[Koʻchirma]
Keyingi yillarda respublikamizda hududlarni kompleks rivojlantirishga, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida va samarali hal qilishga qodir mahalliy ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ishlarning haqiqiy ahvolini oʻrganish iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining eng muhim muammolarini tezkor hal qilishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:
birinchidan, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda kompleks yondashuv hamda hokimlar va ular oʻrinbosarlarining davlat boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalari bilan yaqin oʻzaro hamkorligi yoʻlga qoʻyilmagan;
ikkinchidan, mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻziga xos boʻlmagan bir qator vazifa va funksiyalar yuklatilgan boʻlib, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlari mavjud emas, oqibatda hokimliklar huzurida maʼmuriy va boshqaruv funksiyalariga ega boʻlgan alohida kvazidavlat korxona va tashkilotlar tuzilmoqda;
uchinchidan, davlat hokimiyati vakolatlariga ega boʻlgan koʻp sonli idoralararo hududiy kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar)ning mavjudligi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifa va funksiyalari almashishiga, qabul qilinayotgan qarorlar va aniq natijalarga erishish uchun masʼuliyatning yoʻqolib borishiga olib kelmoqda;
toʻrtinchidan, Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi tartibsiz qurilishlarga olib kelmoqda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermayapti, shuningdek, ijtimoiy obyektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirishni hisobga olgan holda poytaxtni faol ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda;
beshinchidan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi tartibi ularga yuklatilgan vazifalar, funksiyalar va masʼuliyat hajmiga mos kelmaydi, bu esa ularning ish samaradorligiga taʼsir qilmoqda;
oltinchidan, deputatlik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari lozim darajada ishga solinmagan, xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini tashkil etishning amaldagi tartibi mahalliy ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan nazoratni toʻliq taʼminlamaydi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, ularning tegishli hududdagi eng muhim muammolarni hal qilishdagi rolini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasining vazifalariga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligining 2018-yil 1-sentabrdan Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish haqidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifi qabul qilinsin:
Toshkent shahar va uning tarkibiga kiruvchi tumanlar (keyingi oʻrinlarda tumanlar deb yuritiladi) hokimliklari boshqaruv apparatlari negizida xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida tegishli hokim tomonidan tuzilmasi va shtatlari belgilanadigan va oʻzgartiriladigan Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlarini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Toshkent shahar hududiy boshqarmalari rahbarlarini Toshkent shahar hokimi tomonidan tegishli vazir bilan kelishilgan holda, ularning tuman boʻlinmalari rahbarlarini esa tegishli hududiy davlat boshqaruvi organi rahbari bilan kelishilgan holda tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-noyabrdagi PF-6119-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2020-y., 06/20/6119/1570-son)
Toshkent shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari ishtirokidagi davlat hokimiyati vakolatlariga ega boʻlgan hududiy idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar va boshqalar)ni ularning vazifa va funksiyalarini tegishli hududiy davlat boshqaruvi organlariga bergan holda keskin qisqartirish.
2. Quyidagilar tegishlicha Toshkent shahar va tumanlar hokimlari boʻysunuviga hamda Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlari tuzilmasiga oʻtkazilsin:
Toshkent shahar iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda tumanlarning iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari;
Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmasi va tuman hokimliklarining moliya boʻlimlari;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-noyabrdagi PF-6119-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2020-y., 06/20/6119/1570-son)
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining Toshkent shahri boʻyicha hududiy boshqarmasi va investitsiyalar boʻyicha tuman boʻlimlari;
Toshkent shahar turizm boshqarmasi.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/102/0541-son)
3. Toshkent shahrida mazkur Farmonning 2-bandida koʻrsatilgan davlat boshqaruvi organlari ishini tashkil etishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
a) respublika davlat boshqaruvi organlari:
tegishli sohalarda yagona davlat siyosatini;
davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini uslubiy taʼminlash va muvofiqlashtirishni;
tegishli tuzilmalarni malakali kadrlar bilan taʼminlashga qaratilgan yagona kadrlar siyosatini amalga oshiradi.
b) Toshkent shahar va tumanlar hokimlari Toshkent shahri va tumanlardagi hududiy davlat boshqaruvi organlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini tashkil etadi;
v) Toshkent shahridagi hududiy davlat boshqaruvi organlari Toshkent shahar hokimiga boʻysunadi va oʻz faoliyati toʻgʻrisida tegishli respublika davlat boshqaruvi organiga hisobot beradi;
g) Toshkent shahri tumanlaridagi hududiy davlat boshqaruvi organlari tuman hokimiga boʻysunadi va oʻz faoliyati toʻgʻrisida Toshkent shahridagi tegishli hududiy davlat boshqaruvi organiga hisobot beradi.
