PQ-3724-son Qaror · 14.05.2018

Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3724
  • Qabul qilingan sana:14.05.2018
  • Kuchga kirgan sana:15.05.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3724/1261

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishda, shu jumladan elektron tijoratni rivojlantirishda muayyan natijalarga erishish imkonini berdi.

Shunga qaramay, mamlakatda elektron tijoratning toʻlaqonli bozorini yaratishga, tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning tashqi bozorlarga chiqishiga toʻsiq boʻlayotgan qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan:

birinchidan, elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning amaldagi tizimi soha taraqqiyotining jadal surʼatlardagi oʻzgarishlariga mos kelmaydi va oʻz navbatida aholi keng qatlami va tadbirkorlik subyektlari uchun elektron tijoratdan foydalanish imkonini taʼminlamaydi;

ikkinchidan, mahalliy tadbirkorlik subyektlariga tashqi bozorlarda toʻliq raqobatlashish, shuningdek, xarajatlarni optimallashtirish imkonini bermayotgan elektron tijorat orqali tovarlar (xizmatlar)ni eksport qilishning eskirgan byurokratik toʻsiqlari saqlanib qolmoqda;

uchinchidan, elektron tijoratni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish jarayoni lozim darajada yoʻlga qoʻyilmagan, bu esa iqtisodiyotni raqamlashtirish va tadbirkorlik faoliyati rivojlanishining toʻxtab turishiga olib kelmoqda;

toʻrtinchidan, mahalliy toʻlov tizimlarining mashhur xorijiy analoglari bilan integratsiyasi yoʻqligi, mamlakat tadbirkorlik subyektlarining elektron tijorat sohasidagi yetakchi xorijiy tashkilotlar bilan toʻliq xalqaro hamkorlikda ishlashlariga, shuningdek, mahalliy bozorning eksport salohiyati va raqobatbardoshligiga taʼsir qilmoqda;

beshinchidan, elektron tijorat imkoniyatlari va afzalliklarini, jumladan, tovarlar (xizmatlar) uchun, ayniqsa, joylarda naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish darajasi pastligicha qolmoqda, bu esa xufyona iqtisodiyot hajmining oshishiga va davlat budjetiga soliq tushumlarining kamayishiga olib kelmoqda;

oltinchidan, amaldagi soliqqa tortish tizimi elektron tijorat sohasidagi tadbirkorlik subyektlari, jumladan, axborot vositachilari faoliyatini kengaytirishni ragʻbatlantirmaydi, bu esa Internet tarmogʻi orqali mahsulotlarni xufyona ayirboshlash hajmi oshishiga olib kelmoqda, shuningdek, ushbu sohaga investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishni cheklamoqda.

Mamlakatda elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar (xizmatlar)ni Internet tarmogʻi orqali realizatsiya qilish uchun zamonaviy mexanizm va tartib-taomillarni joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini eksport qilish geografiyasini kengaytirish va hajmini oshirish maqsadida:

1. Belgilab qoʻyilsinki:

qonun hujjatlariga muvofiq elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan xizmatlar koʻrsatish jarayonida axborot tizimlari tomonidan shakllantiriladigan, bitimlardagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar tovarlar (xizmatlar) uchun toʻlovlarni tasdiqlovchi kvitansiyalar, talonlar, chiptalar va boshqa hujjatlarga tenglashtiriladi;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektron tijorat bitimlarini amalga oshirishda toʻlovlar virtual terminallar (E-POS) orqali xaridorga naqd pulni qabul qilganligi toʻgʻrisida elektron chek yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatni majburiy yuborgan hamda inkassatsiya qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda pul mablagʻlarini xizmat koʻrsatuvchi bankka topshirish sharti bilan naqd pul shaklida qabul qilinishi mumkin;

elektron tijorat subyektlari savdo faoliyatini amalga oshirishda toʻlov terminallaridan foydalangan holda tadbirkorlik subyektlarining korporativ bank kartalari, shuningdek, elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlovlarni qabul qilish huquqiga egadirlar;

xalqaro toʻlov tizimi orqali toʻlangan holda butunjahon Internet tarmogʻi orqali bitta invoys boʻyicha 5 ming AQSH dollarigacha tovar (xizmat)larni eksport qilishda xaridor bilan yozma shartnoma tuzish talab etilmaydi va barcha yuridik va jismoniy shaxslarga umumqabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq hisobot yuritgan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga axborot kiritmasdan hamda pochta aloqa xizmatlari koʻrsatish qoidalariga muvofiq yukning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan amalga oshirishga ruxsat etiladi;

(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2018-y., 06/18/5564/2137-son)

virtual terminallar (E-POS) shu turdagi nazorat-kassa mashinalari va toʻlov terminallariga tenglashtiriladi.

