PQ-3729-son Qaror · 18.05.2018

Oʻzbekiston Respublikasida gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3729
  • Qabul qilingan sana:18.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:19.05.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3729/1238

Aholi salomatligini saqlash, barqaror sanitar-epidemiologik holatni taʼminlash va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha olib borilayotgan keng qamrovli ishlar natijasida mamlakatda epidemiologik barqarorlik taʼminlanmoqda.

Shu bilan birga, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, aholining epidemiologik xavfsizligini taʼminlashda, grippga ommaviy chalinish holatlarining oldini olishda, pandemik salohiyatga ega yangi yuqori patogen virusli infeksiyalarga qarshi kurashishda bir qator kamchiliklar mavjud.

Oʻtkazilgan tahlillar natijalari gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarning taʼsirchan profilaktikasi boʻyicha chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan shart-sharoitlar va muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda:

birinchidan, doimiy genetik oʻzgarishlar hamda odamlar uchun xavfli viruslarning paydo boʻlishi xavfi, shuningdek, migratsiya jarayonlarining jadallashuvi yuzaga kelayotgan infeksion tahdidlarga tezkor munosabat bildirishni talab qilmoqda va davolash-profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishni qiyinlashtirmoqda, jumladan mazkur sohada samarali xalqaro hamkorlik mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish zaruratini keltirib chiqarmoqda;

ikkinchidan, infeksiya yuqishi xavfi yuqori boʻlgan aholi toifasini vaksinoprofilaktika qilish darajasining hozirgi zamon talablariga mos kelmasligi grippga chalinish darajasining oshishi uchun sharoit yaratmoqda;

uchinchidan, roʻyxatga olish mexanizmlarining mukammal emasligi vaksinalar, tashxis qoʻyish toʻplamlari va virusga qarshi vositalarning oʻz vaqtida olib kirilishini qiyinlashtirmoqda;

toʻrtinchidan, import qilinadigan vaksinalar va virusga qarshi vositalarning oʻziga xos faolligi, shuningdek, import qilinadigan parranda va chorva mahsulotlarining odamlarga nisbatan xavfli viruslardan xoli ekanligi ustidan lozim darajadagi laboratoriya nazorati taʼminlanmayapti;

beshinchidan, davolash muassasalarini gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarga tezkor tashxis qoʻyish vositalari, virusga qarshi vositalar hamda shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlashda, shuningdek, grippga chalingan bemorlarning hayotiga xavf soluvchi holatlarni erta aniqlashda kamchiliklar mavjud;

oltinchidan, barcha ixtisoslikdagi shifokorlarning zamonaviy usullar bilan gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha malakasini oshirish jarayoni, shuningdek, shifokorlarning bemorlarni aniqlash va ularni oʻz vaqtida davolash boʻyicha faolligini ragʻbatlantirish lozim darajada tashkil etilmagan;

yettinchidan, gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalar muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, mahalliy vaksinalar, virusga qarshi vositalar, tashxis qoʻyish va davolash usullarini ishlab chiqish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, shuningdek, ushbu maqsadlarga investitsiyalar va grantlar jalb qilish boʻyicha ishlar sust olib borilmoqda.

Gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, osoyishta sanitar-epidemiologik holatni taʼminlash hamda aholi salomatligini saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash vazirligining gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolash sohasidagi ishlari qoniqarsiz deb topilsin.

2. Quyidagilar Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda boshqa masʼul idoralarning gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha asosiy vazifalari etib belgilansin:

umumjahon va mintaqaviy sanitar-epidemiologik holatning doimiy tahlili hamda monitoringini olib borish, mamlakatda gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarning tarqalishi tendensiyalari hamda keng tarqalishi mumkin boʻlgan holatlarni prognoz qilish;

gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalar muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish hamda ularni muvofiqlashtirish, vaksinalar, virusga qarshi vositalar va himoya vositalarining, ushbu kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish hamda davolashning innovatsion usullarini ishlab chiqish va joriy etish;

sogʻliqni saqlash muassasalari va aholini zarur hajmda dolzarb vaksinalar, virusga qarshi vositalar hamda shaxsiy himoya vositalari bilan oʻz vaqtida taʼminlash va ularning zaxirasini shakllantirish;

gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarning kompleks profilaktikasini, birinchi navbatda, yuqtirish va ogʻir oqibatlarga chalinish xavfi yuqori boʻlgan aholi toifasining umumiy vaksinatsiyasini tashkil etish orqali amalga oshirish;

keng tarqalishi mumkin boʻlgan gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarning ilk epidemiologik belgilarini aniqlash va kelgusida aholi oʻrtasida kasallanishni kamaytirish uchun kompleks shoshilinch chora-tadbirlarni amalga oshirish.