4. Toshkent shahar hokimligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi Kanallarni saqlash, foydalanish va taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashgan boshqarma negizida asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasini tashkil etish:
Toshkent shahri hududida joylashgan kanallar va ulardagi inshootlarni saqlash boʻyicha yagona texnika siyosatini olib borish;
Toshkent shahri hududida joylashgan kanallar va suv xoʻjaligi inshootlarining tegishli sanitar holati va texnik ishonchliligini taʼminlash;
kanallardan ishonchli foydalanish va ularni ishchi holatda saqlash uchun tayyorlash;
kanallarni sanitar tozalashni kompleks va tubdan yaxshilash, kanallarga tutash hududlarni sanitar, ekologik meʼyor va qoidalarga muvofiq obodonlashtirish vazifalarini amalga oshirish;
kanallarning shahardan oʻtadigan qismlarini, ular oʻzanlarini betonlash yoʻli bilan rekonstruksiya qilish, qirgʻoq boʻylarida zamonaviy landshaft meʼmorchiligi usullarini qoʻllagan holda rekreatsion hududlarni shakllantirish;
ajratilgan mablagʻlar, moddiy-texnika resurslari, maxsus texnika va asbob-uskunalardan foydalanish samaradorligini, jumladan suv va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etgan holda oshirish.
b) Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasida asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamentini tashkil etish:
shahar transportini tartibga solish va rivojlantirishning samarali mexanizmlarini tashkil etish, boshqarish, ishlab chiqish va qoʻllash tizimini takomillashtirish;
transport va yoʻl-transport infratuzilmasi, shuningdek, avtomobil toʻxtash joylarini rivojlantirish sohasida shahar dasturlarini ishlab chiqish;
shahar yoʻlovchi transporti faoliyat yuritishining ishonchliligi, xavfsizligi va qulayligini oshirish;
yoʻllar, yoʻl obyektlari va yoʻl-transport inshootlaridan foydalanish samaradorligini taʼminlash uchun yoʻl harakatini tashkil etishning xavfsiz va samarali dasturlari va chizmalarini, shu jumladan yoʻl harakatini tartibga solish tizimlarini, zamonaviy intellektual axborot-kommunikatsiya tizimlarini rejalashtirish, loyihalash va joriy etish;
Toshkent shahar tashkilotlari, shu jumladan kommunal va ekspluatatsiya tashkilotlarining yoʻl-transport infratuzilmasi va yoʻl obyektlarini qurish va ulardan foydalanish sohasidagi faoliyatini tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, muvofiqlashtirish.
5. Quyidagilar:
Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi tugatilib, Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi;
Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimi tugatilib, Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari — Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimi;
Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari — Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi lavozimi;
Toshkent shahar hokimi devoni rahbari lavozimi joriy etilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq namunaviy tuzilmalarga asosan tegishli hududda ijro etuvchi hokimiyatga rahbarlik qiladi;
Toshkent shahar va tumanlar xalq deputatlari Kengashlari faoliyatining tashkiliy, moliyaviy, moddiy-texnikaviy va boshqa taʼminoti ularning mazkur Farmonga muvofiq tashkil etiladigan kotibiyatlari tomonidan, hokimlar va ular oʻrinbosarlarining taʼminoti esa — tegishli hokim devoni tomonidan amalga oshiriladi;
Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti Toshkent shahar hokimiga boʻysunadi;
Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi, shuningdek, Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamentining shtat birliklari Toshkent shahar hokimi tomonidan belgilanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar budjeti oʻrtasida taqsimlanadigan soliqlarning tasdiqlangan parametrlaridan oshirib bajarilgan summaning 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga tegishli qismi Toshkent shahri mahalliy budjetiga oʻtkaziladi.
