Yuqori malakali murabbiy kadrlarni jalb qilgan holda iqtidorli yosh shaxmatchilarni tayyorlash, shaxmat boʻyicha milliy terma jamoaning amaldagi aʼzolari bilan doimiy aloqani taʼminlash, shuningdek, shaxmatni insonning aql va tafakkur jarayonini rivojlantiruvchi sport turi sifatida yanada ommalashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining:
majburiy maktab dasturlari doirasida ilovaga muvofiq 150 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarining oʻquvchilarini tajriba tariqasida shaxmatga oʻqitishni tashkil qilish;
Shaxmat boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabini Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi tasarrufiga berish;
2018-yil 1-sentabrdan boshlab mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha shaxmat klublari hamda shaxmatga oʻqitish va shaxmatchilar tayyorlashni amalga oshiruvchi boshqa sport muassasalari (keyingi oʻrinlarda shaxmat klublari deb yuritiladi) Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan holda majburiy akkreditatsiyadan oʻtkazilishi tartibini belgilash;
shaxmat klublari tomonidan oʻzlarining faoliyatlari haqida har chorakda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasiga hisobotlar taqdim qilish mexanizmini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda:
shaxmat klublarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
respublikadagi barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarida shaxmatga oʻqitishni bosqichma-bosqich qamrab olish, yuqori malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash, shaxmat klublari va umumiy oʻrta taʼlim maktablari shaxmat sinflarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini;
shaxmat klublari faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlar shaklini tasdiqlash tavsiya etilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi PQ-4954-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2021-y., 07/21/4954/0036-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi bilan birgalikda 2018-yil 20-avgustga qadar umumiy oʻrta taʼlim maktablarida shaxmatga oʻqitish boʻyicha taʼlim dasturlarini tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
barcha shaxmat klublarining pasportlashtirishdan oʻtkazilishini taʼminlasin;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-avgust,
PQ-3906-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-avgustdagi PQ-3906-sonli qaroriga ILOVA
Tajriba tariqasida shaxmatga oʻqitish tashkil etilayotgan umumiy oʻrta taʼlim maktablari