PF-5544-son Farmon · 21.09.2018

2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5544
  • Qabul qilingan sana:21.09.2018
  • Kuchga kirgan sana:22.09.2018
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/18/5544/1951

Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qoʻllagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga kirish yoʻlida tez va sifatli ilgarilashini taʼminlaydigan zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil ishlab chiqarishni modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, uning hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini koʻrsatdi.

Xususan, bu borada koʻplab koʻrsatkichlarning mavjud emasligi va ishlar samarali muvofiqlashtirilmagani sababli mamlakatimiz soʻnggi yillarda nufuzli va obroʻli xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingida ishtirok etmayapti.

Iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarining ilmiy muassasalar bilan oʻzaro hamkorligi darajasi pastligi, vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining innovatsion rivojlanish sohasidagi faoliyati lozim darajada muvofiqlashtirilmayotgani bu boradagi birinchi navbatdagi maqsadlar va vazifalarga erishish imkonini bermayapti.

Jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida mamlakatni jadal rivojlantirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini izchil taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda Strategiya deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq;

2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-avgustdagi PF-197-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.08.2022-y., 06/22/197/0765-son)

2. Belgilansinki:

a) mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish — Strategiyaning bosh maqsadidir;

b) bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

barcha darajada taʼlim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tiziminining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlash;

ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun taʼlim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish;

innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablagʻlar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;

boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;

mulkchilik huquqlari himoyasini taʼminlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;

barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

5. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi boʻlinmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari — vazirlik va idoralarning Strategiyada va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, shuningdek, ular ijrosi borishini har chorakda muhokama qilish uchun;

vazirlik va idoralar rahbarlari — ilmiy-taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini, mustaqil ekspertlarni (konsultantlarni), shu jumladan xorijiy mamlakatlardan keng jalb etgan holda Strategiyada va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi uchun;

davlat ilmiy-taʼlim muassasalari rahbarlari — Strategiyada va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni ilmiy-tadqiqot jihatidan qoʻllab-quvvatlash, vazirlik va idoralarga maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun ilmiy taqdimotlar va maʼruzalar, tahliliy materiallar tayyorlashda har tomonlama koʻmaklashish uchun;

mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari — vaziyatni haqiqiy va sifatli oʻzgartirish uchun munosib sharoitlar yaratish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etish, hududlarni va ularning ijtimoiy infratuzilmasini Strategiyada va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar bilan uzviy bogʻliq holda rivojlantirish, shuningdek, vazirlik va idoralar bilan oʻzaro kelishilgan holda joylarda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish choralarini koʻrish uchun shaxsiy javobgarlik belgilab qoʻyilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Milliy statistika qoʻmitasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi har yili Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi uchun xalqaro tashkilotlarga zarur maʼlumotlar va koʻrsatkichlarni muntazam yuborilishini taʼminlasin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

7. Vazirlik va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari rahbarlari bilan kelishilgan holda bir oy muddatda maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha oʻzaro bogʻliq huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni nazarda tutadigan 3 yilga moʻljallangan rivojlanish dasturlarini tasdiqlasin, keyinchalik 3 yilga moʻljallangan yangi rivojlanish dasturlarini qabul qilsin.

8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar va mavzuga oid koʻrsatuvlarni muntazam tashkil etsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining raisi S.R. Xolmuradov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 21-sentabr,

PF-5544-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-sentabrdagi PF-5544-son Farmoniga 1-ILOVA

2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish

1-bob. Umumiy qoidalar

Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qoʻllagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim shartidir.

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgani islohotlarni mamlakatimizning jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga kirish yoʻlida tez va sifatli ilgarilashini taʼminlaydigan zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarga asoslangan holda amalga oshirishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil ishlab chiqarishni modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, uning hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotganini koʻrsatdi. Jumladan:

aholining oliy taʼlim bilan qamrab olinganlik darajasi past;

oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejalari va dasturlarini, talabalarni qabul qilish kvotasi miqdorini belgilashda, moliyaviy mablagʻlarni taqsimlashda mustaqil emas;

ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun masʼul vazirlik va idoralar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik lozim darajada emas, ilmiy-tadqiqot muassasalar va laboratoriyalar faoliyati lozim darajada muvofiqlashtirilmagan;

ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish darajasi past;

innovatsion menejment sohasida texnologiyalar transferini faol ilgari surish va amalga oshirishga qodir yuqori malakali mutaxassislar mavjud emas;

ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga ajratilayotgan budjet mablagʻlari yetarli emas;

ilmiy va innovatsion faoliyatni davlat tomonidan moliyalashtirish samarali va shaffof emas, budjetdan tashqari va xususiy jamgʻarmalar mablagʻlarini jalb etishni ragʻbatlantirish mexanizmlari mavjud emas, qarzni moliyalashtirishning ichki manbalari yetarli darajada rivojlanmagan;

intellektual faoliyat natijalarini himoya qilish lozim darajada emas, ushbu sohada, ayniqsa davlat organlari va tashkilotlarida malakali mutaxassislar mavjud emas;

qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari, ikkilamchi resurslarni energetik utilizatsiya qilish sohalarida innovatsion texnologiyalarni joriy etish darajasi past;

mamlakatda, ayniqsa davlat kompaniyalarida korporativ munosabatlar va korporativ boshqaruv prinsiplari rivojlanmagan, bunda xorijdagi eng namunali amaliyot inobatga olinmayapti;

mamlakatning yalpi ichki mahsuloti hajmida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sektorining ulushi kam.

Qayd etilgan kamchiliklar mamlakatimizning jadal innovatsion rivojlanishiga, investitsiyalarni jalb etishga, iqtisodiyotning oʻsishiga hamda davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarini rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu munosabat bilan quyidagi maqsadlar, vazifalar va asosiy yoʻnalishlarni nazarda tutadigan 2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini (keyingi oʻrinlarda Strategiya deb yuritiladi) ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etmoqda:

2-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari

1. Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish Strategiyaning bosh maqsadidir.

2. Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga borib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

barcha darajada taʼlim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlash;

ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun taʼlim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish;

innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablagʻlar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;

boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;

mulkchilik huquqlari himoyasini taʼminlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;

barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.

3-bob. Strategiyaning asosiy yoʻnalishlari

3.1. Fan, ixtirochilik va texnologiyalar transferini rivojlantirish

1. Loyihaviy boshqaruv mexanizmlaridan foydalangan holda dasturiy-maqsadli prinsip asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini oʻtkazishga davlat tomonidan buyurtma berish orqali tadqiqotlar tashkil etish mexanizmini joriy etish.

2. Yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.

3. Noyob ilmiy-texnik uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlarini tashkil etish.

4. Oʻzbekiston Respublikasida ilmiy faoliyat nufuzini oshirish.

5. Mamlakatimiz va xorijdagi ilmiy-texnik axborot manbalarini toʻplash, saqlash va qayta ishlashga, axborot fondlari, maʼlumotlar bazalari va banklarini shakllantirish, yuritish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan respublika, tarmoq va hududiy ilmiy-texnik axborot resurslari va tashkilotlaridan iborat davlat ilmiy-texnik axborot tizimini yaratish.

6. Intellektual mulk obyektlarini baholash mexanizmlarini takomillashtirish.

7. Texnologiyalar transferi boʻyicha milliy va hududiy ofislarni tashkil etish.

8. Ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun texnoparklar xabi, erkin iqtisodiy zonalar, erkin sanoat zonalari, kichik sanoat zonalari va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.

9. Xorijiy hamkorlar bilan mahalliy ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarish va uni tashqi bozorda sotish boʻyicha qoʻshma tashkilotlarni shakllantirish uchun davlat koʻmagini kuchaytirish.

3.2. Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish

1. Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini koʻpaytirish va 2021-yilga borib bu koʻrsatkichni yalpi ichki mahsulot hajmining 0,8 foiziga yetkazish.

2. Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish boʻyicha maxsus institutlar (innovatsiya jamgʻarmalari, innovatsiya banklari, venchur jamgʻarmalari) tashkil etish.

3. Mamlakatni innovatsion rivojlantirishni ragʻbatlantirish uchun bank kreditini olish tartib-taomillarini va talablarini soddalashtirish.

4. Innovatsion taraqqiyotni mikromoliyalashtirish tizimini takomillashtirish.

5. Ilmiy-texnologik rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va moliyalashtirishda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish.

6. Innovatsion loyihalar va salohiyatli investorlarning doimiy ravishda yangilab boriladigan yagona maʼlumot bazasini tashkil etish.

7. Innovatsion loyihalar uchun grantlar va texnik koʻmak mablagʻlarini olish va ulardan foydalanish tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini oshirish.

3.3. Infratuzilma va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish

1. Telekommunikatsiya sohasini normativ-huquqiy tartibga solish tizimini, shu jumladan davlat-xususiy sherikligi asosida tadbirkorlik subyektlari ishtirokini kengaytirish orqali takomillashtirish.