3. 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasida gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirliklar va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish uchun xorijiy davlatlarning, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari (qarzlari)ni va grantlarini hamda budjetdan tashqari boshqa mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblari boʻyicha grippning ogʻir shakllari va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalar paydo boʻlganda vaksinalar, virusga qarshi vositalar, shaxsiy himoya vositalari, erta tashxis qoʻyish uskunalari bilan taʼminlash va shoshilinch yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan keyingi yillarda zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

6. 2018-yil 1-avgustdan grippning ogʻir shakllariga va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarga chalingan hamda klinik-epidemiologik koʻrsatmalar boʻyicha parranda va hayvonlarda uchraydigan grippning yuqori patogen viruslarini hamda odamlar uchun xavfli boʻlgan boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarni yuqtirganlikda gumon qilinayotgan shaxslarga ushbu virus turlari boʻyicha majburiy tashxis qoʻyilishi belgilab qoʻyilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

yuqumli kasalliklar statsionarlarida, tugʻruq komplekslarida hamda perinatal markazlarda, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida va uning filiallarida grippga tashxis qoʻyish boʻyicha ekspress-testlarning hamda grippni davolovchi virusga qarshi maxsus vositaning qayta tiklanuvchi zaxirasi tashkil etilishini, shuningdek, oʻtkir respirator infeksiyalarning ogʻir shakllariga chalingan bemorlarni davolash uchun shu sohaga ixtisoslashgan statsionarlarning jonlantirish va intensiv terapiya boʻlimlari zarur asbob-uskunalar va sarflash materiallari bilan jihozlanishini taʼminlasin;

bir oy muddatda gripp yuqtirish va uning ogʻir asoratlarini boshidan oʻtkazish xavfi yuqori boʻlgan shaxslarni mavsumdan oldin vaksinatsiya bilan qamrab olish maqsadida ularning asoslantirilgan kontingentini, shuningdek, zarur moliyaviy mablagʻlar hajmini aniqlasin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ushbu kontingentning vaksinatsiyasini tashkil etish va vaksinalar xarid qilishni moliyalashtirish manbalarini belgilash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat veterinariya qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda yuqori patogen gripp viruslari va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishini nazorat qilish hamda uning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, uning oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlasin;

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarga qarshi vaksinalar, tashxis vositalari, virusga qarshi vositalar hamda shaxsiy himoya vositalarining mahalliy ishlab chiqarilishini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2018-yil 1-avgustga qadar muddatda gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish, davolash boʻyicha maqsadli ilmiy-tadqiqot faoliyatni tashkil etish, ilgʻor xorijiy ilmiy ishlanmalarni va yangi yuqori samarali vositalarni joriy etish tajribasini oʻrganish, keyinchalik innovatsion ishlanmalar natijalarini sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, uning Sogʻliqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti bazasida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tegishli institutlarini jalb etgan holda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlasin;

2018-yil 1-sentabrga qadar muddatda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining oʻquv dasturini takomillashtirish choralarini, jumladan oʻquv jarayoniga yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolash chuqur oʻrganilishini nazarda tutuvchi choralarni koʻrsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring oʻtkazilishini hamda oʻtkazilgan tadbirlar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda hisobotlar taqdim etib borilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi aholi oʻrtasida gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarni profilaktika qilish masalalari boʻyicha tizimli ravishda axborot-maʼrifiy ishlarni olib borsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari davolash-profilaktika muassasalarini ehtiyojga qarab gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarni samarali profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolash uchun zarur boʻlgan samarali shaxsiy himoya va tezkor-tashxis qoʻyish vositalari, virusga qarshi, patogenetik hamda boshqa vositalar va uskunalar bilan taʼminlasin.

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda osoyishta sanitar-epidemiologik holatni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish maqsadida Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning aholi salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini hisobga olib, 2019-yil 1-martga qadar muddatda 2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar dasturining loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

oʻzlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari R.S. Qosimov, R.R. Inoyatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 18-may,

PQ-3729-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-maydagi PQ-3729-son qarorigaILOVA

2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasida gripp va boshqa oʻtkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha

2018-yilda Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishida jami xarajatlar*:

Oʻzbekiston Respublikasi budjeti mablagʻlari 11,0 mlrd soʻm,

Xalqaro tashkilotlar mablagʻi — 59,9 mingAQSH dollari

* Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining dastlabki hisob-kitobi boʻyicha.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.