PF-5438-son Farmon · 08.05.2018

Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5438
  • Qabul qilingan sana:08.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:10.05.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/18/5438/1189

Mamlakatda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi ustuvor yoʻnalishlari hamda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash vazifalari prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish zaruriyatini taqozo etmoqda.

Oʻtgan davr mobaynida huquqni qoʻllash holatini kompleks tahlil qilish, qonunbuzilishlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrish, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini taʼminlash, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yuzasidan prokuratura organlari xodimlarini zarur bilim va koʻnikmalarga oʻrgatish borasida muayyan taʼlim va ilmiy salohiyat shakllantirildi.

Xususan, 2007-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tuzilmasida rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish bilan shugʻullanuvchi Oliy oʻquv kurslari faoliyat yuritmoqda. Oliy oʻquv kurslarida 2007 — 2017-yillar davomida 4 318 nafar xodimning malakasini oshirish va 186 nafar rahbar kadrlarni qayta tayyorlash taʼminlandi.

Shu bilan birga, prokuratura organlari faoliyatining mutlaqo yangi yoʻnalishlari belgilanganligi, ularning amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlardagi oʻrni kuchaytirilganligi yuklatilgan vazifalarni samarali bajara oladigan munosib kadrlar tarkibini shakllantirishni talab etmoqda.

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida:

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

prokuratura organlari xodimlarida bilim va koʻnikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, shaxsiy va ishchanlik sifatlarini rivojlantirish va takomillashtirishni, qonunlarga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishi yuzasidan adolat va masʼuliyat kabi yuksak tuygʻularini shakllantirish va mustahkamlashni taʼminlovchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish;

zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, masofaviy taʼlimni, oʻqitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish;

prokuratura organlari faoliyatini ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish, qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini qoʻriqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish;

qonunchilikni takomillashtirish va yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish boʻyicha ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish;

oʻqitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bogʻliqlikka tayangan holda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash;

prokuratura organlari faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;

huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida oʻzaro hamkorlik masalalari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish;

prokuratura organlari faoliyatini psixologik jihatdan taʼminlash, nomzodlarni xizmatga qabul qilishda kasbiy-psixologik tanlov oʻtkazish, prokuratura organlaridagi maʼnaviy-psixologik muhitni oʻrganish va uni yaxshilash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, normativ-huquqiy, metodik va tahliliy xususiyatga ega boʻlgan maʼlumotlarni almashish, oʻquv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, pedagog, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning stajirovkalarini tizimli ravishda tashkil etish sohalarida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

oʻquv jarayonining sifatini oshirish boʻyicha tajriba almashish, saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida yuridik kadrlarni tayyorlovchi, qayta tayyorlovchi va ularning malakasini oshiruvchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot, shu jumladan xorijiy davlatlar muassasalari bilan samarali idoralararo hamkorlikni chuqurlashtirish;

jinoyatlarning sodir etilishi sabab va sharoitlarini oʻrganish va diagnostika qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi holatini tahlil qilish, shu jumladan alohida turdagi jinoyatlarning oldini olish;

jinoyatchilik holati oʻzgarishini kriminologik prognoz qilish, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini metodologik va konsultativ taʼminlash.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-oktabrdagi PF-5566-sonli Farmoniga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2018-y., 06/18/5566/2153-son)

3. Belgilansinki:

a) Akademiyada kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirish quyidagi dasturlar boʻyicha amalga oshiriladi:

prokuror-tergov ishi va prokuratura organlarida ish yuritishni tashkil qilish asoslarini oʻqitishga yoʻnaltirilgan, davomiyligi 576 soatdan kam boʻlmagan prokuratura organlariga birinchi marotaba xizmatga qabul qilingan xodimlarni birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlash;

(3-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

prokuror-tergov va tahliliy ishlarni yuritish, norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish yuzasidan kasbiy bilim hamda koʻnikmalarni chuqurlashtirishga, shuningdek, ishni tashkil etishning innovatsion shakllari va metodlarini hamda boshqaruv asoslarini oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan, davomiyligi 576 soatdan kam boʻlmagan prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash;

qonunchilikdagi yangiliklar mazmun-mohiyatini yetkazish, kasbiy koʻnikma va malakalarni takomillashtirish, prokuror-tergov ishining ilgʻor yutuqlarini oʻrgatish, shuningdek, prokuratura organlari xodimlari faoliyatidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan, davomiyligi 144 soatdan kam boʻlmagan prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirish;

b) prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi;

v) prokuratura organlariga birinchi marotaba xizmatga qabul qilingan xodimlar prokuratura ish oʻrganuvchilari lavozimiga tayinlanishi bilanoq mazkur Farmon 3-bandi “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan kasbiy qayta tayyorlashdan oʻtadilar.

(3-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Akademiyada 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab magistrlarni, shu jumladan, boshqa mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha oliy maʼlumotga va prokuratura organlarida kamida 5 yillik ish stajiga ega boʻlgan prokuratura organlari xodimlari hisobidan tayyorlash haqidagi taklifi bilan kelishilsin.

