligi boʻlganlar bilan yakka tartibda ish olib borish hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashishi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni taʼminlash.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi va uning hududiy boʻlinmalari rahbarlari eng avvalo:
joylarda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarni oʻz vaqtida aniqlash, ular bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlarni olib borish, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash;
xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ular oʻrtasida oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha amaliy choralarni amalga oshirish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil etish, shu jumladan, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga shaxsan javobgardir.
3. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018-yil 1-apreldan fuqarolar yigʻinlarining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi oʻrniga tegishli shtat birliklarini tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitalari tuzilmasiga oʻtkazgan hamda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis (keyingi oʻrinlarda — mutaxassis deb yuritiladi) lavozimini joriy etish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
mutaxassis lavozimi har bir fuqarolar yigʻinida 1 tadan, oilalar soni 2000 va undan ortiq boʻlgan fuqarolar yigʻinlarida esa 2 tadan joriy etiladi;
mutaxassis fuqarolar yigʻini binosida joylashadi, lavozimi boʻyicha fuqarolar yigʻini kengashining tarkibiga kiradi va fuqarolar yigʻini bilan yaqin hamkorlikda oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi bilan birgalikda 2018-yilning 1-apreliga qadar fuqarolar yigʻinlarining diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha har bir maslahatchisi faoliyatini tanqidiy oʻrganib chiqsin va natijalari boʻyicha yangidan kiritilgan mutaxassis lavozimlariga yetarli bilim darajasiga, yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, oʻziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajara oladigan shaxslarni tayinlash choralarini koʻrsin.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, viloyat markazlari boʻlgan shaharlar, tumanlar (shaharlar) xotin-qizlar qoʻmitalari ijro apparatlarining namunaviy tuzilmalari 3, 4 va 5-ilovalarga muvofiq;
Xotin-qizlar qoʻmitalari ijro apparatlari xodimlarining cheklangan soniga nisbatan toifalangan viloyat markazlari boʻlgan shaharlar, tumanlar (shaharlar) roʻyxati 6-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari maqomi, mehnatga haq toʻlash shartlari, moddiy taʼminoti, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish boʻyicha tegishlicha vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi markaziy apparati xodimlariga nisbatan, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududiy davlat boshqaruvi organlari xodimlari faoliyatini yanada takomillashtirish va moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 9-yanvardagi PQ-2722-son qarorining 1-bandida belgilangan har oylik ustamalar qoʻllaniladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi (keyingi oʻrinlarda “Oila” markazi deb yuritiladi) va uning hududiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi qoshidagi Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi negizida tashkil etilsin hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish, bu sohada normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, uning farovonligi va xotirjamligini oshirish masalalarini kompleks oʻrganishni tashkil etish, mazkur yoʻnalishlar boʻyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish va samarali tatbiq etish;
zamonaviy oilani rivojlantirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlar muammolari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish, ular asosida oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilaviy ajrashishlarning oldini olish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlarni, er-xotin, ota-ona va farzandlar, er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni tahlil qilish asosida zamonaviy namunali oilaning mezonlarini belgilash, shuningdek, zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini keng targʻib etish va jamiyatga singdirish ishlarini olib borish;
davlat organlari, xotin-qizlar qoʻmitalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda notinch va muammoli oilalarni aniqlash va ularning manzilli roʻyxatlarini tuzish, maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va milliy mentalitetga zid boʻlgan turli yot xavf-xatarlarga qarshi turish maqsadida ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatish;
oila-nikoh munosabatlari sohasida amaliyotni oʻrganish va tajriba almashish borasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish.
7. Belgilansinki:
“Oila” markazi direktori va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
“Oila” markazi direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash shartlari, moddiy taʼminoti, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish boʻyicha vazirga, direktorning oʻrinbosarlari esa vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tuman (shahar) boʻlimlari “Oila” markaziga va tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklariga hisobot beradi;
“Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari tomonidan “Oila” markazi direktori bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
8. Belgilansinki, “Oila” markazi direktori va uning hududiy boʻlinmalari rahbarlari eng avvvalo:
oila institutini mustahkamlash, jamiyatga uning zamonaviy namunali shaklini singdirish boʻyicha sifatli tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda taʼsirchan, ilmiy asoslangan va amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga;
oilada, ayniqsa nikohning ilk davrlarida er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, erta nikoh va ajrashishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralarning natijadorligiga;
notinch va muammoli oilalarni oʻz vaqtida aniqlash, ulardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish va oilaviy munosabatlarni yaxshilash boʻyicha choralar koʻrishga shaxsan javobgardir.
9. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va “Oila” markazi vakillarini ularning vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilishlarga va boshqa tadbirlarga jalb etish taqiqlansin.
Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talabni buzganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilsin.
10. Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar “Oila” markaziga uning soʻroviga koʻra markazga yuklatilgan vazifalar bilan bogʻliq boʻlgan zarur hujjatlar, statistik va boshqa maʼlumotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotning taqdim etilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2018-yil 1-apreldan FHDY organlarini ularning nikoh munosabatlariga oid aktlarni rasmiylashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajrashishlarning oldini olish bilan bogʻliq boʻlgan asosiy faoliyat yoʻnalishi boʻyicha tuman (shahar) hokimliklariga boʻysundirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Xotin-qizlar va oila masalalari boʻyicha FHDY organi, “Oila” markazining tuman (shahar) boʻlimi hamda boshqa tuzilmalar faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish tuman (shahar) hokimi oʻrinbosari — xotin-qizlar qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklatilsin.
12. “Oila” markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari huzurida tibbiyot kasb-hunar kollejlari negizida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, ajrashishlarning oldini olish, shuningdek, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid boshqa masalalar sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kurslari tashkil etilsin.
Belgilansinki, maxsus oʻquv kurslarida qayta tayyorlash va malakani oshirish “Oila” markazi tomonidan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan oʻquv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
13. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Tadbirkor ayol” uyushmasining Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PF-5898-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 06/20/5898/4258-son)
xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi boʻlgan ayollarga moddiy yordam koʻrsatish;
xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashda koʻmaklashish.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PF-5597-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 06/18/5597/2300-son)
15. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va “Oila” markazining oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tuzilmalarida oʻsmir qizlar va fertil yoshidagi ayollar uchun “ayollar maslahatxonalari”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin va quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oilani rejalashtirish, kontratsepsiya usullari, homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish va jinsiy yoʻllar orqali yuqadigan kasalliklarning oldini olish boʻyicha, shu jumladan anonim tarzda, maslahatlar berish;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi PF-5840-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 06/19/5840/3826-son)
onalar va bolalar hamda fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq akusher-ginekologik va ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish;
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi PF-5840-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 06/19/5840/3826-son)
reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, onalik va perinatal kasalliklarining va oʻlim holatlarining oldini olish sohasida aholining bilimi va sanitariya madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “ayollar maslahatxonalari”, shuningdek ularning asosiy vazifalari yuzasidan “tezkor aloqa” faoliyatini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini kiritsin.
16. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafar talabgorlarga beriladi;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari boʻlgan oʻquvchilari bakalavriatga, bakalavriat talabalari esa oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga tegishli yoʻnalish va ixtisoslik boʻyicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
17. Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan xotin-qizlarga beriladigan “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
18. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) bir oy muddatda:
“Oila” markazi va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini, ularning tuzilmalarini tasdiqlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibini, har bir xodimning vakolatlari va javobgarligi aniq belgilanishini nazarda tutgan holda, tashkil etish;
maxsus oʻquv kurslari, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish;
(19-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PF-5898-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 06/20/5898/4258-son)
tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitasining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi faoliyati, uning faoliyati samaradorligini baholash mezonlari, shuningdek, “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash;
ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzand(lar)ini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uchun qulay sharoitlarga ega arzon uylarni qurish yuzasidan hududiy manzilli dasturlarni, shuningdek, uylarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida qarorlar qabul qilsin;
b) uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash Konsepsiyasi loyihasini kiritsin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Oila” markazi bilan birgalikda bir oy muddatda:
notinch va ehtiyojmand oilalardagi kasalligi, shu jumladan, reproduktiv salomatligi bilan bogʻliq kasalligi bor boʻlgan shaxslarni aniqlash va ularga manzilli tibbiy yordam koʻrsatish;
Respublika “Ona va bola skriningi” markazi va Respublika aholi reproduktiv markazi hamda ularning boʻlinmalari faoliyatini birgalikda oʻrganish, shuningdek, ularning aholiga koʻrsatayotgan xizmatlarini rivojlantirishga oid takliflar ishlab chiqish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish tartibini tasdiqlasin.
21. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” markazi, “Saodat” jurnali va “Oila va jamiyat” gazetasi tahririyatlarini joylashtirish uchun binolar ajratish toʻgʻrisida taklif kiritsin.
22. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oila” markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan “Oila” markazi hududiy boʻlinmalarini barcha sharoitlarga ega boʻlgan xizmat xonalari, zarur mebel va jihozlar, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va Internet tarmogʻi bilan taʼminlasin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu Farmonni amalga oshirish uchun 2018-yilga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida zarur boʻlgan budjet mablagʻlarini ajratsin, 2019-yildan boshlab esa har yili ushbu mablagʻlarni nazarda tutsin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2004-yil 25-maydagi PF-3434-son Farmoni 2018-yil 1-apreldan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” markazi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Farmondan kelib chiqib, shu jumladan FHDY organlarining tuman (shahar) hokimliklariga boʻysundirilishi munosabati bilan adliya va mahalliy ijro hokimiyati organlarining vakolat va funksiyalarini chegaralashni nazarda tutgan holda qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
26. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.T. Kamilov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-fevral,
PF-5325-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi markaziy apparatining
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 32 nafardan iborat.
Texnik va yordamchi xodimlar shtat birliklari soni oʻrnatilgan meʼyorlar asosida belgilanadi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-noyabrdagi PF-5880-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2019-y., 06/19/5880/4044-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga 3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitalari ijro apparatlarining
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitalari ijro apparatlari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 5 nafardan, jami 70 nafardan iborat.
Texnik va yordamchi xodimlar shtat birliklari soni oʻrnatilgan meʼyorlar asosida belgilanadi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-noyabrdagi PF-5880-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2019-y., 06/19/5880/4044-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga 4-ILOVA
Viloyat markazlari boʻlgan shaharlar xotin-qizlar qoʻmitalari ijro apparatining
Viloyatlar markazlari boʻlgan shaharlar xotin-qizlar qoʻmitalari ijro apparatining boshqaruv xodimlarini cheklangan soni — 4 nafardan, jami 52 nafardan iborat.
* Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi har bir fuqarolar yigʻinida 1 nafardan, 2000 ta va undan ortiq oila yashayotgan fuqarolar yigʻinlarida esa 2 nafardan koʻzda tutilgan.
Texnik va yordamchi xodimlar shtat birliklari soni oʻrnatilgan meʼyorlar asosida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga 5-ILOVA
Tumanlar (shaharlar) xotin-qizlar qoʻmitalari ijro apparatining
Tumanlar (shaharlar) xotin-qizlar qoʻmitalari ijro apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 3-4 nafardan, jami 654 nafardan iborat.
* 1-toifali mutaxassis lavozimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni 6-ilovasidagi 1-toifali tumanlarda (shaharlarda) nazarda tutilgan.
** Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi har bir fuqarolar yigʻinida 1 nafardan, 2000 ta va undan ortiq oila yashayotgan fuqarolar yigʻinlarida esa 2 nafardan koʻzda tutilgan.
Texnik va yordamchi xodimlar shtat birliklari soni oʻrnatilgan meʼyorlar asosida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga 6-ILOVA
Xotin-qizlar qoʻmitalari apparati xodimlarining cheklangan soniga nisbatan toifalangan viloyat markazlari boʻlgan shaharlar, tumanlar (shaharlar)
1-toifa — shtat birligi soni 4 nafar etib belgilanmoqda (1 nafar — rais, 1 nafar — bosh mutaxassis, 1 nafar — yetakchi mutaxassis, 1 nafar 1-toifali mutaxassis);
2-toifa — shtat birligi soni 3 nafar etib belgilanmoqda (1 nafar — rais, 1 nafar — bosh mutaxassis, 1 nafar — yetakchi mutaxassis);
jami 706 nafar shtat birligi (200 nafar — rais, 200 nafar — bosh mutaxassis, 200 nafar — yetakchi mutaxassis, 106 nafar — 1-toifali mutaxassis).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga 7-ILOVA
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)