PQ-3657-son Qaror · 06.04.2018

Baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3657
  • Qabul qilingan sana:06.04.2018
  • Kuchga kirgan sana:07.04.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3657/1027

Baliqchilik tarmogʻi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning strategik yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Keyingi vaqtlarda koʻrilayotgan chora-tadbirlar tufayli mamlakat iqtisodiyotining tarkibida baliqchilik ulushi izchil ortib bormoqda.

Shu bilan birga, baliqchilik tarmogʻida hanuzgacha koʻplab kamchilik va muammolar saqlanib qolmoqda, ularni samarali hal etish ishchanlik faolligini oshirish, investitsiyalarni jalb etish, baliq yetishtirish uchun ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Baliqchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar va ishlanmalar sifatini oshirish, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Toshkent viloyati hokimligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimligiga sud qarori bilan berilgan mol-mulk va yer uchastkalari, shu jumladan, suv havzalari negizida “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarida “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Quyidagilar “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ishlab chiqarish, sunʼiy suv havzalarini baliqlantirishni yanada rivojlantirish va baliqchilik xoʻjaliklarini taʼminlash uchun baliqning yangi va sinalgan turlarini iqlimlashtirish orqali naslli baliq chavoqlarini yaratish;

nasldor baliq lichinkalari yetishtiruvchi zamonaviy inkubatsion sex faoliyatini tashkil etish, baliq chavoqlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud baliq chavoqlarini yetishtiruvchi suv havzalarini modernizatsiya qilish va qayta taʼmirlash;

oʻz ehtiyoji va baliqchilik xoʻjaliklari uchun toʻla qiymatli va yuqori oqsilli ozuqalarni ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy quvvatlarni yaratish orqali ozuqa bazasini mustahkamlash, don va don ekinlarini ekish yoʻli bilan bugʻdoy va soyaga boʻlgan oʻz ehtiyojlarini qondirish;

innovatsion va zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish, shu jumladan qafas (sadok) usulida, yopiq suv aylanma tizimi qurilmalarida baliq yetishtirish hamda sunʼiy suv havzalari hosildorligini oshirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini koʻpaytirish;

birinchi navbatda, aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, keyinchalik qoʻshni mamlakatlarga eksport qilish uchun baliqlarni qayta ishlash va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) boʻyicha zamonaviy komplekslarni tashkil etish;

suvning gidrokimyoviy tarkibini laboratoriya usulida tahlil qilish, baliqlarni kasalliklardan himoya qilish, shuningdek, baliq kasalliklarini aniqlash, ularni davolash choralarini koʻrish;

baliq yetishtirish, ovlash va qayta ishlash jarayonida innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini, shuningdek, mutaxassislik yoʻnalishi boʻyicha tahsil oluvchi taʼlim muassasalari talabalari uchun baliqchilik tarmogʻida amaliyot oʻtashni tashkil etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Toshkent viloyati hokimligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ tarkibidagi yer uchastkalarining chegaralarini aniq belgilasin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning faoliyat koʻrsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi;

faoliyat koʻrsatish muddati mobaynida “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ hududida alohida soliq va bojxona rejimlari amal qiladi;

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son — 2020-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)

“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning faoliyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi tomonidan muvofiqlashtiriladi;

“Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning operativ boshqaruv organi Direksiya hisoblanadi;

Direksiyaning faoliyatidan tushgan daromadlar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar uning faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;

Direksiyani “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshqaradi;

Direksiya Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi qarorlari va “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ tomonidan ishlab chiqilgan bosh rejalari boʻyicha maʼqullangan investitsiya loyihalarini joylashtiradi va “yagona darcha” tamoyili boʻyicha muhandislik-telekommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanishga barcha zarur ruxsatnomalar berilishini tashkil qiladi.

Direksiya butun faoliyat koʻrsatish davrida soliqlar toʻlashdan ozod qilinadi.

(3-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Quyi Chirchiq tumani hokimligiga sud qarori bilan berilgan mol-mulk, yer uchastkalari, shu jumladan suv havzalarining Direksiyaga topshirilishini taʼminlasin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Direksiya faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.

5. “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-son “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining 3, 4 va 5-bandlari amal qilinishi tatbiq etilsin.

6. Baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi balansida boʻlgan tabiiy suv havzalari doimiy ravishda alohida foydalanish uchun “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga berilsin.