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida oʻquv jarayonini taʼlimning kunduzgi, kechki, sirtqi va masofaviy shakllari asosida tashkil etish huquqi berilsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Akademiya prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun masʼul taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi boʻlib hisoblanadi;

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

prokuratura organlari xodimlari kelgusida prokuratura organlarining oʻzlari egallab turgan lavozimiga teng boʻlgan boshqa lavozimlarida xizmatni davom ettirishini taʼminlagan holda Akademiyada xizmat oʻtash uchun rotatsiya tartibida jalb etilishi mumkin;

Akademiya xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;

darajali unvonga ega boʻlgan Akademiya xodimlari prokuratura organlari tarmoqlarida stajirovka oʻtash davrida prokuratura organlari xodimlarining tegishli vakolatlaridan foydalanadilar va maqom boʻyicha Akademiya tegishli tarmoqlari (boʻlimlari)ning prokurorlari boʻlib hisoblanadilar;

Akademiya xodimlariga Davlat budjeti hisobidan prokuratura organlari xodimlari uchun belgilangan alohida mehnat sharoitlari uchun har oylik ustama hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa ragʻbatlantiruvchi qoʻshimcha haq va ustamalar toʻlanadi;

(6-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-noyabrdagi PF-6118-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2020-y., 06/20/6118/1562-son)

(6-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

oliy taʼlim hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqishga qabul qilish va oʻqitish talablari Akademiyaga nisbatan tatbiq etilmaydi. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish talablari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

8. Akademiyaga yetakchi oʻquv muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning yuqori malakali mutaxassis va ekspertlarini shartnoma asosida oʻquv jarayoniga jalb qilishga ruxsat berilsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PF-257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 06/22/257/1049-son)

9. Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar Akademiyaga oʻquv jarayonini samarali tashkil etish, shu jumladan, tajribali mutaxassislarni jalb etish hamda ilmiy-amaliy stajirovkalarni tashkil etish borasida har tomonlama koʻmaklashsin.

10. Akademiya:

Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirlik va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari;

Akademiya axborot-resurs markazini mustahkamlash uchun bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nazorat nusxalari (bir nusxada);

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sudi, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.

(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

11. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi uch oy muddatda:

Akademiya Ustavini, prokuratura organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari toʻgʻrisidagi Nizomni, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari oʻquv rejalari va dasturlarini, Akademiya magistraturasiga qabul qilish va oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin;

Mazkur Farmon talablariga muvofiq Akademiya shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlasin;

Akademiyani oʻqitishning zamonaviy shakl va uslublarini qoʻllash koʻnikmalariga hamda amaliy ish tajribasiga ega, shuningdek, xorijiy tillarni egallagan malakali kadrlar bilan toʻldirsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi:

(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

Akademiyaning oʻquv jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan, videokonferensaloqa va masofaviy taʼlim usullaridan foydalangan holda “Elektron taʼlim” milliy tarmogʻiga ulanishini;

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondiga va yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlariga doimiy va uzluksiz ravishda kirishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Farmon talablariga muvofiq Akademiyaga zarur mablagʻlarni 2018-yil uchun ajratsin, 2019-yildan boshlab esa ularni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Akademiyani joylashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi binolarining yagona majmuini qurish doirasida Akademiya qurilishini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 7-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy oʻquv kurslarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-727-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining baʼzi qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 8-may,

PF-5438-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PF-5438-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PF-5438-son Farmoniga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining baʼzi qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-5019-son Farmoni 1-ilovasida “Oliy oʻquv kurslari” bloki “Bosh prokuratura Akademiyasi” bloki bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-sentabrdagi PQ-2036-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari va muassasalarida xizmatni oʻtash toʻgʻrisidagi Nizomda:

a) 18-bandda:

birinchi xatboshidagi “Oliy oʻquv kurslarida” soʻzlari “Akademiyasida” soʻzi bilan almashtirilsin;

uchinchi xatboshidagi “Rahbar kadrlarni qayta tayyorlash” soʻzlari “Rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turuvchi kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 26-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Fan nomzodi yoki falsafa doktori (Doctor of Philosophy), fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek, ularga tenglashtirilgan, xorijiy mamlakatlarda olingan hamda Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan tartibda tan olingan boshqa ilmiy darajalarga yoki professor yoxud dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan prokuratura organlari xodimlariga ular egallab turgan lavozimlaridan qatʼiy nazar, navbatdan tashqari tartibda “adliya kichik maslahatchisi” hamda “adliya maslahatchisi” darajali unvonlari beriladi. Ilmiy unvoni mavjudligi uchun xodimlarga qonun hujjatlariga muvofiq ustama haqlar toʻlanadi”;

v) 35-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“35. Navbatdagi adliya katta maslahatchisi darajali unvoni, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxiradagi kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash dasturi boʻyicha yoki Akademiya magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan prokuratura organlari xodimlariga beriladi”;

g) 62-banddagi “Oliy oʻquv kurslarida” soʻzlari “Akademiyasida” soʻzi bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 13-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2065-son qarori 1-ilovasi matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlarining mehnatiga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlari

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni tegishli xizmatlari bilan maxsus kelishuvni talab qiladigan mansabdor shaxslarning Roʻyxatidagi “Oliy oʻquv kurslari” soʻzlari “Akademiyasi” soʻzi bilan almashtirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-maydagi PQ-3016-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosida xizmatni oʻtash toʻgʻrisidagi Nizomning 25-bandining birinchi xatboshisidagi “rahbar kadrlarni qayta tayyorlash dasturi boʻyicha” soʻzlari “rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turuvchi kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash dasturi boʻyicha yoki magistraturasini” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 3-iyuldagi 339-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatchilarining lavozimlari Roʻyxatining “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy oʻquv kurslari” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Akademiyasi

Boshliq

Boshliqning birinchi oʻrinbosari

Boshliqning oʻrinbosari

Kafedra (boʻlim, markaz) boshligʻi

Professor

Dotsent

Katta oʻqituvchi

Oʻqituvchi

Boʻlim (markaz) katta prokurori

Boʻlim (markaz) prokurori

Bosh mutaxassisi

Yetakchi mutaxassis

1-toifali mutaxassis

2-toifali mutaxassis”.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PF-5547-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.