PQ-3391-son Qaror · 17.11.2017

Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3391
  • Qabul qilingan sana:17.11.2017
  • Kuchga kirgan sana:17.11.2017
  • Holati:Amalda

Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan milliy maqom sanʼati oʻzining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy anʼanalari bilan maʼnaviy hayotimizda alohida muhim oʻrin egallaydi.

Asrlar davomida ulugʻ shoir va olimlar, mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning mashaqqatli mehnati va fidoiyligi, ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan ushbu noyob sanʼat nafaqat yurtimiz va sharq mamlakatlarida, balki dunyo miqyosida katta shuhrat va eʼtibor qozongan. Maqom sanʼatining gultoji boʻlgan “Shashmaqom” YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatda eʼtirof etilgani hamda uning Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgani buning yaqqol tasdigʻidir.

Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda maqom sanʼatini oʻrganish va rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, oʻzbek “Shashmaqomi” nota matnlarining nashr etilishi va ularga muvofiq ravishda maqom kuy-qoʻshiqlarining magnit lentalarga yozib olinishi ulkan ilmiy-madaniy ahamiyatga ega voqea boʻldi.

Hozirgi kunda yurtimizda Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, hududlarda maqom jamoalari, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida shu yoʻnalishda maxsus kafedra faoliyat koʻrsatayotgani, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borilayotganini qayd etish lozim.

Ayni vaqtda milliy oʻzligimizni anglash, madaniyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimizni yuksak insoniy tuygʻular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini shakllantirishda maqom sanʼatining keng imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti.

Mazkur yoʻnalishda chuqur ilmiy-nazariy tadqiqotlar, oʻquv-uslubiy adabiyotlar yaratish, maqom sanʼatini radio-televideniye, ommaviy axborot vositalari, Internet tarmogʻi orqali mamlakatimizda va chet ellarda targʻib etish, maqom ustozlari, soha olimlari va mutaxassislarining, iqtidorli va istiqbolli yosh ijrochilar faoliyatini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash ishlari eʼtibordan chetda qolib kelmoqda.

Yuqorida zikr etilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, oʻzbek maqom sanʼatini chuqur oʻrganib, oʻziga xos ijro maktablari va anʼanalarni yangi bosqichda ravnaq toptirish, uning “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targʻib qilish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining davlat muassasasi shaklida Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi (keyingi oʻrinlarda — Maqom markazi) faoliyatini tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar:

Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi 1-ilovaga;

Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga;

Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining tarkibiy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekistonda maqom sanʼatini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablari va anʼanalarni, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda oʻrganish va qayta tiklash;

oʻzbek maqom sanʼati mumtoz va zamonaviy ijro namunalarining “oltin fondi”ni yaratish;

xalqimiz, xususan, yosh avlodni maqom sanʼati bilan keng tanishtirish orqali ularda milliy oʻzlikni anglash tuygʻusi yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;

maqom sanʼati boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va targʻib qilish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

mumtoz musiqa merosimiz namunalarini notaga olish, mavjud yozuvlarni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish, maqom sanʼatining ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bogʻliq jihatlarini yurtimiz olimlari va chet ellik mutaxassislar ishtirokida chuqur oʻrganib, yangi ilmiy tadqiqotlar yaratish;

maqom sanʼatining koʻp asrlik ijro yoʻllarini puxta oʻzlashtirib, ularni yangicha usullar bilan boyitib, yosh avlod vakillariga oʻrgatib kelayotgan maqomchilar, maqomshunos ilmiy-pedagog olimlar va mutaxassislar, Maqom markazi xodimlari faoliyatini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;

Yurtimizda maqom sanʼati boʻyicha xorijiy yetuk ijrochilarning oʻzaro tajriba almashuvi, mahorat darslari hamda turli xalqaro maqom anjumanlari va tanlovlarini tashkil etish;

respublika hududlarida taniqli maqom ijrochilarining konsertlarini va mahorat darslarini tashkillashtirish;

maqom sanʼatini radio-televideniye, ommaviy axborot vositalari va Internet orqali Oʻzbekiston va chet ellarda keng targʻib etish.

4. Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi:

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining Musiqiy sharqshunosliq kafedrasi negizida “Oʻzbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasini tashkil etish, viloyatlardagi pedagogik oliy taʼlim muassasalarining musiqiy taʼlim yoʻnalishida maqom sanʼatini maxsus fan sifatida oʻqitishni joriy etish;

mazkur taʼlim muassasalariga malakali mutaxassislar, professor-oʻqituvchilarni jalb etish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, tegishli darslik, oʻquv qoʻllanma va ilmiy-uslubiy adabiyotlar bilan taʼminlash;

respublikadagi mavjud bolalar musiqa va sanʼat maktablari xamda madaniyat va sanʼat kollejlari va akademik litseylarda maqom sanʼatini oʻqitish boʻyicha boʻlimlar faoliyatini yanada kuchaytirish;

maqom sanʼatining ijodiy, ilmiy-uslubiy va ijro anʼanalarini puxta oʻzlashtirish va munosib davom ettirish maqsadida, taʼlim muassasalariga mohir maqomchi sanʼatkorlarni biriktirish va shu asosda “ustoz-shogird” maktablarini tashkil etish vazifasi topshirilsin.

5. 2018-yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish belgilansin.

Respublika komissiyasiga:

Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Qurilish vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda, 6 oy muddatda Shahrisabz shahrining Oqsaroy maydonida mazkur anjumanni oʻtkazish uchun zarur madaniy infratuzilma inshootlarini barpo etish boʻyicha takliflar kiritish;

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)

Xalqaro maqom sanʼati anjumanining ilmiy-ijodiy konsepsiyasi va Nizomini ishlab chiqish;

Oqsaroy maydonining tarixiy qismida maqom sanʼatiga bagʻishlangan muzey va milliy sozlar laboratoriyasini tashkil etish;

Shahrisabz shahar madaniyat saroyini kapital taʼmirlash, hozirgi vaqtda Oqsaroy maydonidagi mavjud Maqom markazi hamda bolalar musiqa va sanʼat maktabi faoliyatlarini takomillashtirish;

Xalqaro maqom sanʼati anjumanini yuksak saviyada oʻtkazish uchun xorijiy davlatlardan taniqli musiqashunos olimlar, sanʼatkorlar, ijodiy jamoalar va mutaxassislarni taklif etish;

2018-yildan boshlab sohada faol ijod qilayotgan sanʼatkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom sozandasi”, “Eng yaxshi maqom ustozi”, “Eng yaxshi maqom targʻibotchisi”, “Eng yaxshi yosh maqomchi” kabi nominatsiyalar boʻyicha mukofotlar taʼsis etish;

Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash vazifalari yuklatilsin.

6. Maqom markazi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Toshkent radioeshittirish uyi” binosiga ijara toʻlovisiz vaqtincha joylashtirilsin. (Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Maxtumquli koʻchasi 49-uy.)

Madaniyat vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahar hokimligi 1 oy muddatda Maqom markazi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan loyiha asosida yangi bino qurish boʻyicha taklif kiritsin.

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi oʻz tizimi uchun budjetdan ajratilgan yillik mablagʻlari doirasida doimiy ravishda “Toshkent radioeshittirish uyi”da ovoz yozish studiyalari va texnik vositalardan Maqom markazi uchun bepul foydalanish va Maqom ansambli tomonidan ijro etiladigan musiqiy asarlarni yozib olish, efirga berish va targʻibot qilishni taʼminlasin.

7. Maqom yoʻnalishida ijod qilib kelayotgan ijodiy jamoalar, ansambllar 2023-yilgacha barcha soliq toʻlovlaridan ozod etilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi.

Maqom markaziga 1 ta yengil avtomobil va 1 ta avtobus harid qilish uchun mablagʻlar ajratsin.

“Toshkent radioeshittirish uyi”da Maqom markaziga ajratilgan xonalarni joriy taʼmirlash uchun mablagʻ ajratsin.

Maqom sanʼatini tadqiq qilish bilan bogʻliq ilmiy izlanishlar, oʻquv qoʻllanmalar, tarjimalar, ilmiy va uslubiy adabiyotlarni nashr qilish harajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining parametrlarida ijtimoiy sohaga nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtirilishini taʼminlasin.

Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazini moliyalashtirish hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan hududiy boʻlimlarini saqlab turish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, oʻz daromadlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)

9. Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari uch oy muddatda viloyatlarda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan hududiy boʻlimlarini tashkil etsin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga maqom sanʼatini rivojlantirish va targʻib qilish boʻyicha xorijiy davlatlar bilan olib boriladigan barcha hamkorlik ishlarini oʻrnatilgan tartibda tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatsin.

11. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi maqom sanʼatini rivojlantirish boʻyicha bajarilgan ishlarni muntazam ravishda yoritib borish maqsadida alohida dastur ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda, bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X. Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 17-noyabr,

PQ-3391-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3391-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi

Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarini bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3391-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3391-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining tarkibiy

Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 83 ta

* Oʻzbekiston Badiiy jamoalar ijodiy birlashmasining Yu. Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli negizida

** Texnik va xizmat xodimlari belgilangan meʼyorlar asosida aniqlanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.