(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil26-dekabrdagi PF-5607-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2018-y., 06/18/5607/2385-son)
7. Quyidagilar:
Toshkent shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari ishtirokidagi hududiy idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar) ularning vazifa va funksiyalarini 3-ilovaga muvofiq vakolatli organlarga oʻtkazgan holda;
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi davlat unitar korxonalari 4-ilovaga muvofiq oʻrnatilgan tartibda tugatilsin.
8. Toshkent shahar va tumanlar xalq deputatlari Kengashlariga:
mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan va deputatlar orasidan boʻlgan xalq deputatlari Kengashi kotibi boshchilik qiladigan doimiy asosda faoliyat yurituvchi xalq deputatlari Kengashi kotibiyatini tashkil etish, shuningdek, uning tuzilmasini tasdiqlash;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan deputatlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yuzasidan, shu jumladan hokimlar va davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini tizimli va tanqidiy tahlil qilish boʻyicha xalq deputatlari Kengashining har oylik ish rejalarini tasdiqlash va ijro etish orqali ishlarni kuchaytirish tavsiya etilsin.
9. Quyidagilarga:
a) xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga:
mahalliy budjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarish hisobiga xalq deputatlari Kengashlari kotibiyatlari xodimlarining faoliyatini baholash natijasiga koʻra ularning lavozim maoshlariga lavozim maoshining 200 foiziga qadar miqdorda ustama belgilash;
Toshkent shahar budjeti mablagʻlari hisobidan uning zaxira fondi miqdori doirasida va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligini keyinchalik xabardor etgan holda Toshkent shahri nomidan yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga kafolat va kafillik berish;
b) Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlariga mahalliy budjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarish hisobiga Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlari devoni, shuningdek, davlat boshqaruvi hududiy organlari xodimlarining faoliyatini baholash natijasiga koʻra ularning lavozim maoshlariga lavozim maoshining 200 foiziga qadar miqdorda ustama belgilash huquqi berilsin.
10. Toshkent shahri hududida 2018-yil 1-oktabrdan quyidagilar amalga kiritilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar budjeti oʻrtasida qayta taqsimlanadigan alohida turdagi tushumlar boʻyicha ajratmalar 5-ilovaga muvofiq;
tumanlar budjetlari daromadiga toʻliq hajmda kiritiladigan qoʻshimcha tushumlar 6-ilovaga* muvofiq.
11. Toshkent shahrining boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xaritasi”) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish vazifasi;
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF–5650-sonli Farmoni tahririda)
Toshkent shahar hokimi, vazirlik va idoralar rahbarlariga “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
12. Toshkent shahar hokimi 2018-yil 1-oktabrga qadar muddatda Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha xalqaro tanlov oʻtkazilishini taʼminlasin.
Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi funksiyasi Toshkent shahar hokimi devoniga yuklansin.
13. Quyidagilar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
tadbirkorlik subyektlarining davlat-xususiy sheriklik shartlarida jalb etiladigan mablagʻlari.
14. Toshkent shahar hokimi:
2019-yil 1-yanvarga qadar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;
2019-yil 1-dekabrga qadar tasdiqlangan Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi asosida Toshkent shahrining bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Vazirlik va idoralar Toshkent shahar hokimi devoniga Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqishda koʻmaklashsin, oʻz vakolatlari doirasida ushbu hujjatlarning oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi uchun zarur boʻlgan materiallar bilan taʼminlasin.
16. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlangunga va poytaxtni arxitektura jihatidan rivojlantirishning istiqbollari aniq belgilangunga qadar:
Toshkent shahrining eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish boʻyicha ishlarni olib borish taqiqlanadi;
Toshkent shahrining boshqa tumanlarida yangi turar joy massivlarini qurishda ijtimoiy obyektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish majburiy tartibda nazarda tutiladi.
17. Toshkent shahar hokimiga rentabelli investitsiya loyihalariga aholining boʻsh mablagʻlarini Toshkent shahrining obligatsiyalari yoki yangi tashkil etilayotgan xoʻjalik jamiyatlari aksiyalari shaklida qimmatli qogʻozlarni chiqarish orqali jalb etishga ruxsat berilsin.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Toshkent shahar hokimiga qimmatli qogʻozlarni chiqarish hamda joylashtirishda koʻmaklashsin.