2. 2021-yilgacha axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xizmatlar eksporti ulushini ular umumiy hajmining 4 foiziga yetkazish.

3. Barcha operatorlar uchun xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanishni erkinlashtirish.

4. Aholini axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalaridan foydalanishga ragʻbatlantirish.

5. Startap loyihalar uchun texnopark tashkil etish orqali mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish tarmogʻini rivojlantirish.

3.4. Taʼlim tizimini takomillashtirish va inson kapitalini rivojlantirish

1. Oʻquv-tarbiya jarayoniga yangi taʼlim dasturlarini, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va smart-texnologiyalarni joriy etish orqali taʼlim muassasalarida oʻqitish sifatini yanada yaxshilash (elektron modullar tashkil etish va masofaviy oʻqitishni joriy etish).

2. Nogiron bolalar taʼlim va tarbiyadan teng sharoitda bahramand boʻlishi uchun sharoitlar yaratish maqsadida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, shu jumladan:

taʼlim muassasalarida koʻtarish qurilmalari, panduslar, sanitar xonalarda maxsus moslamalar oʻrnatish, tutqichlar, maxsus partalar, stollar va boshqa maxsus kompensator vositalari bilan jihozlash orqali “toʻsiqsiz muhit” yaratish;

imkoniyati cheklangan bolalarni integratsiyalashgan holda oʻqitish dasturlarini yaratish;

taʼlim muassasalarini tegishli kadrlar (pedagog-defektologlar, bolalarni ruhiy-pedagogik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutaxassislar) bilan taʼminlash.

3. Hududiy va milliy darajada taʼlim jarayoni natijalarini tizimli monitoring qilish asosida taʼlim sifatini va uning mamlakat innovatsion rivojlanishi darajasiga taʼsirini baholashning milliy tizimini ishlab chiqish va joriy etish.

4. Mehnat bozoridagi tendensiyalar oʻzgarib borishini hisobga olgan holda qayta tayyorlashga muhtoj yoshlar uchun kasb-hunar kollejlarida qisqa muddatli oʻquvlar tashkil etish.

5. Aholining oliy taʼlim bilan qamrab olinishini oshirish.

6. Tabiiy va texnik fanlar yoʻnalishlari boʻyicha talabalar ulushini koʻpaytirish.

7. Chop etilgan ilmiy maqolalar soni, ulardan iqtibos keltirish indeksi, xalqaro konferensiyalar va seminarlarda ishtiroki, olingan patentlari soni boʻyicha tanlab olingan sohadagi eng faol oliy taʼlim muassasalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash asosida oliy taʼlim muassasalari faoliyatining tadqiqot yoʻnalishini kuchaytirish.

8. Tarmoq va mintaqaviy iqtisodiyot ssenariylari boʻyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida innovatsion faoliyat rivojini prognozlashtirish tizimining alohida boʻgʻini sifatida yetakchi oliy taʼlim muassasalarida forsayt markazlarini tashkil etish. Oliy taʼlim muassasasining ichki va tashqi muhitini ilmiy-texnologik prognozlashtirishni taʼminlash, ularning texnologik va innovatsion muhitini va ustuvor innovatsion yoʻnalishlarini rivojlantirish.

3.5. Raqobatni rivojlantirish va maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirish

1. Xalqaro tajribani hisobga olgan holda korporativ huquqni rivojlantirish va korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplarini joriy etish.

2. Iqtisodiyotni taraqqiyotning innovatsion yoʻliga oʻtishini taʼminlaydigan raqobatbardosh bozorni shakllantirish va resurslardan samarali foydalanish.

3. Monopoliyaga qarshi siyosatni, shu jumladan davlat-xususiy sherikligini joriy etish hisobiga takomillashtirish, barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun tabiiy monopoliyalar subyektlari tovarlari, ishlari va xizmatlaridan foydalanishda teng sharoitlarni taʼminlash, monopol korxonalar mahsulotlariga narx shakllanishining samarali mexanizmlarini joriy etish.

4. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish va ichki bozorning monopollashuvini oldini olish.

5. 2021-yilga borib davlat kadastri ishlarini yuritishning toʻliq raqamlashtirilishini taʼminlash va mulkni roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomilini soddalashtirish.

6. Qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish ulushini 2025-yilga borib 20 foizdan ziyodga oshirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-sentabrdagi PF-5544-son Farmoniga 2-ILOVA

2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha

Izoh. Normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohalari va predmetiga qarab yaxlit bir hujjatga birlashtirilishi mumkin.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-avgustdagi PF-197-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.08.2022-y., 06/22/197/0765-son)

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.