2. Belgilansinki, 2018-yil 1-iyuldan boshlab:

elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni yetkazib berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga uchinchi shaxslar (tovarlarni sotuvchilar) uchun toʻlovlarni keyinchalik ularni belgilangan tartibda inkassatsiya qilish sharti bilan qabul qilish huquqi beriladi;

elektron tijorat orqali sotiladigan tovarlar (xizmatlar) uchun ularning umumiy qiymatidan majburiy 15 foizli oldindan toʻlov toʻlash talabi bekor qilinadi;

elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli boʻlgan avtomobil transportida Oʻzbekiston hududi boʻylab yetkazib berishda shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yoʻlovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirish uchun litsenziya olish talab qilinmaydi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno;

elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash va yetkazib berishda ularning xavfsizligini taʼminlash tartibi va talablariga qatʼiy rioya qilgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda yetakchi xorijiy savdo maydonchalari (ebay, Amazon va boshqalar), toʻlov tizimlari (Paypal) bilan muzokaralar oʻtkazishni tashkil etsin va oʻtkazilgan muzokaralar yakuni boʻyicha mahalliy tadbirkorlik subyektlariga ushbu savdo maydonchalari va toʻlov tizimlari orqali tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish va hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini yaratish boʻyicha aniq takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni, ularni saqlash va yetkazib berish talablari va shartlarini inobatga olgan holda, realizatsiya qilish va yetkazib berish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

ikki oy muddatda elektron tijorat sohasida davlat miqyosidagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish mexanizmini inobatga olgan holda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar kiritsin;

mijozlarni mobil aloqa raqamiga bogʻliq holda masofadan identifikatsiya qilish mexanizmining samarali ishlashini taʼminlash maqsadida 2018-yil yakuniga qadar mobil aloqa tarmogʻi abonenti boshqa mobil aloqa tarmogʻiga oʻtganda telefon raqamini saqlab qolish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda elektron dasturiy mahsulotlar, axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini rasmiylashtirish, shu jumladan “bulutli texnologiyalar” xizmatini xarid qilish va unga obuna boʻlishning buxgalteriya hisobini yuritish va bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) tartibini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Markaziy bank bilan birgalikda 2018-yil yakuniga qadar mobil telefonlar (planshetlar) qoʻllanilishini inobatga olgan holda bank kartalari va naqd pul toʻlovlarini qabul qiluvchi yagona qurilmalarni (E-POS terminal va onlayn NKM bir qurilmada) joriy etish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2018-yil 1-iyulga qadar muddatda Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestrini (keyingi oʻrinlarda Milliy reyestr deb yuritiladi) yaratish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Milliy reyestrni yuritish elektron shaklda onlayn rejimda amalga oshiriladi;

Milliy reyestrga ixtiyoriy va bepul asosda tovar (xizmat)larni elektron tijorat orqali sotishdan olgan daromadlari umumiy sotilgan tovarlar (xizmatlar) hajmining kamida 80 foizini tashkil etuvchi, shu jumladan elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari, tovarlarni yetkazib berish, elektron hujjatlar va xabarlarni saqlash xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar kiritiladi.

9. Milliy reyestrni shakllantirish, yuritish va kelgusida rivojlantirish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga yuklansin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-noyabrdagi PF-200-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2024-y., 06/24/200/0981-son)

10. Milliy reyestrni yuritishning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

elektron tijorat ishtirokchilari toʻgʻrisidagi yagona elektron axborot bankini yaratish;

elektron tijoratni joriy etish va rivojlantirish holatining tizimli monitoringini olib borish va baholash, shu jumladan axborot tizimlari va resurslarini joriy qilishning samaradorligini oʻrganish;

elektron tijoratni samarali rivojlantirish uchun maqsadli tahlilini olib borish va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)

12. 2018 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 14-may,

PQ-3724-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-son qarorigaILOVA

2018 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.