(17-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-avgustdagi PF-6280-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2021-y., 06/21/6280/0811-son)
18. Toshkent shahar hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:
“Yagona buyurtmachi xizmati” IK, “Kapital qurilish boshqarmasi”, “Toshkent uy-joy qurilish boshqarmasi” va “Moddiy-texnik taʼminot boshqarmasi” davlat unitar korxonalari negizida davlat unitar korxonasi shaklidagi “Toshkent qurilish invest” injiniring kompaniyasini tashkil etish hamda uni Toshkent shahri hududida markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlashni tashkillashtirish boʻyicha yagona buyurtmachi sifatida belgilash;
“Maʼmuriy binolardan foydalanish departamenti” davlat unitar korxonasi negizida davlat unitar korxonasi shaklidagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazini tashkil etish hamda uning zimmasiga munitsipal mulkni, shu jumladan munitsipal mulk hisoblangan davlat korxonalari va xoʻjalik jamiyatlari ustav fondidagi ulushlarni samarali boshqarish vazifalarini yuklash haqidagi takliflari maʼqullansin.
Toshkent shahar hokimiga munitsipal aktivlarni boshqarish va ularni ijaraga berishdan tushadigan daromadlarning bir qismini, jumladan Toshkent shahar hokimi devonining faoliyatini moddiy-texnik taʼminlash va uning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.
19. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq tashqi reklama obyektlarining inshootlarini joylashtirish uchun taqdim etiladigan hududlar roʻyxatlarini shakllantirish Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Belgilansinki, ruxsatnoma berishdan kelib tushadigan barcha mablagʻlar elektron auksion savdolarini oʻtkazish xarajatlarini chegirib tashlagan holda Toshkent shahri tumanlari budjetlariga yoʻnaltiriladi.
20. Toshkent shahar hokimi real vaqt rejimida quyidagi imkoniyatlarni taqdim etuvchi Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonining interfaol portallarini yaratishni taʼminlasin:
a) fuqarolardan mahalliy budjetning muayyan qismini, shu jumladan Toshkent shahrini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamgʻarmasining mablagʻlarini, Toshkent shahri obligatsiyalarini chiqarish hisobidan jalb etilayotgan mablagʻlarni eng koʻp ovoz olgan maqsadlarga yoʻnaltirish boʻyicha takliflar olish;
b) mahalliy budjetga tushumlarni kuzatish, shuningdek, amalga oshirilayotgan tadbirlarni va ularga sarflangan mablagʻlarni shaffofligi va ochiqligini taʼminlagan holda qayd etish orqali ularning sarflanishini monitoring qilish;
v) Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonlarining tegishli hudud aholisi bilan quyidagilar orqali hamkorligini amalga oshirish:
poytaxt aholisidan uy-joy kommunal, transport va boshqa infratuzilmani takomillashtirish, hududlarni obodonlashtirish masalalari boʻyicha takliflarni qabul qilish;
hokimlar va hokim devoni xodimlarining poytaxt aholisi taklif va mulohazalariga tezkor javob berish;
poytaxt aholisi takliflari va mulohazalarining ijrosini nazorat qilish;
Toshkent shahrida arzon uy-joyga talabgor shaxslarning navbati va roʻyxatini ochiq shakllantirish;
hududlarni rivojlantirish, obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlarini joylashtirish, tadbirkorlik subyektlarining takliflarini qabul qilish;
poytaxt aholisi ovoz berishi yakunlari boʻyicha tumanlar hokimlari va hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining reytingini aniqlash.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga:
xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirishda koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga koʻrib chiqish uchun kiritilayotgan masalalarni xalq deputatlari Kengashlari yigʻilishlarida muhokama qilish amaliyotini joriy etish;
xalq deputatlari Kengashlari murojaatlari boʻyicha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini oʻz majlislarida koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda Toshkent shahrida kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va huquq-tartibotni taʼminlash uchun masʼul boʻlinmalarni belgilash boʻyicha takliflar kiritsin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati organlariga xos boʻlmagan va bir-birini takrorlovchi funksiyalarni aniqlash nuqtai nazaridan qonun hujjatlarini xatlovdan oʻtkazsin, natijasi boʻyicha ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ommaviy mulkni respublika va munitsipal mulkka aniq ajratish yuzasidan takliflar kiritsin;
mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, tartibga solish boʻyicha qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritsin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
2018-yil 1-dekabrga qadar muddatda xalqaro tajribani inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “Oʻzbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini kiritsin;
Toshkent shahrida oʻtkazilgan huquqiy eksperiment yakunlariga koʻra, 2019-yil 1-iyulga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasini kiritsin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu Farmonga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahri mahalliy budjeti parametrlariga oʻzgartishlar kiritsin.
27. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi mazkur Farmon talablari ijro etilishida mahalliy budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli ravishda nazoratni amalga oshirsin.
28. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-avgust,
PF-5515-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi PF-5515-son Farmoniga 1-ILOVA
Toshkent shahar ijro hokimiyati organlarining
Izoh. Toshkent shahar ijro hokimiyati organlari tuzilmasi va shtatlari xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda hokim tomonidan belgilanadi va oʻzgartiriladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi PF-5515-son Farmoniga 2-ILOVA
Toshkent shahar tumanlari ijro hokimiyati organlarining
Primechaniye. Toshkent shahar tumanlari ijro hokimiyati organlari tuzilmasi va shtatlari tegishli xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida Toshkent shahar hokimi bilan kelishilgan holda tuman hokimi tomonidan belgilanadi va oʻzgartiriladi.
* Olmazor tumani hokimi apparatida.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi PF-5515-son Farmoniga 3-ILOVA
Toshkent shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari ishtirokidagi tugatilayotgan hududiy idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi PF-5515-son Farmoniga 4-ILOVA
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi oʻrnatilgan tartibda tugatiladigan davlat unitar korxonalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi PF-5515-son Farmoniga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va Toshkent shahar budjeti oʻrtasida qayta taqsimlanadigan alohida turdagi tushumlar boʻyicha ajratmalar miqdori
№ Tushumlar turi Ajratmalar miqdori, foiz hisobida Toshkent shahar budjeti Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti Vakolatli organ yoki Davlat xizmatlari agentligining maxsus hisobi I. LITSENZIYA BERISH UCHUN DAVLAT BOJLARI 1. Nodavlat taʼlim xizmati koʻrsatish sohasida faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish va uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun davlat boji (maktabgacha va maktabdan atshqari taʼlim qismida). 80 20 2. Dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana realizatsiyasini amalga oshirishga litsenziya berish va uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun davlat boji. 80 20 3. Turistik faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olish uchun davlat boji. 80 20 4. Veterinariya faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olish uchun davlat boji. 80 20 5. Telekommunikatsiya sohasida faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji (teleradioeshittirishlarni (translyatsiya)tarqatish tarmoqlarining xizmat koʻrsatish qismida – kabel tarmogʻi boʻyicha teleradiodasturlarni qayta translyatsiya qilish va maʼlumotlar yetkazuvchi tarmoqlar provayderining, shu jumladan “Internet”, maʼlumotlar yetkazuvchi operatorlarning tarmoqlari orqali xizmat koʻrsatish). 50 50 II. RUXSATNOMA BERISHDAN TUSHGAN YIGʻIMLAR 8. Konsert-tomosha tadbirlarini tashkillashtirish uchun ruxsatnoma berish yigʻimi. 80 20 9. Davlat mulki boʻlgan yer uchastkalari, binolar va inshootlarda reklama konstruksiyalarini inshootlarda oʻrnatishga ruxsatnoma berish, shuningdek tashqi reklama oʻrnatilgan obyektlar uchun har oyda toʻlanadigan yigʻimlar. 100* III. BOSHQA TUSHUMLAR 10. Yoʻl harakati xavfsizligi buzilgani uchun jarimalardan kelgan tushumlar. 15 30 55 11. Auksion oʻtkazish orqali avtotransport vositalariuchun oshirilgan toʻlov stavkalari boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilgan davlat raqami belgisini berishdan kelgan tushumlar. 50 20 12. Miunitsipal mulkni ijaraga berishdan kelib tushadigan mablagʻlar. 75 25**
Izohlar:
* elektron auksion savdolarini oʻtkazish harajatlaridan tashqari;
** davlat mulkini balans saqlovchisiga ― 15 foiz, Davlat mulkining ijara markaziga ― 10 foiz.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi PF-5515-son Farmoniga 6-ILOVA
Toshkent shahri tumanlarining budjetlari daromadiga toʻliq hajmda kiritiladigan qoʻshimcha tushumlar
* Izoh. Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladigan ajratmalardan tashqari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi PF-5515-sonli Farmoniga7-ILOVA
Toshkent shahrining boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)