Respublikada limon koʻchatlarini yetishtirish va limon yetishtiruvchi issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etishni jadal rivojlantirish, sohaning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish hamda aholi bandligi va daromadlari darajasini oshirish, ayniqsa, qishloq joylarda yangi ish oʻrinlari yaratish mexanizmini taʼminlaydigan yagona tashkiliy tizimni barpo etish hamda innovatsion texnologiyalar asosida limon yetishtirishni kompleks rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki hamda limon yetishtiruvchi tashkilotlarning respublika hududida limon koʻchatlarini yetishtirishni yanada rivojlantirish va eksport hajmini oshirish maqsadida “Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasini (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“Pyure frut treyd” MCHJ, “Xolis sarkor zamin” MCHJ, “QUBBO meva-sabzavot” MCHJ, “Sagʻbon tikuvchi elit” MCHJ, “Sora invest” MCHJ masʼuliyati cheklangan jamiyatlari shaklidagi limon yetishtiruvchi tashkilotlar, “Uzoqboy nihollari”, “Qurbonov Izzatilla”, “Abduraxmon Abdugʻaffor davr” fermer xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalari, limon eksporti bilan shugʻullanadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar Uyushma muassislari hisoblanadi;
tashkilotlar, fermer xoʻjaliklari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar shartnoma asosida Uyushmaga mustaqil aʼzo boʻlishlari mumkin va uning tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.
3. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublikada limon koʻchatlarini yetishtirish va limon yetishtiruvchi issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etishni kompleks rivojlantirish boʻyicha dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish, sohada yagona ilmiy-texnikaviy, texnologik, investitsion va eksport siyosati amalga oshirilishiga koʻmaklashish;
tabiiy maydonlardan oqilona foydalangan va intensiv yetishtirish texnologiyalarini qoʻllagan holda limon oʻsimligining oʻsishi uchun qulay boʻlgan hududlarda maxsus issiqxona xoʻjaliklarini tashkil qilish yoʻli bilan limon yetishtirish hamda eksportga mahsulot chiqarish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirib borish;
limon yetishtirish jarayonlariga xorijiy sarmoyalarni, chet ellik mutaxassislar hamda konsultantlarni faol jalb qilish, ushbu sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish;
limon koʻchatlarini limon yetishtirish bilan shugʻullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarga tizimli yetkazib berish, limon oʻsimligi zararkunandalari va kasalliklariga qarshi biologik hamda kimyoviy vositalar asosida kurashish ishlariga koʻmaklashish;
innovatsion texnologiyalarni limon yetishtirish jarayoniga joriy qilish uchun ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, limonning mahalliy serhosil navlarini yaratish, rayonlashtirish hamda yangi navlarni davlat reyestriga kiritish ishlariga koʻmaklashish;
limon yetishtirish va uni qayta ishlash hamda eksportga yetkazib berish sohasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
limon yetishtiruvchilarga limonni yetishtirishning zamonaviy usullari va uni parvarish qilish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish hamda metodik yordam koʻrsatish;
limonni parvarish qilishga jalb etiladigan mutaxassislarni agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri oʻtkazish boʻyicha oʻqitish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish;
soha uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida, shuningdek, xorijda ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirishda ishtirok etish.
4. Quyidagilar:
“Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga;
“Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 16 nafardan iborat boʻlgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Uyushma raisiga, zarurat boʻlganda, ijro etuvchi apparatining tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
Uyushmaning ijro etuvchi apparatining joriy taʼminoti hamda faoliyatini moliyalashtirish ularning tarkibiga kiruvchi limon yetishtiruvchi tashkilotlarning ajratmalari, limon yetishtirish, uning koʻchatlarini tayyorlash va eksporti bilan shugʻullanadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning aʼzolik badallari, xalqaro moliya institutlarining grantlari hamda mahalliy va xorijiy investitsiya mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Uyushma raisi va oʻrinbosari Uyushma aʼzolarining umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi.
6. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2018 — 2021-yillarda limonzorlar barpo etish va 2021 — 2025-yillarda limon hosili yetishtirishning umumiy prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Fermer, dehqon va tomorqa xoʻjaliklari tomonidan 2018 — 2021-yillarda limonzorlar barpo etish va 2022 — 2025-yillarda limon hosili yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari 3.1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida 2018 — 2021-yillarda limonzorlar barpo etish va 2021 — 2025-yillarda limon hosili yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari 3.2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida va akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida 2018 — 2021-yillarda limon koʻchatlari yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2018 — 2021-yillarda limon mahsulotini yetishtirish va eksportga chiqarishning prognoz koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, “Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda ikki hafta muddatda ushbu qarorning 6-bandidan kelib chiqqan holda limon koʻchatlari va mahsulotini yetishtirish prognoz koʻrsatkichlarini tumanlar va limon yetishtiruvchi tashkilotlar kesimida shakllantirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PF-36-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 06/21/36/1175-son)
limon yetishtirishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy issiqxonalarni tashkil etish uchun zarur texnika va mini texnologiyalarni sotib olish;
akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutida zamonaviy intensiv usullarda limon koʻchatlarini yetishtirishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari grantlari va kreditlarini jalb etish vazifasi yuklatilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagroeksport” aksiyadorlik jamiyati, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6217-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2021-y., 06/21/6217/0409-son)
limon mahsulotlari eksportining yangi istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash hamda naviga bogʻliq holda tashqi bozorning talabini aniqlash;
yetishtirilgan limon mahsulotlarini eksportga chiqarish boʻyicha zamonaviy logistika tizimini keng joriy etish, mahsulotni xalqaro talablar va standartlarga mos keladigan holda saralash, kalibrlash va qadoqlash yoʻli bilan eksportga chiqarishdan oldin tayyorlash ishlarini tashkil etsinlar.
10. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Toshkent davlat agrar universiteti, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti:
ikki hafta muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib limon yetishtirish va limon yetishtirishga ixtisoslashtirilgan issiqxonalarni tashkil etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilishini;
2018-yil 1-aprelgacha qadar fermer, dehqon xoʻjaliklari rahbarlari va mutaxassislari hamda tomorqa yer egalari ishtirokida limon yetishtirishga ixtisoslashtirilgan issiqxonalarni tashkil etish yuzasidan oʻquv seminarlari oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
11. Qashqadaryo viloyati hokimligi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Uyushma tekin foydalanish huquqi asosida Qarshi shahri, Eski anhor koʻchasi, 4-uyda joylashgan Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasining maʼmuriy binosiga joylashtirilishini taʼminlasin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, Qishloq xoʻjaligi vaziri B.T. Yusupov, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-mart,
PQ-3586-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-son qaroriga 1-ILOVA
“Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-son qaroriga 2-ILOVA
“Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar” uyushmasi ijro etuvchi apparati
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 16 nafar.
Izoh: Uyushma ijro etuvchi apparatining tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-son qaroriga 3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2018 — 2021-yillarda limonzorlar barpo etish va 2022 — 2025-yillarda limon hosili yetishtirishning umumiy prognoz koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-son qaroriga 3.1-ILOVA
Fermer, dehqon va tomorqa xoʻjaliklari tomonidan 2018 — 2021-yillarda limonzorlar barpo etish va 2022 — 2025-yillarda limon hosili yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-son qaroriga 3.2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida 2018 — 2021-yillarda limonzorlar barpo etish va 2022 — 2025-yillarda limon hosili yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida va akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida 2018 — 2021-yillarda limon koʻchatlari yetishtirishning prognoz koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3586-son qaroriga 5-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2018 — 2021-yillarda limon mahsulotini yetishtirish va eksportga chiqarishning prognoz koʻrsatkichlari
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)