PF-5366-son Farmon · 01.03.2018

Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitni amalga oshirish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5366
  • Qabul qilingan sana:01.03.2018
  • Kuchga kirgan sana:02.03.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/18/5366/1879

Respublikaning tranzit salohiyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, ishonchli tranzit transport yoʻllarini shakllantirish, Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitni amalga oshirish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida:

1. 2018-yilning 1-martidan boshlab avtomobil va temir yoʻl transporti orqali alkogol va tamaki mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit yoʻli bilan olib oʻtish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ruxsatnomasini berish tartibi shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarini avtomobil va temir yoʻl transporti orqali tranzit olib oʻtishda Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari depozit hisobraqamiga yuk tashuvchi tomonidan bojxona toʻlovlari toʻlanganining pullik taʼminoti summasini kiritish tartibi bekor qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S. Otajonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Koʻchkorov va Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 1-mart,

PF-5366-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PF-5366-sonli Farmoniga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim hujjatlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” 2012-yil 30-dekabrdagi PF-4494-sonli Farmoni ilovasining 5-bandi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiz soligʻiga tortiladigan ayrim turdagi tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit yoʻli bilan olib oʻtilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 4-oktabrdagi PQ-703-sonli qarori.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.