Belgilansinki, tabiiy suv havzalarining ijara toʻlovlaridan kelib tushgan mablagʻlar toʻliq hajmda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini kiritishda vazirlik markaziy apparati tuzilmasi tarkibida 5 nafar shtat birligidan kam boʻlmagan Baliqchilikni rivojlantirish boshqarmasi tashkil etish, shu jumladan ushbu boshqarmaga “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashish vazifasini yuklashni nazarda tutsin;

2018/2019 oʻquv yilidan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida baliqchilik sohasi yoʻnalishlarida bakalavrlarni tayyorlash boʻyicha qabul kvotasini kamida ikki baravar oshirishni koʻzda tutsin;

Toshkent davlat agrar universitetida 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab, “Baliqchilik” yoʻnalishi boʻyicha kamida 6 nafardan iborat magistratura kursini tashkil etsin.

8. Quyidagilarga yoʻnaltirilgan Respublikada 2018 — 2023-yillarda baliqchilik sohasini jadal innovatsion rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

qimmatli baliq turlari va chavoqlarini intensiv yetishtirish uchun pitomnik va naslchilik ishlarini davlat-xususiy sheriklik shartlarida takomillashtirish;

baliq mahsulotlarini (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) ishlab chiqarishni kengaytirish;

akvakulturani rivojlantirish, yer va suv resurslaridan samarali hamda oqilona foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

baliqchilik tarmogʻidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni takomillashtirish;

baliqchilik tarmogʻida eksport salohiyatini oshirish;

baliqchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini koʻpaytirish, baliq isteʼmol qilish madaniyatini, shuningdek, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining baliqchilik sohasini boshqarish va muvofiqlashtirishdagi rolini yanada oshirish;

baliqchilik xoʻjaliklarining moddiy-texnik taʼminotini mustahkamlash uchun sharoitlar yaratish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

Dasturning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlash boʻyicha vazirlik va idoralarning oʻzaro hamkorligini va ularning faoliyati muvofiqlashtirilishini;

har oyda Dasturning bajarilishi tanqidiy koʻrib chiqilishini va mavjud muammolarni samarali hal etish choralari koʻrilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-noyabrga qadar muddatda:

yer va suv havzalaridan maqsadga nomuvofiq foydalanayotgan tabiiy va sunʼiy suv havzalarini xatlovdan oʻtkazish hamda ularni tovar baliqlar va baliq chavoqlarini yetishtirishga jalb qilish choralari koʻrilishini;

baliqchilik xoʻjaliklari sunʼiy va tabiiy suv havzalarining unumdorligini kadastr jihatdan baholagan holda yagona reyestr yaratilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida baliqchilik xoʻjaliklariga ixtiopatologik xizmat koʻrsatish uchun laboratoriyalar tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklariga 2019-yil 1-mayga qadar muddatda laboratoriyalarning toʻliq faoliyat yuritishi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlanishi hamda malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.

11. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi huzurida baliqchilik madaniyatini rivojlantirishning dolzarb masalalarini qamrab oluvchi, shu jumladan milliy va xorijiy ilmiy va amaliy innovatsion yutuqlarni, yangidan boshlovchi va faoliyat yuritib kelayotgan baliqchilar uchun baliq yetishtirish texnologiyalarini toʻgʻri tashkil etish hamda mamlakat ichida va undan tashqarisida sodir boʻlayotgan baliqchilik sohasidagi muhim voqealarni yoritib boruvchi “Baliqchilik” jurnali taʼsis etilsin.

12. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Arnasoy qishloq xoʻjaligi va transport kasb-hunar kolleji hamda Quyi Chirchiq agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji qoshida baliqchilarni tayyorlash hamda baliqchilik xoʻjaligi xodimlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

13. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga baliq yetishtirish, ularni qayta ishlash va tayyor baliq mahsulotlarini ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalarini oʻrganish va joriy qilish masalalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan har tomonlama hamkorlikni faollashtirishda koʻmaklashsin.

14. “Ipoteka-bank” ATIBga baliq chavoqlarini yetishtiruvchi suv havzalari va inkubatsiya sexlarini tashkil etish hamda ularning faoliyat yuritishini taʼminlash, baliq yetishtirishning zamonaviy texnologiyalari va usullarini joriy etish, eksportga yoʻnaltirilgan va raqobatbardosh baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha texnologik jarayonlarni bosqichma-bosqich shakllantirish uchun Direksiyaga besh yil muddatga, ikki yil imtiyozli davr bilan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda kreditlar berish tavsiya etilsin.

(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son)

15. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R. Inoyatov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 6-aprel,

PQ-3657-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-apreldagi PQ-3657-son qarorigaILOVA

2018 — 2023-yillarda respublikada baliqchilik tarmogʻini jadal innovatsion rivojlantirish boʻyicha

Izoh: *loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tender savdolari natijalariga koʻra tuzatishlar kiritilishi lozim.

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.